12–BOB
Yovuz bogʻbonlar haqida masal
1 Iso xalqqa masallar orqali soʻzlay boshladi:
“Bir odam uzumzor barpo qilibdi. Atrof–tevaragini devor bilan oʻrab, uzum siqish chuqurini qazibdi, kuzatuv minorasini quribdi. Keyin uzumzorni bogʻbonlarga ijaraga berib, oʻzi safarga ketibdi.
2 Yigʻim–terim mavsumida, uzumzor hosilidan tegishli ulushini olish uchun oʻsha odam xizmatkorini bogʻbonlar oldiga yuboribdi. 3 Bogʻbonlar esa uni tutib olishibdi, kaltaklab, qup–quruq qaytarib yuborishibdi. 4 Uzumzor egasi yana boshqa bir xizmatkorini ularning oldiga yuboribdi. Ular bunisini ham boshiga urib, haqorat qilibdilar . 5 Yana boshqasini yoʻllabdi, unisini esa oʻldirishibdi. U yana xizmatkorlarini yuboraveribdi, ammo bogʻbonlar ularning baʼzilarini urib, baʼzilarini oʻldirishibdi.
6 Uzumzor egasining endi birgina odami qolibdi, u ham boʻlsa, sevikli oʻgʻli ekan. U: «Oʻgʻlimni hurmat etarlar» deb, bogʻbonlar oldiga uni yuboribdi. 7 Lekin ular bir–biriga:
— Bu merosxoʻr–ku! Uni oʻldiraylik, shunda merosi bizga qoladi, — deyishibdi. 8 Oʻgʻlini ushlab, oʻldirib, jasadini uzumzordan chiqarib tashlashibdi.
9 Xoʻsh, sizningcha, endi uzumzor egasi nima qilar ekan? U kelib bogʻbonlarni oʻldiradi, uzumzorni esa boshqalarga ijaraga beradi.
10 Nahotki sizlar Muqaddas bitiklardagi ushbu soʻzlarni hech oʻqimagan boʻlsangiz:

«Binokorlar rad etgan tosh
Binoning tamal toshi boʻldi.
11 Bu Egamizning qilgan ishidir,
Koʻz oldimizdagi ajoyibotdir.»”

