39–BOB
1 Togʻ echkilari qachon tugʻishini bilasanmi?
Kiyiklar bolalaganini koʻrganmisan?
2 Ular bolasini necha oy qornida koʻtarib yurishini bilasanmi?
Ular bolalaydigan vaqtni–chi?
3 Ular choʻkkalab tugʻadi,
Bolalarini dunyoga keltiradi.
4 Ularning bolalari ochiq joylarda oʻsib, kuchga toʻladi,
Ota–onasini tashlab ketadi, boshqa qaytib kelmaydi.
5 Qulonga kim ozodlik bergan?
Kim uning arqonini yechib tashlagan?
6 Men dashtlarni unga makon qilib berdim,
Shoʻr yerlar qulonning maskani boʻldi.
7 Shahardagi shovqin–surondan u kuladi,
Hech kim uning ustiga minib, unga baqirolmaydi.
8 Qirlar qulonning yaylovidir,
Oʻsha yerlarda u koʻkatlarni qidirib yuradi.
9 Yovvoyi buqa senga xizmat qilishga rozi boʻladimi?
Tunni sening ogʻilingda oʻtkazadimi?
10 Arqon bilan uni omochga bogʻlay olasanmi?
U yerlaringni agʻdarib beradimi?
11 Kuchi koʻp, deb unga ishona olasanmi?
Hamma ogʻir ishlaringni unga topshirasanmi?
12 U hosilingni yigʻib,
Xirmonga olib kelishiga ishonasanmi?
13 Tuyaqush qanotlarini sevinch bilan qoqaveradi,
Ammo uning qanotu patlari laylaknikiga teng kelolmaydi .
14 Tuyaqush tuxumlarini yerga qoʻyadi,
Ularni qumda isitadi.
15 Birov oyoqlari bilan tuxumlarini bosib ketishidan,
Yovvoyi hayvon ularni ezib tashlashidan xavotirlanmaydi.
16 Oʻz bolalariga begonalarga oʻxshab berahm.
Chekkan zahmati behuda, ammo unga baribir.
17 Chunki Xudo unga aql bermagan,
Uni idrokdan qisib qoʻygan.
18 Ammo tuyaqush qanotlarini yoyib yugurganda ,
Otu chavandozni changida qoldirib ketadi.
19 Otga kuchni sen berganmisan?
Uning boʻynini sen yol bilan qoplaganmisan?
20 Sen otlarni chigirtkaday sakratasanmi?!
Otlar baland ovoz bilan kishnab,
Odamlarni qoʻrquvga soladi.
21 Shiddat bilan yerni tepadi,
Qattiq kuch bilan yugurib, jangga otiladi.
22 Qoʻrquvni bilmaydi, vahimaga tushmaydi,
Qilichdan ham qochmaydi.
23 Ularning ustida oʻqdon taraqlaydi,
Atrofida qilichu nayzalar yaltiraydi.
24 Burgʻular chalinganda otlar bir joyda turolmaydi,
Ular chopqillab, yerni changitadi.
25 Har burgʻu chalinganda kishnaydi,
Uzoqdanoq jang hidini sezadi.
Sardorlarning jangga daʼvatlariyu hayqiriqlarini eshitadi.
26 Qarchigʻaylar qanotlarini yoyib, janubga uchadi.
Ularga uchishni sen oʻrgatdingmi?
27 Sen buyurganing uchun burgut parvoz qiladimi?
Sening soʻzing bilan baland joylarda in quradimi?
28 U qoyalarda yashaydi,
Qirrali qoyalar uning qalʼasi.
29 Oʻsha yerdan turib, burgut oʻljasini topadi,
Uzoqdan turib koʻzlari koʻradi.
30 Uning bolalari qonga toʻyadi,
Jasadlar qayerda boʻlsa, ular ham oʻsha yerda.”
31 Keyin Egamiz Ayubga shunday dedi:
32 “Qodir Xudo bilan bahslashayotgan odam endi Uni toʻgʻrilaydimi?!
Qani, Xudoni ayblagan gapirsin endi!”
Ayub Egamizga javob beradi
33 Shunda Ayub Egamizga javob berdi:
34 “Men senga javob berishga loyiq emasman,
Damim ichimda, ogʻiz ochmayman.
35 Bir–ikki gapirib javob topmadim,
Endi boshqa gapirmayman.”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020