9–BOB
Isoning qiyofasi oʻzgaradi
1 Iso ularga yana dedi:
— Sizlarga chinini aytayin, bu yerda turganlardan baʼzilari borki, ular Xudoning Shohligi qudrat bilan kelishini koʻrmagunlaricha, oʻlmaydilar.
2 Oradan olti kun oʻtdi. Iso yoniga Butrus, Yoqub va Yuhannoni olib, baland bir toqqa chiqdi. U yerda, ularning koʻz oʻngida Isoning qiyofasi oʻzgarib ketdi. 3 Uning kiyimlari ham koʻzni qamashtiradigan darajada oppoq boʻlib qoldi, yer yuzida hech bir kir yuvuvchi bunday oqartira olmas edi.
4 Shunda shogirdlar Iso bilan gaplashib turgan Ilyos bilan Musoni koʻrishdi. 5 Butrus Isoga dedi:
— Ustoz, yaxshi ham shu yerda ekanmiz! Keling, uchta chayla yasaylik: bittasi Sizga, bittasi Musoga, bittasi Ilyosga.
6 Shogirdlar shunchalik qoʻrqib ketgan edilarki, Butrus nima deb aytayotganini oʻzi ham bilmas edi.
7 Shu paytda bulut paydo boʻlib, ularga soya soldi. Bulut orasidan shunday ovoz eshitildi:
— Bu Mening sevikli Oʻgʻlimdir , Unga quloq solinglar!
8 Birdaniga shogirdlar atrofga qarab, yolgʻiz Isodan boshqa hech kimni koʻrishmadi.
9 Togʻdan tushayotganlarida Iso ularga buyurdi:
— Inson Oʻgʻli oʻlib tirilmaguncha, bu koʻrganlaringizni hech kimga aytmanglar.
10 Ular bu haqda hech kimga aytmadilar, ammo oʻzaro: “Oʻlikdan tirilish nima degani ekan?” deb, bu xususda munozara qila boshladilar. 11 Ular Isodan soʻradilar:
— Nega Tavrot tafsirchilari, Masihdan oldin Ilyos kelishi kerak , deb aytadilar?
12 Iso ularga javoban dedi:
— Toʻgʻri, avvalo Ilyos kelib, hamma narsani tiklaydi. Xoʻsh, Muqaddas bitiklarda , Inson Oʻgʻli koʻp azob chekishi va xoʻrlanishi kerak, deb ham yozilmaganmi?! 13 Biroq Men sizlarga shuni aytaman: Ilyos allaqachon kelgan va u haqda yozilganidek, uni xohlaganlaricha xoʻrladilar .
Jinga chalingan bolaga Iso shifo beradi
14 Iso uch shogirdi bilan togʻdan tushganda, ular qolgan shogirdlari atrofiga yigʻilgan katta olomonni koʻrdilar. Baʼzi Tavrot tafsirchilari Isoning shogirdlari bilan bahslashayotgan edilar. 15 Odamlar Isoni koʻrib, hayratga tushishdi. Uning oldiga yugurib borib, salom berishdi.
16 — Nimalar toʻgʻrisida bahslashyapsizlar? — deb soʻradi Iso. 17 Olomon orasidan kimdir javob berdi:
— Ustoz! Sizning oldingizga oʻgʻlimni olib kelgan edim, uni jin chalgani uchun gapira olmaydi. 18 Jin uni qayerda tutib olsa, yerga yiqitadi. Oʻgʻlimning ogʻzidan koʻpik chiqadi, u tishlarini gʻichirlatib, qotib qoladi. Men shogirdlaringizga, jinni quvib chiqaringlar, dedim, ammo ular eplay olmadilar.
19 Iso bunga javoban:
— Ey imonsiz avlod! Qachongacha sizlar bilan birga boʻlishim kerak?! Sizlarga yana qancha toqat qilishim kerak?! Oldimga keltiringlar bolani! — dedi.
20 Bolani Isoning oldiga keltirishdi. Isoni koʻrishi bilanoq jin bolani qaltiratib tashladi. Bola yerga yiqildi–yu, ogʻzidan koʻpik oqizgancha agʻnab yotaverdi. 21 Iso uning otasidan:
— Qachondan beri u bunday ahvolga tushadi? — deb soʻradi.
— Bolaligidan shunaqa. 22 Jin uni halok qilmoqchi boʻlib koʻp marotaba olovga, suvga tashladi. Agar qoʻlingizdan kelsa, bizlarga rahm qiling, yordam bering, — dedi. 23 Iso unga shunday javob berdi:
— “Qoʻlingizdan kelsa” deganing nimasi?! Agar odam ishonsa, hamma narsaning imkoni bor.
24 Shu on bolaning otasi hayqirib yubordi:
— Ishonaman! Ishonchsizligimni yengishimga yordam bering!
