1–BOB
Kuydiriladigan qurbonliklar
1 Egamiz Uchrashuv chodiridan Musoni chaqirib, unga 2 Isroil xalqi uchun quyidagi qonunlarni berdi: birontangiz Egamizga qurbonlik qilmoqchi boʻlsangiz, podangizdagi yoki suruvingizdagi hayvonni olib keling. 3 Bordi–yu, qoramol podasidan birorta hayvonni qurbonlik qilib, kuydirmoqchi boʻlsangiz, nuqsonsiz bir buqani tanlab oling. Egamiz bu qurbonligingizni qabul qilishi uchun buqani Uchrashuv chodiri kiraverishiga olib keling.
4 Kuydiriladigan hayvonning boshiga qoʻlingizni qoʻying, shunda Egamiz sizni gunohingizdan poklash uchun bu qurbonligingizni qabul qiladi.
5 Soʻng buqani Egamizning huzurida soʻying. Horunning ruhoniy oʻgʻillari buqaning qonini olib, Uchrashuv chodiriga kiraverishda turgan qurbongohning toʻrtala yon tomoniga sepib chiqishsin. 6 Siz esa kuydiriladigan qurbonlikning terisini shilib, tanasini boʻlaklarga boʻling. 7 Ruhoniy Horunning oʻgʻillari qurbongohga choʻgʻ solib, ustiga oʻtin qalashsin. 8 Soʻng qurbonlikning boʻlaklarini, shuningdek, kallasini va yogʻlarini qurbongohdagi yonib turgan oʻtinlar ustiga qoʻyishsin. 9 Siz esa qurbonlikning ichak–chovoqlari va oyoqlarini yuving. Soʻng ruhoniy bularning hammasini qurbongohda kuydirsin. Olovda kuydirilgan bu qurbonlikdan Egamizga yoqimli hid boradi.
10 Bordi–yu, siz suruvingizdagi qoʻy yoki echkini qurbonlik qilib kuydirmoqchi boʻlsangiz, nuqsonsiz qoʻchqor yoki takani olib keling. 11 Uni qurbongohning shimol tarafida, Egamizning huzurida soʻying. Horunning ruhoniy oʻgʻillari qurbonlikning qonini qurbongohning toʻrtala yon tomoniga sepib chiqishsin. 12 Siz qurbonlikni boʻlaklarga boʻling. Ruhoniy esa boʻlaklarni qurbonlikning kallasi va yogʻlari bilan birga qurbongohdagi yonib turgan oʻtinlar ustiga qoʻysin. 13 Siz qurbonlikning ichak–chovoqlari va oyoqlarini yuving. Ruhoniy bularning hammasini keltirib, qurbongohda kuydirsin. Olovda kuydirilgan bu qurbonlikdan Egamizga yoqimli hid boradi.
14 Agar biror qushni Egamizga qurbonlik qilib, kuydirmoqchi boʻlsangiz, kaptar yoki musichani olib keling. 15 Ruhoniy uni qurbongoh oldiga olib kelib, boʻynini uzsin, soʻng boshini qurbongohda kuydirsin. Qonini esa qurbongohning yoniga oqizsin. 16 Jigʻildonini, ichidagi narsalari bilan birga, sugʻurib olib , qurbongohning sharq tarafiga, kul turgan yerga tashlasin. 17 Keyin qanotlaridan tortib, tanasini yarmigacha boʻlsin, lekin ikki qismga ajratmasin. Soʻng uni qurbongohdagi yonib turgan oʻtinlar ustiga qoʻyib kuydirsin. Olovda kuydirilgan bu qurbonlikdan Egamizga yoqimli hid boradi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020