13–BOB
Isroil xalqi begona nasllardan ajraladi
1 Oʻsha kuni xalqqa Musoning kitobidan oʻqib berildi. U yerda shunday yozilgan ekan : “Ommonliklar va Moʻabliklar Xudoning jamoasiga kirolmaydi, 2 chunki Isroil xalqi Misrdan chiqqanda, Ommonliklar va Moʻabliklar ularni non va suv bilan kutib olmadilar. Aksincha, Isroil xalqini laʼnatlash uchun Balomni yolladilar . Lekin Xudoyimiz laʼnatni duoga aylantirdi.” 3 Isroil xalqi Tavrot soʻzlarini eshitgach, Isroil jamoasidan hamma begona nasllarni chiqarib yubordi.
Naximiyoning islohotlari
Naximiyo Maʼbad xizmatkorlarining taʼminoti toʻgʻrisida qoidalar joriy qiladi
4 Bu voqea Quddus devori bagʻishlanishidan ancha oldin sodir boʻlgan edi. Oʻsha vaqtda Toʻviyoning qarindoshi Eliashab Xudoyimizning uyidagi omborxonalar uchun masʼul edi. 5 Eliashab Toʻviyo uchun Maʼbadga qarashli katta bir xonani boʻshatib beribdi. Ilgari bu xonada nazr qilingan don, xushboʻy tutatqilar va Maʼbad buyumlari saqlanardi. Egamiz bergan amrga muvofiq, levilarga, qoʻshiqchilarga, Maʼbad darvozabonlariga atalgan don, sharob, zaytun moyi ushrlari va ruhoniylarga atalgan nazrlar ham oʻsha xonada saqlanardi.
6 Bu ishlar sodir boʻlganda, men Quddusda emasdim. Bobil shohi Artaxshas hukmronligining oʻttiz ikkinchi yilida men shoh huzuriga ketgan edim. Maʼlum vaqt oʻtgach, shohdan ijozat soʻrab, 7 Quddusga qaytib keldim. Shundagina Eliashabning qilgan bu rasvo ishidan xabardor boʻldim. U Toʻviyoga Xudoning uyidagi bir xonani ajratib beribdi–ya! 8 Men qattiq gʻazablanib, Toʻviyoning barcha uy jihozlarini xonadan uloqtirib tashladim. 9 Soʻng, omborxonalar poklansin, deb buyruq berdim. Omborxonalar poklangach, Xudoning uyi buyumlarini, don nazrlarini va xushboʻy tutatqilarni oʻz joyiga qaytarib qoʻydirdim.
10 Shuningdek, levilarga hosilning oʻzlariga tegishli ulushlari berilmaganini ham bilib qoldim. Shu sababdan Maʼbadda xizmat qilib yurgan levilar va qoʻshiqchilar oʻzlarining dalalariga qaytib ketishgan ekan. 11 Yoʻlboshchilarga: “Nima uchun Xudoning uyini oʻz holiga tashlab qoʻydingizlar?!” deb tanbeh berdim. Levilar va qoʻshiqchilarni toʻplab, hammalarini oʻz vazifalariga qoʻydim. 12 Shundan keyin jamiki Yahudo xalqi don, sharob, zaytun moyi ushrlarini Maʼbad omborxonalariga olib kelishdi. 13 Ruhoniy Shalamiyoni, kotib Zodoʻxni va levilardan Podiyoni omborxonalarga masʼul qilib tayinladim. Mattaniyoning nabirasi Zakkur oʻgʻli Xanonni ularning yordamchisi qilib tayinladim. Ular ishonchli odamlar boʻlib, vazifalari birodarlariga ulushni taqsimlashdan iborat edi.
14 Ey Xudoyim! Qilgan bu ishlarimni yodingda tut, mendan marhamatingni darigʻ tutmagin. Sening uying uchun va uyingda oʻtkaziladigan sajda marosimlari uchun sadoqat bilan qilgan savob ishlarimni unutma.
