24–BOB
Iso Masih tiriladi
1 Yakshanba kuni erta tongda ayollar tayyorlab qoʻygan xushboʻy moylarini olib, qabrga keldilar . 2 Qabr ogʻzidagi tosh agʻdarilib yotganini koʻrdilar. 3 Ichkariga kirdilar, ammo Rabbimiz Isoning jasadini topmadilar. 4 Ular gangib qoldilar. Shunda toʻsatdan ayollarning qarshisida ikki odam paydo boʻldi. Ularning kiyimlari yarqirab turardi. 5 Ayollar vahimadan boshlarini yerga egib turishdi. Odamlar esa ayollarga shunday deyishdi:
— Nega siz tirikni oʻliklar orasidan qidiryapsizlar? 6 U bu yerda yoʻq, U tirildi! Hali Jalilada boʻlgan paytida sizlarga nima deganini eslanglar. 7 U sizga: “Inson Oʻgʻli gunohkor odamlar qoʻliga tutib beriladi, xochga mixlanadi, uchinchi kuni esa tiriladi”, degan edi–ku .
8 Shunda ayollar Isoning bu soʻzlarini esladilar. 9 Ular qabr yonidan qaytib, bu voqeani oʻn bir shogirdga va qolgan hammaga aytib berdilar. 10 Havoriylarga bu xabarni Magdalalik Maryam, Yoʻanna va Yoqubning onasi Maryam yetkazdilar. Ular bilan birga boshqa ayollar ham bor edi. 11 Ammo havoriylar, bu ayollar safsata tarqatyaptilar, deb oʻyladilar, ayollarning gaplariga ishonmadilar. 12 Butrus esa oʻrnidan turib, qabr tomon yugurdi. Ichkariga engashib qarab, u yerda faqatgina kafanni koʻrdi. Yuz bergan voqeadan hayron qolib, uyiga qaytib ketdi.
Emmaus yoʻlida
13 Oʻsha kuni Isoning shogirdlaridan ikkitasi Emmaus degan qishloqqa ketishayotgan edi. Bu qishloq Quddusdan taxminan oʻn chaqirim uzoqlikda joylashgan edi. 14 Ular yuz bergan voqealar toʻgʻrisida suhbatlashib ketayotgan edilar. 15 Ular gaplashib, boʻlib oʻtganlarni muhokama qilib ketayotganlarida, Isoning Oʻzi ularga yaqinlashib, hamroh boʻldi. 16 Shogirdlar Isoni koʻrdilar, ammo Uni taniy olmadilar.
17 Iso ulardan:
— Nimani muhokama qilib ketyapsizlar? — deb soʻradi. Ular toʻxtab qoldilar, yuzlari gʻamgin edi . 18 Shogirdlaridan Kleopas degani Unga javob berdi:
— Shu kunlarda Quddusda koʻp voqealar yuz berdi. Bulardan bexabar qolgan musofir yolgʻiz Siz boʻlsangiz kerak.
19 — Qanday voqealar? — deb soʻradi Iso ulardan.
— Nosiralik Iso toʻgʻrisidagi voqealar–da, — deb javob berdi ular. — Iso paygʻambar edi, Xudo oldida va butun xalq oldida soʻzlari va ishlari bilan qudratini koʻrsatdi. 20 Ammo bosh ruhoniylarimiz bilan yoʻlboshchilarimiz Uni oʻlimga mahkum qilib, xochga mixlash uchun tutib berdilar. 21 Biz esa, U Isroilni xalos etadi, deb umid qilgan edik. Bu hodisalar sodir boʻlganiga bugun uch kun boʻldi. 22 Buning ustiga–ustak, oramizdagi ayrim ayollar bizni hayratda qoldirishdi. Ular bugun saharda qabrga borgan ekanlar, 23 Uning jasadini topa olmabdilar. Ayollar qaytib kelib: “Bizga farishtalar zohir boʻldi, ular bizga, Iso tirik, deb aytishdi” degan xabarni olib kelishdi. 24 Shunda oramizdan baʼzilar qabrga borib, ayollarning gapi toʻgʻri ekanini koʻrdilar. Iso qabrda yoʻq edi.
25 Iso ularga dedi:
— Bunchalik befahm boʻlmasangizlar?! Paygʻambarlarning gaplariga ishonish nega sizlar uchun shunchalik qiyin?! 26 Axir, Masih ulugʻlanishidan oldin bu azoblarni boshdan kechirishi kerak edi–ku!
