20–BOB
Itoatsizlik uchun jazolar
1 Egamiz Muso orqali 2 Isroil xalqiga shunday dedi: “Oʻz bolasini Moʻlaxga qurbonlik qilgan har qanday odamga, Isroil xalqidan yoki yurtingizda yashagan musofir boʻlishidan qatʼi nazar, oʻlim jazosi berilsin. Butun jamoa uni toshboʻron qilsin. 3 Men Oʻzim bunday odamga qarshi chiqib, uni xalq orasidan yoʻq qilib yuboraman, chunki u farzandini Moʻlaxga qurbonlik qilib, Muqaddas chodirimni bulgʻagan boʻladi, Men, Muqaddas Xudoni badnom etgan boʻladi. 4 Bordi–yu, jamoa bu odamning qilmishidan koʻz yumib, uni oʻldirmasa, 5 Men Oʻzim bu odamga va uning xonadoniga qarshi chiqaman. Ularni xalq orasidan yoʻq qilaman. Menga bevafolik qilib, Moʻlaxga sigʻinadigan barcha izdoshlarini ular qatori qirib yuboraman.
6 Agar biror odam Menga bevafolik qilib, arvoh chaqiruvchiga va folbinga maslahat solsa, Men oʻsha odamga qarshi chiqib, uni xalq orasidan yoʻq qilib yuboraman. 7 Oʻzlaringizni Menga bagʻishlanglar, muqaddas boʻlinglar. Men Egangiz Xudoman. 8 Qonun–qoidalarimni bitta qoldirmay bajaringlar. Sizlarni muqaddas qiladigan Egangizman. 9 Otasini yoki onasini xoʻrlagan har qanday odamga oʻlim jazosi berilsin. Uning qoni oʻz gardanida qoladi.
10 Agar erkak qoʻshnisining xotini bilan zino qilsa, ikkovi ham oʻldirilsin. 11 Otasining xotini bilan yotgan erkak otasining shaʼniga dogʻ tushirgan boʻladi. Bunday erkak va ayol oʻldirilsin. Ularning qoni oʻz gardanida qoladi. 12 Agar erkak oʻz kelini bilan yotsa, ikkovi ham oʻldirilsin. Axir, ular oʻtaketgan razillik qildilar. Ularning qoni oʻz gardanida qoladi. 13 Agar erkak ayol bilan yotganday boshqa erkak bilan yotsa, ularning ikkovi jirkanch ish qilgan boʻladilar. Ikkovi ham oʻldirilsin, ularning qoni oʻz gardanida qoladi. 14 Agar erkak xotin olib, xotinining onasiga ham uylansa, u buzuqlik qilgan boʻladi. Ularning uchalovi ham tiriklayin olovga tashlansin. Orangizdan buzuqlikni yoʻq qiling. 15 Agar erkak hayvon bilan jinsiy aloqa qilsa, u oʻlim jazosini olsin. Hayvon ham oʻldirilsin. 16 Agar ayol hayvonning oldiga borib jinsiy aloqa qilsa, ayolni ham, hayvonni ham oʻldiring. Ularning qoni oʻz gardanida qoladi.
17 Agar erkak oʻz singlisiga — otasining yoki onasining qiziga uylanib, u bilan qovushsa, sharmandalikka yoʻl qoʻygan boʻladi. Ularning ikkovi ham xalqning koʻzi oldida yoʻq qilinsin. U singlisining shaʼniga dogʻ tushirgani uchun jazoga tortilsin. 18 Agar erkak hayz koʻrgan ayol bilan yotsa, ikkalasi ayolning hayz manbaini ochgan hisoblanadi. Ularning ikkovi ham xalq orasidan yoʻq qilinsin. 19 Xolangiz yoki ammangiz bilan yotmang. Bunday qilgan odam oʻz qondoshining shaʼniga dogʻ tushirgan boʻladi. Ularning ikkovi ham jazoga tortilsin. 20 Agar erkak amakisining xotini bilan yotsa, u amakisining shaʼniga dogʻ tushirgan boʻladi. Erkak ham, ayol ham jazoga tortilsin. Ular farzand koʻrmay oʻtib ketishadi. 21 Agar erkak akasining yoki ukasining xotiniga uylansa, yaramas ish qilgan boʻladi . U akasining yo ukasining shaʼniga dogʻ tushirgani uchun, ular farzandsiz oʻtib ketishadi.
22 Qonun–qoidalarimni bitta qoldirmay bajaringlar, toki Men sizlarni olib borayotgan yurt sizlarni qusib yubormasin. 23 Men oldingizdan quvib yuborayotgan xalqlarning odatlariga taqlid qilmanglar. Ular bu ishlarning hammasini qilganlari uchun, Men ulardan jirkanib ketdim. 24 Sizlar ularning sut va asal oqib yotgan yurtini mulk qilib olasizlar, deb Men sizlarga vaʼda qilgan edim. Oʻsha yurtni sizlarga Men beraman. Men Egangiz Xudoman. Sizlarni xalqlar orasidan ajratib olganman. 25 Shunday ekan, sizlar halol bilan harom hayvonning farqiga, halol bilan harom qushning farqiga borishingiz lozim. Harom hayvonu qushlarni va yerda sudralib yuruvchilarni yeb oʻzingizni bulgʻamang. Men ularni harom deb eʼlon qilganman. 26 Oʻzingizni Menga bagʻishlab, muqaddas boʻlinglar, chunki Men, Egangiz, muqaddasman. Men sizlarni boshqa xalqlardan Oʻzim uchun ajratib olganman.
27 Arvoh chaqiradigan va folbinlik qiladigan erkagu ayolning jazosi oʻlimdir. Ularni toshboʻron qiling, ularning qoni oʻz gardanida qoladi.”