11–BOB
Iso Quddusga tantanali kiradi
1 Iso shogirdlari bilan Quddusga yaqinlashib qolgan edilar. Ular Zaytun togʻi etagidagi Baytfagiya va Baytaniya qishloqlariga yetib kelayotganlarida, Iso shogirdlaridan ikkitasiga dedi:
2 — Anavi qishloqqa boringlar. U yerga kirishingiz bilanoq, bogʻliq turgan va hech qachon minilmagan xoʻtikni koʻrasizlar. Oʻsha xoʻtikni yechib, bu yerga olib kelinglar. 3 Agar kimdir sizlardan: “Nima qilyapsizlar?” deb soʻrab qolsa, “Bu xoʻtik Rabbimiz Masihga kerak, xoʻtikni U darhol bu yerga qaytarib yuboradi”, deb javob beringlar.
4 Ular borib, koʻchada darvoza yonida bogʻlab qoʻyilgan xoʻtikni koʻrib, yechib olishdi. 5 U yerda turgan bir necha kishi ularga:
— Nima qilyapsizlar? Nega xoʻtikni yechyapsizlar? — deb soʻrashdi.
6 Shogirdlar Iso buyurganidek javob berishdi, odamlar ularni qoʻyib yuborishdi. 7 Shogirdlar xoʻtikni Isoning oldiga olib kelishdi. Xoʻtik ustiga toʻnlarini tashlashdi, Iso xoʻtikka mindi. 8 Koʻpchilik toʻnlarini yoʻlga poyandoz qilib yoydi. Boshqalar esa dashtdagi yashil novdalarni kesib, yoʻlga toʻshadilar. 9 Oldinda va orqada yurayotganlar shunday deb hayqirishardi:

“Tasanno!
Egamiz nomidan kelayotgan Inson baraka topsin!
10 Bobomiz Dovudning yaqinlashgan shohligi muborak boʻlsin!
Falak toqida Unga tasanno oʻqilsin!”

11 Iso Quddusga kirib, Maʼbadga bordi, hamma narsani koʻzdan kechirdi. Kun kech boʻlib qolganidan, Iso oʻn ikki shogirdi bilan Baytaniya qishlogʻiga qaytib ketdi.
Qurib qolgan anjir daraxti
12 Ertasi kuni ular Baytaniyadan chiqqanlarida, Isoning qorni och edi. 13 U uzoqdan barglar bilan qoplangan bir anjir daraxtini koʻrib qoldi, daraxtdan biron anjir topa olarmikanman, deb bordi. Daraxtning yoniga kelib, bargdan boshqa hech narsa topolmadi, chunki hali anjir terish vaqti emas edi. 14 Iso daraxtga qarab:
— Bundan keyin to abad sening mevangni hech kim yemasin! — dedi.
Shogirdlari ham bu gapni eshitishdi.
Iso oldi–sotdi qiluvchilarni Maʼbaddan quvadi
15 Soʻng ular Quddusga kelishdi. Iso Maʼbadga kirib, ichkarida oldi–sotdi qilayotganlarni quvib chiqara boshladi. Sarroflarning xontaxtalarini, kaptar sotuvchilarning kursilarini agʻdarib yubordi. 16 Sotiladigan molni Maʼbad ichidan olib oʻtishga hech kimga ijozat bermadi.
17 Iso xalqqa taʼlim berayotib dedi:
— Tavrotda yozilgan–ku: “Mening uyim barcha xalqlarning ibodat uyi deb ataladi.” Sizlar esa Xudoning uyini qaroqchilar uyasiga aylantirib yuboribsizlar!
18 Bosh ruhoniylar va Tavrot tafsirchilari buni eshitib, Isoni halok qilish payiga tushdilar. Butun xalq Isoning taʼlimotiga mahliyo boʻlgani uchun bosh ruhoniylar bilan tafsirchilar Undan qoʻrqib qoldilar.
19 Kech kirgach, Iso shogirdlari bilan shahardan tashqariga chiqib ketdi.
Ibodat va ishonch haqida
20 Erta bilan ular yana anjir daraxti yonidan oʻtib qarashsa, daraxt ildizigacha qurib qolgan ekan. 21 Butrus boʻlgan hodisani eslab, Isoga dedi:
— Ustoz! Qarang, Siz laʼnatlagan anjir daraxti qurib qolibdi.
22 Iso bunga javoban dedi:
23 — Xudoga ishonchingiz boʻlsin. Sizlarga chinini aytayin: agar kimki bu toqqa: “Qoʻporilib dengizga otil”, desa–yu, oʻz qalbida shubhalanmay, aytgani bajo kelishiga qattiq ishonsa, aytgani boʻladi. 24 Binobarin, sizlarga aytaman: siz ibodatda nimaiki soʻrasangiz, oldim, deb ishoninglar va sizga beriladi. 25-26 Ibodat qilib turganingizda birovda ginangiz boʻlsa, uni kechirib yuboring, toki osmondagi Otangiz ham sizlarning gunohlaringizni kechirsin .
Isoning hokimiyati haqida savol
27 Ular yana Quddusga keldilar. Iso Maʼbadda aylanib yurgan edi, bosh ruhoniylar, Tavrot tafsirchilari va yoʻlboshchilar Uning oldiga kelib 28 soʻradilar:
— Siz bu ishlarni qanday hokimiyat bilan qilyapsiz? Bularni qilish uchun Sizga kim hokimiyat bergan?
29 Iso ularga shunday javob berdi:
— Men sizlarga bir savol beray. Menga javob bersangizlar, Men ham bu ishlarni qanday hokimiyat bilan qilayotganimni sizlarga aytaman. 30 Yahyo xalqni suvga choʻmdirish huquqini Xudodan olganmidi yoki insondanmi? Javob beringlar Menga.
31 Ular oʻzlaricha mulohaza yurita boshladilar:
— Agar: “Xudodan”, — desak, U: “Nega Yahyoga ishonmadingizlar?” — deydi. 32 Agar: “Insondan”, — desak–chi?
Vaholanki, ular olomondan qoʻrqardilar, chunki hamma Yahyoni haqiqiy paygʻambar deb hisoblardi. 33 Xullas, ular Isoga:
— Bilmaymiz, — deb javob berdilar. Iso ularga dedi:
— Unday boʻlsa, Men ham bu ishlarni qaysi hokimiyat bilan qilayotganimni sizlarga aytmayman.