3–BOB
Xudo xalqlarni hukm qiladi
1 Egamiz shunday deydi: “Oʻsha kunlarda Men Yahudo va Quddusning oldingi mavqeini tiklayman. 2 Soʻng barcha xalqlarni yigʻib, Hukm vodiysiga olib tushaman. U yerda xalqim Isroil haqi ular bilan daʼvolashaman, chunki ular Mening xalqimni turli ellarga tarqatib yubordilar. Yurtimni esa oʻzaro boʻlishib oldilar. 3 Ular xalqim uchun qurʼa tashlab, oʻgʻil–qizlarimni sotib yubordilar. Tushgan pulga fohishabozligu aysh–ishrat qildilar.
4 Ey Tir, Sidon va butun Filist xalqi, Menda nima qasdingiz bor?! Sizlar hali Mendan oʻch olmoqchimisiz?! Bordi–yu, niyatingiz shu boʻlsa, Men oʻsha zahotiyoq qilmishingizga yarasha jazoingizni beraman. 5 Sizlar oltinu kumushlarimni tortib oldingiz, qimmatbaho xazinalarimni sajdagohlaringizga olib ketdingiz. 6 Yahudo va Quddus xalqini yunonlarga sotib, oʻz vatanidan yiroq qildingiz. 7 Endi Men Yahudo va Quddus xalqini sizlar sotgan yurtlardan olib chiqaman. Qilmishingizga yarasha jazoingizni beraman. 8 Oʻgʻil–qizlaringizni Yahudo xalqiga sotaman, ular esa farzandlaringizni olisdagi bir xalqqa — Savoliklarga sotishadi.” Zotan, bu soʻzlarni Egamiz aytdi.
9 Xalqlar orasida shunday deb eʼlon qiling:
“Jangga tayyorlanib, jangchilarni safarbar qiling!
Sipohlaringiz hujum qilsin!
10 Omochlaringizdan yasang qilichlar,
Oʻroqlaringizdan qiling nayzalar.
Zaiflar ham qoʻliga qurol tutsin.
11 Ey tevarakdagi xalqlar, shoshiling ,
Qani, hammangiz vodiyda toʻplaning.”
Oʻz sipohlaringni, ey Egam, chaqir!
12 Egamiz shunday deydi:
“Barcha xalqlar boʻlsin safarbar,
Hukm vodiysiga kelishsin ular.
Men u yerda oʻtirarman,
Hamma xalqlar ustidan hukm chiqararman.
13 Qani, kelinglar,
Yetilgan bugʻdoyni oʻrganday ularni oʻringlar,
Pishgan uzumni ezganday , bosib yoʻq qilinglar,
Xumlar toʻlgan,
Ularning qabihliklari bilan toʻlib–toshgan.”
14 Ming–minglab olomon toʻplangan
Hukm vodiysida!
Zotan, yaqinlashgandir
Egamizning kuni Hukm vodiysiga.
15 Quyosh ham, oy ham qoraygan,
Yulduzlar nuri soʻngan.
16 Egam Quddusdan turib hayqirar,
Siondan gulduros ovozi yangrar,
Yeru osmon larzaga kelar.
Ammo Egam Oʻz xalqini panohiga olar,
U Isroil xalqining qoʻrgʻoni boʻlar.
Xudo Oʻz xalqini barakalaydi
17 Egamiz shunday deydi:
“Ey xalqim, shunda sizlar
Egangiz Xudo Men ekanligimni bilasizlar.
Men muqaddas togʻim Sionda qurganman maskan.
Tabarruk bir shahar boʻladi Quddus,
Bosqinchilar endi aslo unga qilmas tajovuz.
18 Oʻsha kuni sut oqar qirlardan,
Uzum sharbati kelar togʻlardan,
Yahudodagi oʻzanlar suvga toʻlar,
Mening uyimdan buloq otilib chiqar,
Akas daraxtlari oʻsadigan qaqroq soylikni sugʻorar.
19 Misr huvullab, Edom boʻm–boʻsh sahroga aylanar.
Oh, Yahudo xalqiga zulm oʻtkazdi ular,
Begunoh odamlarning qonin toʻkdilar.
20-21 Men albatta jazolayman ularni!
Aslo oqlamayman jinoyatchilarni!
Yahudo esa abadiy yashar,
Quddus avlodlar osha barqaror boʻlar.
Men, Egangiz, Sionda qurganman maskan.”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020