25 Tomoshaga yigʻilayotgan xalqni koʻrgan Iso yovuz ruhga doʻq qilib:
— Ey gung qiladigan ruh, Men senga buyuraman: boladan chiqib ket! Bundan keyin hech qachon uning ichiga qaytib kirma! — dedi.
26 Shunda jin qattiq qichqirib yubordi–da, bolani shiddat bilan qaltiratib, undan chiqib ketdi. Bola oʻlikday boʻlib qolganidan, koʻpchilik uni oʻldi, deb aytdi. 27 Lekin Iso uni qoʻlidan ushlab turishiga yordam berdi, bola oyoqqa turdi.
28 Iso uyga kirdi. U yolgʻiz ekan, shogirdlari Undan:
— Nega biz jinni quvib chiqara olmadik? — deb soʻradilar. 29 Iso ularga dedi:
— Bu toifa jinlarni ibodatdan boshqa yoʻl bilan haydab boʻlmaydi.
Iso yana Oʻz oʻlimi haqida gapiradi
30 Iso va shogirdlari u yerdan joʻnab, Jalila hududidan oʻtdilar. Iso buni hech kim bilib qolishini istamas edi. 31 U shogirdlariga taʼlim berib, shunday dedi:
— Inson Oʻgʻli odamlar qoʻliga tutib beriladi. Uni oʻldirishadi, uchinchi kuni esa U tiriladi.
32 Shogirdlar esa bu soʻzlarni tushunmadilar, ammo Undan gaplarining maʼnosini soʻrashga botina olmadilar.
Eng katta kim?
33 Iso shogirdlari bilan Kafarnahum shahriga keldi. Uyda boʻlganda, shogirdlaridan soʻradi:
— Yoʻlda ketayotib nimalar haqida bahslashdingiz?
34 Ular indamadilar, chunki ular: “Oramizda eng katta kim?” deb oʻzaro bahslashgan edilar.
35 Iso oʻtirib, oʻn ikki shogirdini yoniga chaqirdi:
— Kim birinchi boʻlishni istasa, hammaning oxirida tursin va hammaga xizmatkor boʻlsin, — dedi.
36 Soʻngra bir bolani olib, ularning oʻrtasiga turgʻizib qoʻydi va bolani quchoqlagancha, shogirdlariga dedi:
37 — Kim shunday bolalardan birini Mening nomimdan qabul qilsa, u Meni qabul qilgan boʻladi. Kim Meni qabul qilsa, u Meni emas, balki Meni Yuborganni qabul qilgan boʻladi.
Bizga qarshi boʻlmagan — biz tomondadir
38 Yuhanno Isoga dedi:
— Ustoz! Biz bir odamni koʻrdik. U Sizning nomingiz bilan jinlarni quvib chiqarayotgan ekan. U biz bilan yurmagani uchun unga bunday qilishni man etdik.
39 Iso shunday dedi:
— Man etmang! Chunki Mening nomim bilan moʻjiza yaratgan biror bir kimsa darrov Meni yomonlay olmaydi. 40 Kim bizga qarshi boʻlmasa, u biz tomonda. 41 Sizlarga chinini aytay: Masihga tegishli boʻlganingiz uchun sizga bir piyola suv bergan har qanday odam albatta mukofotini oladi.
Yoʻldan ozdirish haqida
42 Iso soʻzida davom etdi:
— Menga ishongan shu kichiklarning birontasini yoʻldan ozdirgan odamning holiga voy. Bunday qilgandan koʻra, oʻsha odamning boʻyniga tegirmon toshini osib, uni dengizga tashlashgani oʻzi uchun yaxshiroq boʻlardi. 43-44 Agar yoʻldan ozishingga qoʻling sababchi boʻlsa, uni chopib tashla. Ikki qoʻling bilan soʻnmas doʻzax oʻtiga yoʻliqqaningdan koʻra, mayib boʻlib abadiy hayotdan bahramand boʻlganing yaxshiroqdir . 45-46 Agar yoʻldan ozishingga oyogʻing sababchi boʻlsa, uni chopib tashla. Ikki oyogʻing bilan doʻzaxga tashlangandan koʻra, choʻloq boʻlib abadiy hayotdan bahramand boʻlganing yaxshiroqdir . 47 Agar yoʻldan ozishingga koʻzing sababchi boʻlsa, uni oʻyib tashla. Ikki koʻzing bilan doʻzaxga tashlangandan koʻra, bir koʻzing bilan Xudoning Shohligiga kirganing yaxshiroqdir. 48 Doʻzaxning qurti ham oʻlmaydi, olovi ham oʻchmaydi . 49 Har bir odam olovda tuzlanib, poklanadi . 50 Tuz — yaxshi narsa. Lekin tuz oʻz shoʻrligini yoʻqotsa, qanday qilib tuzni shoʻr qila olasizlar?! Tuzday boʻlinglar, oʻzaro tinch–totuv yashanglar .