10–BOB
Nikoh va ajralish haqida
1 Iso u yerdan ketib, Yahudiya oʻlkasiga, soʻng Iordan daryosining sharq tomoniga bordi. Uning atrofiga yana koʻp xalq yigʻildi. U Oʻz odatiga koʻra, odamlarga yana taʼlim berdi. 2 Baʼzi farziylar keldilar va Isoni sinamoqchi boʻlib, soʻradilar:
— Qonunga koʻra, er oʻz xotinidan ajralishi mumkinmi?
3 Iso bunga javoban:
— Muso sizlarga nimani amr qilgan? — deb soʻradi.
4 — Erkak taloq xatini yozib, xotinidan ajralishiga Muso ijozat bergan edi , — deyishdi. 5 Iso ularga dedi:
— Bagʻri toshligingiz uchun Muso sizlarga bu amrni yozib qoldirgan. 6 Aslida Xudo dunyoni yaratganda odamlarni erkagu ayol qilib yaratdi . 7 “Shuning uchun erkak kishi ota–onasidan boʻlak boʻlib, 8 xotiniga bogʻlanib qoladi, ikkalasi bir tan boʻladilar.” Bunga koʻra, ular endi ikki emas, balki bir tan hisoblanadilar. 9 Xudo birga qoʻshganni bandasi ajratmasin.
10 Uyga kelganlarida, shogirdlar yana shu haqda Isodan soʻradilar. 11 Iso ularga dedi:
— Kim oʻz xotini bilan ajrashib boshqasiga uylansa, u xotiniga nisbatan zino qilgan boʻladi. 12 Xotin ham agar oʻz eri bilan ajrashib boshqasiga tegsa, zino qilgan boʻladi.
Iso bolalarni duo qiladi
13 Iso bolalarimizga qoʻl tekkizsin deb, odamlar Uning oldiga bolalarini olib kelishardi. Shogirdlar esa oʻsha odamlarni koyishardi. 14 Iso buni koʻrganda, gʻazablanib dedi:
— Bolalarga yoʻl beringlar, Mening oldimga kelishlariga toʻsqinlik qilmanglar! Zero, Xudoning Shohligi bundaylarnikidir. 15 Sizlarga chinini aytayin: kim Xudoning Shohligini bola kabi qabul qilmasa, unga hech qachon kirolmaydi.
16 Keyin bolalarni quchoqlab, ularga qoʻl qoʻyib, duo qildi.
Boylik va abadiy hayot
17 Iso yoʻlga chiqayotganda, bir odam yugurib kelib, Uning oldida tiz choʻkdi–da:
— Valineʼmat Ustoz! Abadiy hayotga ega boʻlish uchun nima qilishim kerak? — deb soʻradi. 18 Iso unga dedi:
— Nega Meni valineʼmat deysan? Birgina Xudodan boshqa hech kim valineʼmat emas–ku! 19 Sen amrlarni bilasan: “Qotillik qilma. Zino qilma. Oʻgʻrilik qilma. Yolgʻon guvohlik berma. Birovning haqini yema. Ota–onangni hurmat qilgin.”
20 U kishi Isoga dedi:
— Ustoz! Bularning hammasiga yoshligimdan amal qilib kelaman.
21 Iso unga mehr bilan qarab, dedi:
— Senga bir narsa yetishmaydi. Borib, bor narsangni sot, pulini kambagʻallarga tarqat. Shunda samoda xazinang boʻladi. Keyin kelib , Menga ergashgin.
22 Bu soʻzlardan boyning taʼbi xira boʻldi. U gʻamgin boʻlib qaytib ketdi, chunki uning mol–mulki koʻp edi.
23 Iso atrofga razm solib, shogirdlariga dedi:
— Mol–dunyosi bor odamlarning Xudo Shohligiga kirishi naqadar qiyin!
24 Bu soʻzlarni eshitib, shogirdlarning aqli shoshdi. Iso esa takrorlab dedi:
— Bolalarim, Xudoning Shohligiga kirish naqadar qiyin! 25 Boy odamning Xudo Shohligiga kirishidan koʻra, tuyaning igna teshigidan oʻtishi osonroqdir.
26 Shogirdlar haddan tashqari ajablanib oʻzlaricha:
— Unday boʻlsa, kim najot topa olar ekan? — deyishdi. 27 Iso ularga koʻz tikib dedi:
— Inson uchun bu imkonsizdir, lekin Xudo uchun emas. Xudo uchun hamma narsaning imkoni bor.
28 Shunda Butrus Isoga dedi:
— Mana, biz uy–joyimizni tashlab, Sizning orqangizdan ergashib keldik.
29 Iso bunga javoban dedi:
— Sizlarga chinini aytayin: kim Men uchun va Xushxabar uchun uy–joyini, aka–ukalarini, opa–singillarini, ota–onasini, bolalarini yoki dalalarini tashlab ketsa, 30 u bu dunyoning oʻzidayoq yuz hissa ortiq uy–joylarga, aka–ukalarga, opa–singillarga, onalarga, bolalarga va dalalarga ega boʻladi, shu bilan birga quvgʻin ham qilinadi. Narigi dunyoda esa abadiy hayotga sazovor boʻladi. 31 Ammo birinchi boʻlganlarning koʻplari oxirgi boʻladilar, oxirgilar esa birinchi boʻladilar.
