18–BOB
Yoshua qolgan yerlarni taqsimlaydi
1 Isroil xalqi yurtni bosib olgandan keyin, butun Isroil jamoasi Shiloʻ shahrida yigʻildi. Ular oʻsha yerda Uchrashuv chodirini tikdilar.
2 Isroil xalqining orasida hali ulush olmagan yettita qabila qolgan edi. 3 Yoshua Isroil xalqiga shunday dedi: “Ota–bobolaringizning Xudosi — Egamiz sizlarga yurtni bergan, qachongacha u yurtga butunlay joylashishni orqaga surasizlar?! 4 Har bir qabiladan uch kishini tanlanglar. Men ularni butun yurtni kezib chiqish uchun yuboraman. Ular oʻz qabilalarining ulushi boʻyicha, oʻsha yerni tasvirlab yozib kelishadi. 5 Janubdagi Yahudo qabilasining hududi va shimoldagi Yusuf avlodlarining hududlaridan tashqari, yurtning qolgan qismini yettiga boʻlasizlar. 6 Keyin shularni yozib, mening oldimga olib kelinglar. Men Egamiz Xudo oldida sizlar uchun qurʼa tashlayman . 7 Sizlarning orangizda Levi qabilasiga ulush bermayman. Egamizga ruhoniy boʻlib xizmat qilish ularning ulushidir. Gad, Ruben qabilalari va Manashe qabilasining yarmi Iordanning sharq tomonida oʻz ulushlarini olib boʻlganlar. Egamizning quli Muso oʻsha yerlarni ularga bergan.”
8 Shunday qilib, Yoshua yerning xaritasini tuzib kelishni buyurgan kishilar yoʻlga tushdilar. Ular ketmasdan oldin, Yoshua ularga shunday deb tayinlagan edi: “Butun yerni kezib, uning xaritasini tuzib kelganingizdan keyin, men Shiloʻda, Egamiz oldida sizlar uchun qurʼa tashlayman.” 9 U kishilar borib, yerni yetti qismga boʻldilar. Butun yurtning xaritasini tuzib, shaharlarini roʻyxatga oldilar. Keyin Yoshuaning oldiga, Shiloʻdagi qarorgohga qaytib keldilar. 10 Yoshua Shiloʻda, Egamiz oldida ular uchun qurʼa tashlab, oʻsha yerlarni Isroil xalqiga boʻlib berdi. Qurʼa boʻyicha har bir qabilaga bir ulushdan yer berdi.
Benyamin qabilasining ulushi
11 Qurʼa tashlanganda, Benyamin qabilasiga Yahudo qabilasi va Yusuf avlodlari hududlarining orasidagi yerlar ulush boʻlib tushdi.
12 Benyamin hududining shimoliy chegarasi sharq tomonda Iordan daryosidan boshlanadi, keyin Yerixo qirining yon bagʻridan shimol tomonga boradi. Qirlar boʻylab gʻarb tomonga oʻtib, Bayt–Obun atrofidagi sahroga boradi. 13 U yerdan chegara Luz, yaʼni Baytil tomonga borib, Luzning janubidagi qir boʻylab choʻziladi. Keyin chegara Otroʻt–Adar shahriga borib, u yerdan Pastki Bayt–Xoʻron shahrining janubidagi qirgacha boradi.
14 U yerdan gʻarbiy chegara boshlanib, Bayt–Xoʻron qarshisidagi qirning gʻarb tomoni boʻylab janub tomonga choʻziladi va Xirat–Baal, yaʼni Xirat–Yoʻrim qishlogʻida tugaydi. Bu qishloq Yahudo qabilasiga tegishli. Gʻarbiy chegara mana shudir.
15 Gʻarbda janubiy chegara Xirat–Yoʻrimning chetidan boshlanib, Naftuva buloqlarigacha boradi. 16 Keyin chegara Rafa vodiysining shimolidagi togʻ etagiga boradi. Xinnum soyligi mana shu yerdan boshlanadi. Chegara janub tomonga davom etib, Xinnum soyligi boʻylab Yobusning janubidagi qir yon bagʻriga boradi. U yerdan esa En–Roʻgʻol tomonga qarab davom etadi. 17 Chegara u yerdan shimolga, En–Shamash tomonga buriladi va Adum dovonining qarshisidagi Geliloʻtga boradi. Keyin Ruben oʻgʻli Boʻxan nomi bilan atalgan toshning yonidan oʻtadi. 18 Keyin Iordan vodiysining yonidagi qir yon bagʻrining shimol tomonidan oʻtib, vodiyni ham kesib oʻtadi. 19 U yerdan chegara Bayt–Xoʻglax qirining shimol tomoniga oʻtib, Iordan daryosi Oʻlik dengizga quyiladigan joyda tugaydi. Bu Benyamin qabilasi hududining janubiy chegarasidir.
20 U yerning sharqiy chegarasi Iordan daryosidir.
Benyamin qabilasiga ulush qilib berilgan yerlarning chegaralari mana shular edi.
21 Quyidagi shaharlar Benyamin qabilasiga berildi: Yerixo, Bayt–Xoʻglax, Emix–Qaziz, 22 Bayt–Araba, Zamorayim, Baytil, 23 Avim, Poro, Oʻfra, 24 Xafar–Ommonax, Ofnax va Gebo — hammasi boʻlib oʻn ikkita shahar va ularning atrofidagi qishloqlar. 25 Quyidagi shaharlar ham Benyamin qabilasiga berildi: Givon, Rama, Baroʻt, 26 Mispax, Xafira, Moʻzox, 27 Rahem, Yirpayel, Taralo, 28 Zila, Elef, Yobus, yaʼni Quddus, Givo va Xirat–Yoʻrim — hammasi boʻlib oʻn toʻrtta shahar va ularning atrofidagi qishloqlar.
Yoshua mana shu yerlarni Benyamin qabilasiga ulush qilib berdi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020