27–BOB
Ayubning soʻnggi nutqi: oʻzini nohaqlikdan saqlashi haqida
1 Ayub yana gap boshlab shunday dedi:
2 “Menga adolat qilmay,
Qalbimni yaralagan Qodir Xudo shohid!
3 Tanamda Xudo ato qilgan jon bor ekan,
Soʻnggi nafasimgacha,
4 Ogʻzimdan fisqu fasod eshitilmas,
Tilimdan yolgʻon soʻzlar chiqmas.
5 Hech qachon sizlarni haq deb tan olmayman,
Oʻlgunimcha aybsiz ekanligimni rad qilmayman.
6 Ikkilanmay oʻzim haqligimni aytaveraman,
Hayot ekanman, vijdonim toza mening.
7 Dushmanim fosiqlarday jazo olsin,
Raqiblarim yovuzlarday jazolansin.
8 Xudosiz odam hayotdan mahrum boʻlganda,
Unda qanday umid qoladi?
Xudo uni yoʻq qilganda umidi boʻladimi?
9 Xudosizlarning boshiga kulfat tushganda,
Xudo ularning faryodiga quloq tutarmikin?
10 Axir, ular Qodir Xudodan zavq topmaydilar–ku!
Ular har doim ham Xudoga iltijo qilmaydilar–ku!
11 Xudoning qudrati haqida sizlarga oʻrgataman.
Qodir Xudoning yoʻllarini sizlardan yashirmayman.
12 Axir, oʻzingiz bularning hammasini koʻrgansiz–ku!
Shunda ham bekorchi gaplarni qoʻymaysiz.
13 Fosiqlarning taqdiri quyidagichadir,
Qodir Xudo zolimlarning boshiga solgani mana shudir:
14 Ularning farzandlari koʻpaysa ham,
Baribir urushda halok boʻladi.
Zurriyoti hech qachon nonga toʻymaydi.
15 Tirik qolganlarini oʻlat nobud qiladi,
Bevalari esa aza ham tutolmaydi .
16 Kumushlari changday koʻp boʻlsa ham,
Kiyim–kechaklari uyum–uyum boʻlsa ham,
17 Oʻsha kiyimlarni solihlar kiyadi,
Kumushlarini esa aybsizlar boʻlib oladi.
18 Fosiqlarning uylari qush iniday moʻrt boʻladi,
Dala qorovullarining kapalari singari boʻladi.
19 Fosiqlar kechqurun yostiqqa bosh qoʻyganda boy boʻlsa,
Koʻzlarini ochib qaraganda, bor boyliklari yoʻqolib ketgan boʻladi.
20 Vahima ularni suv toshqiniday bosadi,
Tunda boʻronlar ularni uchirib ketadi.
21 Sharq shamoli ularni olib ketadi,
Fosiqlarni oʻz joylaridan supurib tashlaydi.
22 Bu shamol shafqatsizlarcha ularga tashlanadi,
Fosiqlar shamolning kuchidan qochishga urinadi.
23 Shamol ularning ustidan kuladi,
Hushtak chalib, ularni dahshatga soladi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020