2–BOB
Don nazri
1 Agar birortangiz Egamizga don nazrini keltirmoqchi boʻlsangiz, sifatli bugʻdoy unini nazr qiling. Bugʻdoy uniga zaytun moyini qoʻshib, ustiga xushboʻy tutatqidan qoʻying. 2 Soʻng oʻsha bugʻdoy unini Horunning ruhoniy oʻgʻillariga olib keling. Ruhoniy moy qoʻshilgan sifatli unning bir hovuchini va ustidagi tutatqining hammasini olib, qurbongoh ustida kuydirsin. Bunday qilish nazrning hammasi Xudoga tegishli ekanini bildiradi. Olovda kuydirilgan bu nazrdan Egamizga yoqimli hid boradi. 3 Don nazrining qolgani esa Horun va uning oʻgʻillariniki boʻlsin. Nazrning ruhoniylarga tegishli bu qismi gʻoyat muqaddasdir, chunki u Egamizga atalgan, olovda kuydiriladigan nazrlardan qolgan qismidir.
4 Agar tandirda yopilgan nonni don nazri sifatida keltirmoqchi boʻlsangiz, zaytun moyiga qorilgan nonlarni yoki yuziga zaytun moyi surtilgan chalpaklarni nazr qiling. Ularni sifatli undan yopib, xamirturush qoʻshmang. 5 Agar tovada pishirilgan nonni nazr qilmoqchi boʻlsangiz, noningiz zaytun moyiga qorilgan sifatli undan yopilgan boʻlsin. Unga xamirturush qoʻshmang. 6 Nonni sindirib, ustiga zaytun moyidan quying. Bu don nazridir. 7 Agar nazringiz qozonda tayyorlangan boʻlsa, u sifatli undan tayyorlangan boʻlib, zaytun moyida qovurilgan boʻlishi kerak. 8 Don nazringizni qaysi usulda tayyorlaganingizdan qatʼi nazar, uni Egamizga olib kelib, ruhoniyga bering. Ruhoniy esa uni qurbongohga olib borsin. 9 Ruhoniy don nazringizning bir qismini olib, qurbongohda kuydirsin. Bunday qilish nazrning hammasi Xudoga tegishli ekanini bildiradi. Olovda kuydirilgan bu nazrdan Egamizga yoqimli hid boradi. 10 Don nazringizning qolgani esa Horun va uning oʻgʻillariniki boʻlsin. Nazrning ruhoniylarga tegishli bu qismi gʻoyat muqaddasdir, chunki u Egamizga atalgan, olovda kuydiriladigan nazrlardan qolgan qismidir.
11 Egamizga keltiradigan don nazringizning birortasiga xamirturush qoʻshmang. Na xamirturushni, na qiyomni olovda kuydirib, Egamizga nazr qilmang. 12 Xamirturush va qiyomni ilk hosil nazringizga qoʻshib, Egamizga keltirishingiz mumkin. Lekin Egamizga yoqimli hid borsin deb, bularni qurbongoh ustida kuydirmang. 13 Don nazringizning hammasiga tuz qoʻshing. Zotan, tuz Xudoyingiz sizlar bilan tuzgan ahdni bildiradi . Shunday ekan, birorta nazringiz tuzsiz boʻlmasin.
14 Agar Egamizga ilk hosilingizdan don nazri keltirmoqchi boʻlsangiz, qovurilgan yangi bugʻdoy boshoqlarini tuyib, olib keling. 15 Bu don nazri boʻlgani uchun unga zaytun moyini qoʻshib, ustiga xushboʻy tutatqidan qoʻying. 16 Ruhoniy tuyilgan bugʻdoyning bir qismini, ustidagi moy va hamma tutatqi bilan birga qurbongoh ustida kuydirsin. Bunday qilish nazrning hammasi Xudoga tegishli ekanini bildiradi. Egamizga atab, olovda kuydirilgan don nazri shudir.