Naximiyo Shabbat qoidalarini joriy qiladi
15 Oʻsha vaqtda men Shabbat kunlari uzum ezayotgan yahudiylarni koʻrardim. Uyum–uyum don, sharob, uzum, anjir va har xil yuklarni olib kelayotganlarni kuzatar edim. Ular bu narsalarni eshaklarga yuklab, Shabbat kuni Quddusga olib kelishar edi. Ular oʻz mahsulotlarini sotayotganlarida, men ularni ogohlantirib, bunday ishlarni Shabbat kuni qilmanglar, deb aytardim. 16 Quddusda yashayotgan Tirliklar ham baliq va har xil mahsulotlarni olib kelib, oʻshalarni Shabbat kuni Yahudo xalqiga Quddusda sotayotgan edilar. 17 Men Yahudo yoʻlboshchilariga tanbeh berdim: “Bu qilayotganlaringiz qabihlik–ku! Axir, Shabbat kunini bulgʻayapsizlar! 18 Xudo bizni va bu shaharni ota–bobolarimizning xuddi shunday qabihligi uchun jazolagan edi–ku! Endi esa sizlar Shabbat kunini bulgʻab, xalqimizning boshiga Xudoning qahr–gʻazabini yanada koʻproq olib kelyapsizlar.”
19 Shunda men buyruq berdim: “Shabbatdan oldin oqshom tushishi bilanoq Quddus darvozalari yopilsin, Shabbat tugamaguncha ochilmasin.” Shabbat kuni birortasi yuk olib chiqmasligi uchun darvoza oldiga odamlarimdan baʼzilarini oʻtqazib qoʻydim. 20 Shunda savdogarlar va har xil mahsulotlarni sotuvchilar tunni bir–ikki marta Quddusdan tashqarida oʻtkazdilar. 21 Men ularni ogohlantirib, shunday dedim: “Nega sizlar tunni devor ortida oʻtkazasizlar?! Agar yana shunday qilsangiz, sizlarni qamayman.” Oʻshandan keyin ular Shabbat kuni kelmay qoʻydilar. 22 Soʻngra men levilarga, oʻzlaringizni poklab kelib, Shabbat kunini muqaddas saqlash uchun shahar darvozalarini qoʻriqlanglar, deb buyruq berdim.
Ey Xudoyim! Qilgan bu ishlarimni ham yodingda tut, mendan marhamatingni darigʻ tutmagin. Buyuk sodiq sevging haqi menga shafqat qil.
Naximiyo begona xalqlar bilan quda–andachilik qilishni man etadi
23 Oʻsha kunlarda Ashdodlik , Ommonlik va Moʻablik ayollarga uylangan yahudiylar haqida xabar topgan edim. 24 Bolalarining yarmi ibroniy tilida gaplashishni bilmasdilar, Ashdod tilida yoki boshqa tilda soʻzlashardilar. 25-27 Shuning uchun men ularga tanbeh berdim, ularni laʼnatladim, baʼzilarini urdim, sochlarini yuldim. Ularga shunday dedim: “Hatto Isroil shohi Sulaymon bunday ayollarga uylanib, gunoh qilgan edi! Bir oʻylab koʻringlar! Xalqlar orasida Sulaymonga oʻxshagan shoh yoʻq edi. Xudo uni yaxshi koʻrib, uni butun Isroil ustidan shoh qilgan edi. Shunga qaramay, butparast ayollar uni gunohga boshladilar. Mana endi sizlar ham xuddi shunday gunohga qoʻl urganingizni eshitib turibman! Sizlar Xudoga qarshi oʻtaketgan qabihlik qilyapsizlar! Butparast ayollarga uylanib, Xudoga xiyonat qilyapsizlar!” Men Xudoning nomini oʻrtaga qoʻyib: “Biz bu yerdagi begona xalqlar bilan quda–andachilik qilmaymiz”, deb ularga qasam ichdirdim.
28 Yoʻxadax oliy ruhoniy Eliashabning oʻgʻli edi. Yoʻxadaxning oʻgʻillaridan biri Bayt–Xoʻronlik Sanballatning qiziga uylangan edi. Yoʻxadaxning oʻsha oʻgʻlini oldimdan haydab yubordim.
29 Ey Xudoyim! Bu uchala odamning qilmishini yodingda tut, ularning jazosini ber. Axir, ular ruhoniylikni bulgʻadilar , Sen ruhoniylar va levilar bilan tuzgan ahdni buzdilar.
Naximiyoning soʻnggi islohotlari
30 Shunday qilib, men xalqni begonalarning taʼsiridan pokladim. Ruhoniylar va levilarning burchlarini, har birining vazifasini belgilab berdim. 31 Qurbonliklarni kuydirish uchun oʻtinlarni oʻz vaqtida olib kelishni va birinchi hosildan ruhoniylar uchun nazrlarni olib kelishni yoʻlga qoʻydim.
Ey Xudoyim! Qilgan ishlarimni yodingda tut, mendan marhamatingni darigʻ tutmagin.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020