Iso Oʻz oʻlimi toʻgʻrisida uchinchi marta gapiradi
32 Iso bilan shogirdlari Quddusga qarab ketayotgan edilar. Iso yoʻl boshlab borardi. Shogirdlar xavotirda edi, Isoning ortidan ergashgan xalqni esa vahima qamrab olgandi. Iso oʻn ikki shogirdini chetga olib, Oʻzi bilan yuz beradigan voqealarni ayta boshladi:
33 — Mana, biz Quddusga ketyapmiz. U yerda Inson Oʻgʻli bosh ruhoniylar va Tavrot tafsirchilari qoʻliga tutib beriladi. Ular Uni oʻlimga mahkum qilib, gʻayriyahudiylarga topshiradilar. 34 Gʻayriyahudiylar Uni haqorat qiladilar, yuziga tupuradilar, qamchilaydilar va Uni oʻldiradilar. Lekin uchinchi kuni U tiriladi.
Yoqub bilan Yuhannoning tilagi
35 Zabadiyo oʻgʻillari Yoqub bilan Yuhanno Isoning oldiga kelib:
— Ustoz, bizning bir tilagimiz bor, uni biz uchun bajo keltirishingizni istaymiz, — deyishdi.
36 — Sizlar uchun nima qilishimni istaysizlar? — deb soʻradi Iso. 37 Ular:
— Siz ulugʻvor taxtingizda oʻtirganingizda, birimiz Sizning oʻng tomoningizda , boshqamiz esa chap tomoningizda oʻtirishimizga ruxsat bering, — deyishdi. 38 Iso ularga dedi:
— Sizlar nima soʻrayotganingizni bilmaysizlar. Men ichadigan azob kosasidan sizlar icha olasizlarmi? Men boshdan kechiradigan qaygʻu–alamlarga botib chiday olasizlarmi?
39 Ular:
— Chiday olamiz, — deb javob berishdi. Iso ularga dedi:
— Sizlar–ku Men ichadigan azob kosasidan ichasizlar, boshdan kechiradigan qaygʻu–alamlarimga oʻzingiz ham duchor boʻlasizlar. 40 Ammo Mening oʻng yoki chap tomonimda oʻtirishga ruxsat berish Mening ixtiyorimda emas. Bu oʻrin kimlarga atalgan boʻlsa, ularniki boʻladi.
41 Qolgan oʻnta shogird buni eshitib, Yoqub bilan Yuhannodan achchiqlanib ketishdi. 42 Iso esa ularni yoniga chaqirib, dedi:
— Butparastlarga qaranglar, ular hukmdorlariga izzat koʻrsatadilar, hukmdorlari esa ularga oʻz hukmini oʻtkazadilar, katta amaldorlari elga zoʻravonlik qiladilar. 43 Ammo sizlarning orangizda bunday boʻlmasin. Aksincha, orangizda kim katta boʻlishni istasa, sizlarga xizmat qilsin. 44 Orangizda kim birinchi boʻlishni istasa, hammangizga qul boʻlsin. 45 Axir, Inson Oʻgʻli ham Oʻziga xizmat qildirish uchun emas, balki Oʻzi boshqalarga xizmat qilish va Oʻz jonini fido qilib, koʻplarni ozod qilish uchun kelgan.
Iso Yerixo shahrida koʻr odamning koʻzini ochadi
46 Iso bilan shogirdlari Yerixo shahriga keldilar. Ular shahardan chiqib ketayotganlarida bir talay xaloyiq ularga ergashdi. Timeyus oʻgʻli Bartimeyus ismli bir koʻr tilanchi yoʻl chekkasida oʻtirgan edi. 47 U Nosiralik Iso oʻtib ketayotganini eshitib:
— Ey Dovud Oʻgʻli Iso, menga rahm qiling! — deb baqira boshladi. 48 Koʻp odamlar esa:
— Jim boʻl! — deb unga doʻq qilishdi. Lekin u:
— Ey Dovud Oʻgʻli, menga rahm qiling! — deb yanada qattiqroq baqirdi.
49 Iso toʻxtab:
— Uni chaqirib kelinglar, — dedi. Odamlar kelib, koʻr odamga:
— Dadil boʻl, oʻrningdan tur. U seni chaqiryapti, — deb aytishdi.
50 Koʻr toʻnini yechib tashlab, oʻrnidan sakrab turdi–da, Isoning yoniga keldi. 51 Iso undan soʻradi:
— Sen Mendan nima istaysan?
— Ustoz, koʻzlarim koʻrsin! — dedi koʻr. 52 Iso unga:
— Boraver, ishonching seni sogʻaytirdi, — dedi.
Oʻsha zahoti u koʻra boshladi. Soʻng Isoning ortidan ergashib ketdi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020