17–BOB
Qonning tabarrukligi
1 Egamiz Muso orqali 2 Horunga, uning oʻgʻillariga va jamiki Isroil xalqiga quyidagi amrlarni berdi: 3 agar Isroil xalqidan birortasi qarorgohda yoki qarorgoh tashqarisida buqa, qoʻzi yoki echkini qurbonlik qilsa–yu, 4 uni Egamizga taqdim qilish uchun Uchrashuv chodiri kiraverishiga olib kelmasa, oʻsha odam qon toʻkkani uchun aybdor hisoblansin. Qon toʻkkan bu odam xalq orasidan yoʻq qilinsin. 5 Bu qoida Isroil xalqining dalalarda qurbonliklar qilishlariga chek qoʻyadi. Ular qurbonliklarini ruhoniyga, Uchrashuv chodiri kiraverishiga olib keladigan boʻlishadi va qurbonliklarini tinchlik qurbonligi qilib, Egamizga bagʻishlashadi. 6 Ruhoniy qurbonlikning qonini Uchrashuv chodiriga kiraverishda turgan Egamizning qurbongohiga sepsin. Soʻng Egamizga yoqimli hid borishi uchun qurbonlikning yogʻini kuydirsin. 7 Bundan buyon Isroil xalqi oʻz qurbonliklarini echki jinlarga keltirmasin, Egamizga bevafolik qilmasin. Bu qoidaga ular doimo, avlodlari osha rioya qilishsin.
8 Isroil xalqidan yoki ularning oralarida istiqomat qilayotgan musofirlardan birortasi kuydiriladigan va boshqa qurbonliklar qilsa–yu, 9 oʻshalarni Egamizga nazr qilish uchun Uchrashuv chodiri kiraverishiga olib kelmasa, u odam xalq orasidan yoʻq qilinsin.
10 Agar Isroil xalqidan yoki ularning oralarida istiqomat qilayotgan musofirlardan birortasi qoni chiqarilmagan goʻshtni yesa, Egamiz qon isteʼmol qilgan oʻsha odamga qarshi chiqib, uni xalq orasidan yoʻq qilib yuboradi. 11 Zotan, jonzotning joni uning qonidir. Egamiz qonni sizlarga qurbongoh ustida gunohlaringizni yuvish uchun bergan. Jon ato etadigan qon sizlarni gunohlaringizdan poklaydi. 12 Shuning uchun Egamiz Isroil xalqiga: “Qoni chiqarilmagan goʻshtni zinhor isteʼmol qilmang, oralaringizda yashayotgan musofir ham qonni isteʼmol qilmasin”, — deb aytgan.
13 Ovlangan halol hayvon yoki qushning qonini chiqaringlar. Qonni tuproq bilan koʻmib qoʻyinglar. Bu qoida Isroil xalqiga va ularning orasida istiqomat qilayotgan musofirlarga taalluqlidir. 14 Har bir jonzotning joni uning qonidir. Shu bois Egamiz Isroil xalqiga aytdi: “Qoni chiqarilmagan goʻshtni yemanglar. Zotan, har bir jonzotning joni qondadir. Qon isteʼmol qilgan odam xalqi orasidan yoʻq qilinsin.”
15 Harom oʻlgan yoki yovvoyi hayvon gʻajib tashlagan jonivorning goʻshtini yegan har bir odam, Isroil xalqidan yoki boshqa xalqdan boʻlishidan qatʼi nazar, kiyimlarini yuvsin, oʻzi ham yuvinsin. U kechgacha harom boʻlib, soʻng yana pok boʻladi. 16 Bordi–yu, u kiyimlarini yuvmasa, oʻzi ham yuvinmasa, qilgan gunohi uchun jazolanadi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020