18–BOB
Man qilingan jinsiy aloqalar
1 Egamiz Muso orqali 2 Isroil xalqiga shunday dedi: “Men Egangiz Xudoman. 3 Sizlar yashab yurgan Misr xalqining odatlariga va Men sizlarni olib borayotgan Kanʼon yurtidagi xalqlarning odatlariga taqlid qilmanglar. Ularning udumlariga ergashmanglar. 4 Faqat Mening qonunlarimga itoat etinglar, qoidalarimni bitta qoldirmay bajaringlar. Zotan, Men Egangiz Xudoman. 5 Qonun–qoidalarimga amal qilinglar. Ularga rioya qilgan odam hayotdan bahramand boʻladi. Men Egangizman.
6 Tugʻishgan yaqin qarindoshingiz bilan yotmang. Men Egangizman. 7 Onangiz bilan yotib, otangizning shaʼniga dogʻ tushirmang. Onangiz boʻlgani uchun u bilan yotmang. 8 Otangizning xotini bilan yotmang, bunday qilib otangizning shaʼniga dogʻ tushirmang. 9 Tugʻishgan yoki oʻgay opa–singlingiz bilan yotmang. U otangizning qizi yoki onangizning qizi boʻlishidan qatʼi nazar, siz bilan bir uyda katta boʻlgan yoki boshqa joyda oʻsganidan qatʼi nazar, u bilan yotmang. 10 Oʻz nevarangiz — oʻgʻlingizning qizi yoki qizingizning qizi bilan yotmang. Bunday qilib oʻz shaʼningizga dogʻ tushirmang. 11 Otangizdan tugʻilgan, oʻgay onangizning qizi bilan yotmang, chunki u sizning oʻgay singlingizdir. 12 Ammangiz bilan yotmang, chunki u otangizning jigaridir. 13 Xolangiz bilan yotmang, chunki u onangizning jigaridir. 14 Amakingizning shaʼniga dogʻ tushirib, uning xotini bilan yotmang. Axir, u sizning kelin oyingizdir. 15 Keliningiz bilan yotmang. U oʻgʻlingizning xotinidir. 16 Aka–ukangizning xotini bilan yotmang. Bunday qilib akangizning shaʼniga dogʻ tushirmang. 17 Siz biror ayol bilan yotgan boʻlsangiz, oʻsha ayolning qizi yoki qiz nevarasi bilan yotmang. U oʻgʻlining qizi boʻlsa ham yoki qizining qizi boʻlsa ham u bilan yotmang, ular qondoshdir. Bunday qilish buzuqlikdir. 18 Xotiningizning singlisini xotiningizga kundosh qilmang. Xotiningiz tirik ekan, uning singlisi bilan yotmang.
19 Hayz koʻrib harom boʻlgan ayol bilan yotmang. 20 Qoʻshningizning xotini bilan jinsiy aloqa qilib, oʻzingizni bulgʻamang. 21 Bolalaringizning birortasini Moʻlaxga qurbonlik qilmang , axir, Men Egangizman. Bunday qilmish bilan Men, Xudoyingizni badnom qilmang. 22 Ayol bilan yotganday, erkak kishi bilan yotmang. Bu jirkanchdir. 23 Hayvon bilan jinsiy aloqa qilib, oʻzingizni bulgʻamang. Ayol kishi ham oʻzini hayvonga qoʻyib berib, u bilan jinsiy aloqa qilmasin. Bu oʻtaketgan razillikdir.
24 Bunday ishlar qilib oʻzingizni bulgʻamang. Men oldingizdan haydayotgan xalqlar mana shunday ishlari tufayli bulgʻangan edilar. 25 Natijada butun yurt harom boʻlib ketdi. Men yurtni jazoladim, yurt esa u yerning xalqlarini qusib yubordi. 26 Sizlar Mening qonun–qoidalarimga rioya qilinglar. Isroil xalqidan boʻlganlar va orangizda yashayotgan musofirlar bunday jirkanch ishlarni qilmasin. 27 Zotan, sizlardan oldin mana shu yurtda yashagan xalqlar bu jirkanch ishlarning hammasini qilib, yurtni bulgʻagan edilar. 28 Agar sizlar ham yurtni bulgʻasangiz, bu yurt oldingi xalqlarni qusib yuborganday sizlarni ham qusib yuboradi. 29 Bunday jirkanch ishni qilgan har qanday odam xalq orasidan yoʻq qilinsin.
30 Xullas, talablarimni bajaringlar. Sizlardan oldin bu yurtda qilingan jirkanch ishlarni qilib, oʻzingizni bulgʻamanglar. Zotan, Men Egangiz Xudoman.”