12 Iso aytgan bu masal yahudiy yoʻlboshchilarga qarshi qaratilgan edi. Ular buni anglab yetdilar–u, Isoni qoʻlga olmoqchi boʻldilar. Ammo xalqdan qoʻrqqanlari uchun Unga qoʻl tekkizmay ketib qoldilar.
Xudoning haqi Xudoga
13 Isoni tilidan ilintirish uchun Uning oldiga farziylardan va Hirod tarafdorlaridan baʼzilarini yubordilar. 14 Ular kelib dedilar:
— Ustoz, odil ekaningizni bilamiz. Siz biror kishiga xushomadgoʻylik qilmaysiz. Odamlarga yuz–xotir qilmasdan, Xudoning yoʻlini toʻgʻri oʻrgatasiz. Ayting–chi, Qaysarga soliq toʻlashimiz toʻgʻrimi yoki yoʻqmi? Biz soliq toʻlaylikmi yoki toʻlamaylikmi?
15 Iso ularning ikkiyuzlamachiligini bilar edi.
— Nima, Meni sinab koʻrmoqchimisizlar? Menga bir dinor olib kelinglar, uni bir koʻrayin, — dedi.
16 Ular olib kelgach, Iso soʻradi:
— Bu tangadagi surat va yozuv kimniki?
— Qaysarniki, — dedi ular. 17 Iso ularga:
— Qaysarning haqini Qaysarga, Xudoning haqini Xudoga beringlar, — dedi.
Buni eshitganlar hayratda qoldilar.
Qiyomat haqida savol
18 Sadduqiylar oʻliklarning tirilishini inkor etardilar. Ularning baʼzilari Isoning oldiga kelib, xalq oldida Unga shunday savol berdilar:
19 — Ustoz! Muso bizga shunday yozib qoldirgan : agar birovning akasi farzand koʻrmay oʻtib ketsa, ukasi akasining xotiniga uylanib, akasi uchun farzandni dunyoga keltirsin. 20 Xoʻsh, yetti aka–uka boʻlgan ekan. Birinchisi uylanibdi, soʻng nasl qoldirmay oʻlib ketibdi. 21 Ikkinchisi ham oʻsha xotinni olib, farzand koʻrmay olamdan oʻtibdi. Uchinchisi ham shu koʻyga tushibdi. 22 Shuningdek, aka–ukalarning yettovi ham farzand koʻrmay olamdan oʻtibdi. Oxirida xotin ham qazo qilibdi. 23 Ayting–chi, Xudo odamlarni tiriltirganda xotin qaysi birining xotini hisoblanadi? Yettovi ham unga uylangan edilar–ku!
24 Iso ularga shunday javob berdi:
— Sizlar Muqaddas bitiklarni ham, Xudoning qudratini ham bilmaysizlar, ana shu sababdan adashyapsizlar. 25 Oʻliklar tirilganda uylanmaydilar, erga ham tegmaydilar, balki bamisoli samodagi farishtalarday boʻladilar. 26 Oʻliklarning tirilishi haqidagi masalaga kelsak: nahotki sizlar hech qachon Musoning kitobini oʻqimagan boʻlsangizlar?! Yonayotgan buta toʻgʻrisidagi voqeada Xudo Musoga: “Men Ibrohim, Isʼhoq va Yoqubning Xudosiman”, — degan–ku! 27 Axir, Xudo oʻliklarning emas, tiriklarning Xudosidir. Sizlar nihoyatda adashyapsizlar.
Eng muhim ilohiy amr
28 Tavrot tafsirchilaridan biri ularning munozara qilayotganini eshitib, Isoning ularga yaxshi javob berib turganini koʻrdi. U Isoning oldiga kelib:
— Amrlarning eng muhimi qaysi biri? — deb soʻradi. 29 Iso unga javob berib dedi:
— Eng muhim amr shudir: “Ey Isroil, quloq sol! Egamiz Xudo tanho Egadir . 30 Egangiz Xudoni butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan, butun ongingiz bilan, kuchingiz boricha seving.” 31 Eng muhim amrlardan ikkinchisi: “Oʻzgani oʻzingizni sevganday seving.” Bulardan buyukroq amr yoʻq.
32 — Yaxshi gapirdingiz, Ustoz, — dedi Isoga tafsirchi. — Xudo tanhodir, Undan boshqa Xudo yoʻq, deb toʻgʻri aytdingiz. 33 Uni butun qalbimiz, butun idrokimiz bilan, kuchimiz boricha sevishimiz kerak. Oʻzgani ham oʻzimizni sevganday sevishimiz kerak. Kuydiriladigan va boshqa qurbonliklar keltirishdan bu aʼloroqdir.
34 Iso uning oqilona javob berganini koʻrib:
— Siz Xudoning Shohligidan uzoqda emassiz, — dedi.
Shundan keyin hech kim Isoga savol berishga jurʼat etmadi.
Masih kimning oʻgʻli?
35 Iso Maʼbadda taʼlim berayotib, shunday savol berdi:
— Qanday qilib Tavrot tafsirchilari Masihni Dovudning Oʻgʻli deydilar? 36 Dovudning oʻzi Muqaddas Ruh ilhomi bilan deganki:

“Egamiz aytmoqda Rabbimga:
Dushmanlaringni oyoqlaring ostiga yiqitmagunimcha,
Sen Mening oʻng tomonimda oʻtirgin.”

37 Demak, Dovudning oʻzi Masihni Rabbim deb atagan boʻlsa, qanday qilib Masih Dovudning Oʻgʻli boʻladi?!
Bir talay olomon Isoni ishtiyoq bilan tinglar edi.
Iso soxta dindorlik toʻgʻrisida ogohlantiradi
38 Iso xalqqa nasihat qilib, yana shunday dedi:
— Tavrot tafsirchilaridan ehtiyot boʻlinglar! Ular uzun kiyimlar kiyishni yaxshi koʻradilar, bozorlarda yurganda ularga salom berishlarini, 39 sinagogalarda yaxshi joylarda oʻtirishni, ziyofatlarda toʻrda oʻtirishni yoqtiradilar. 40 Ammo beva ayollarning uy–joylarini tortib oladilar, xoʻja koʻrsinga uzoq duo oʻqiydilar. Bunday odamlar nihoyatda qattiq jazoga mubtalo boʻladilar.
Beva ayolning xayr–ehsoni
41 Iso Maʼbad xazinasi qarshisida oʻtirib, ehson qutisiga pul solayotgan odamlarni kuzatib turdi. Koʻp boylar anchagina pul tashladilar. 42 Bir kambagʻal beva ayol ham kelib, qiymati bir tiyinga toʻgʻri keladigan ikki chaqa tashladi.
43 Shunda Iso shogirdlarini yoniga chaqirib dedi:
— Sizlarga chinini aytayin, bu kambagʻal beva ayol xazinaga pul tashlaganlarning hammasidan ham koʻproq tashladi. 44 Chunki boylarning hammasi oʻzlarining ortiqcha pullaridan ehson qildilar. Bu ayol esa kambagʻalligiga qaramasdan, oʻzining bor–yoʻgʻini, roʻzgʻoriga ishlatiladigan hamma pulini tashladi.