27 Keyin Musodan tortib, barcha Paygʻambarlar bitiklarida Oʻzi haqida yozilgan soʻzlarning hammasini Iso ularga tushuntirdi. 28 Nihoyat, ular borayotgan qishloqqa yaqinlashdilar. Iso Oʻzini yoʻlda davom etadigan qilib koʻrsatdi. 29 Lekin ular Isoga:
— Kech boʻlib qoldi, hademay qorongʻi tushadi. Biz bilan birga qoling, — deb qistadilar.
Iso ular bilan birga qolgani ichkariga kirdi. 30 Ular bilan birga dasturxonga oʻtirganda, nonni olib shukrona duosini aytdi va nonni sindirib ularga berdi. 31 Shunda ularning koʻzlari ochilib, Isoni tanib qolishdi. Biroq Iso koʻzdan gʻoyib boʻldi.
32 Shogirdlar bir–biriga dedilar:
— U yoʻlda biz bilan gaplashib, Muqaddas bitiklarni tushuntirayotganda, yuraklarimiz jizillamaganmidi, axir?!
33 Shu zahoti oʻrinlaridan turib, Quddusga qaytib bordilar. Oʻn bir havoriyni va ular bilan toʻplanib turganlarni topdilar. 34 Havoriylar ularga:
— Rabbimiz Iso haqiqatan ham tirilibdi! U Butrusga koʻrinibdi! — deb aytdilar. 35 Shunda Emmausdan qaytib kelgan ikki shogird ham yoʻldagi voqealarni, Iso nonni sindirayotganda Uni qanday tanib qolganlarini aytib berdilar.
Iso shogirdlariga zohir boʻladi
36 Ular bu toʻgʻrida hali gapirayotganlarida, Isoning Oʻzi oʻrtalarida zohir boʻldi.
— Sizlarga tinchlik boʻlsin! — dedi.
37 Shogirdlar, arvoh koʻryapmiz, deb oʻylab oʻtakasi yorildi. 38 Lekin Iso ularga dedi:
— Nega qoʻrqib ketdingizlar? Nechun koʻnglingizda buncha gumonlar tugʻilyapti? 39 Qoʻllarimga va oyoqlarimga qaranglar, bu Men Oʻzimman. Meni ushlab koʻringlar. Arvohning etu suyagi boʻlmaydi–ku, axir! Mening esa, koʻrib turganingizday, etu suyagim bor.
40 Iso shu gaplarni aytib, ularga qoʻl–oyoqlarini koʻrsatdi. 41 Shogirdlari sevinchdan taajjublanib hali ham ishonmay turganlarida, Iso ulardan soʻradi:
— Bu yerda yeydigan biron narsangiz bormi?
42 Shogirdlari Unga bir boʻlak qovurilgan baliq berishdi. 43 Iso buni olib, ularning koʻzlari oldida yedi. 44 Keyin Iso shogirdlariga dedi:
— Sizlar bilan birga boʻlgan paytlarimda, Musoning Tavrot kitobida, Paygʻambarlar bitiklarida va Zaburda Men toʻgʻrimda yozilganlar bajo boʻlishi kerak, deb sizlarga aytgan edim.
45 Soʻngra Iso, Muqaddas bitiklarni tushunib yetsinlar deb, ularning ongini ochdi 46 va ularga dedi:
— Masih azob chekishi va uchinchi kuni oʻlikdan tirilishi kerak, deb yozilgan. 47 Yana, tavba qilish va gunohlarning kechirilishi haqidagi xabar Uning nomi bilan jamiki xalqlarga vaʼz qilinishi kerak, deb ham yozilgan. Shunday ekan, Quddusdan boshlab, 48 hamma odamlarga koʻrgan–bilganlaringizni aytinglar. 49 Men sizlarga osmondagi Otam vaʼda qilgan Muqaddas Ruhni yuboraman . Shuning uchun yuqoridan qudrat kelib sizlarni qamrab olmaguncha, shu shaharda qolinglar.
Iso osmonga koʻtariladi
50 Shundan keyin Iso shogirdlarini shahardan tashqariga — Baytaniya yaqiniga olib chiqdi. Iso qoʻllarini koʻtarib, ularni duo qildi. 51 Duo qilayotib, ulardan uzoqlashib boraverdi va osmonga koʻtarildi.
52 Shogirdlar esa Unga sajda qildilar va katta sevinch ila Quddusga qaytib bordilar. 53 Ular doimo Maʼbadda boʻlib, Xudoni olqishlar edilar .
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020