28–BOB
Donolik
1 Mana, kumush qazib olinadigan konlar bor,
Tilla tozalanadigan joylar ham bor.
2 Temirni yerdan qazib olishadi,
Toshlarni eritib, mis ajratib olishadi.
3 Inson qorongʻi konlarga chiroq bilan kiradi,
Hatto yer ostining eng chet joylarini ham qaziydi.
Yerning qop–qorongʻi joylarigacha borib,
Temir va mis qidiradi.
4 U odamzod yashaydigan joylardan uzoqda,
Inson qadam bosmaydigan yerlarda konlar qaziydi.
Odamzoddan uzoq joylarda arqonlarga osilib, chuqurlarga tushadi.
5 Mana, donu non yerdan unib chiqadi,
Ammo yer osti esa yondirilganday algʻov–dalgʻov boʻlib yotibdi.
6 Yerdagi toshlardan zangori yoqutlar chiqadi,
Tuprogʻida tilla bor.
7 Hech bir quzgʻun konlarning yashirin soʻqmoqlarini bilmaydi,
Hech bir burgutning koʻzlari u joylarni koʻrmagan.
8 Yovvoyi hayvonlar u yerlarga oyoq bosmagan,
Sherlar ham u yerlardan yurmagan.
9 Inson qoyalarni oʻyadi,
Togʻlarni tag–tugi bilan qoʻporib tashlaydi.
10 Qoyalar orasidan yoʻllar ochadi,
Inson koʻzlari hamma bebaho xazinalarni koʻradi.
11 Inson daryolarning manbaini topadi ,
Yashirin xazinalarni yorugʻlikka olib chiqadi.
12 Ammo donolikni qayerdan topsa boʻladi?!
Idrokning manbai qayerda ekan?!
13 Odamzod donolikning qayerda ekanligini bilmaydi,
Chunki yorugʻ yer yuzida donolik topilmaydi.
14 Tubsiz suvlar, donolik bizda emas, deydilar,
Dengiz ham, mening ichimda u yoʻq, deb aytar.
15 Donolikni tillaga sotib olib boʻlmaydi,
Uning narxini kumush bilan oʻlchab boʻlmaydi.
16 Donolik Ofir tillasiyu aqiq toshlar,
Zangori yoqutlar bilan ham sotib olinmaydi.
17 Tilla ham, billur ham donolikka teng kelmaydi,
Donolikni toza tilla taqinchoqlarga almashtirib boʻlmaydi.
18 Donolikning qadri gavhardan ham balanddir,
Marjon va javohirlar uning oldida qadrsizdir.
19 Habashistonning javohiri ham unga teng kelolmaydi,
Eng sof tilla bilan ham donolikni sotib olib boʻlmaydi.
20 Shunday ekan, donolik qayerdan kelib chiqadi?
Idrokning manbai qayerda?
21 U barcha jonzotlarning koʻzlaridan yashirilgan,
Hatto osmondagi qushlardan ham berkitilgan.
22 Hatto Halokat va Oʻlim ham,
Biz donolik haqida faqat eshitganmiz, deb aytadi.
23 Donolikka olib boradigan yoʻlni Xudo biladi,
Donolikning maskanini faqatgina U biladi.
24 Zotan, Xudo yerning toʻrt tomonini ham koʻrib turadi,
Falak ostidagi hamma narsani kuzatib turadi.
25 Xudo shamolga kuch bergan,
Dengizning hajmini belgilagan.
26 Yomgʻirning qayerga yogʻishini U koʻrsatib bergan,
Chaqmoq uchun yoʻllarni belgilagan.
27 Oʻshanda Xudo donolikka qaradi–da,
Donolikning qadrini belgiladi.
Uni tekshirib koʻrib, barqaror qildi.
28 Xudo odamzodga shunday dedi:
«Men, Rabbingizdan qoʻrqish donolikdir,
Fosiqlikdan yuz oʻgirish idrokdandir.»”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020