1–BOB
Shayton Ayubni sinaydi
1 Bir vaqtlar Uz degan yurtda Ayub ismli bir odam yashar edi. Bu odam aybsiz va solih edi. U Xudodan qoʻrqardi, fosiqlikdan yuz oʻgirgan edi. 2 Uning yetti oʻgʻli va uch qizi bor edi. 3 Uning yana yetti mingta qoʻyi, uch mingta tuyasi, omochga qoʻshiladigan besh yuz juft hoʻkizi, besh yuzta eshagi va juda ham koʻp xizmatkorlari bor edi. Bu kishi sharqda yashaydiganlar orasida eng buyuk odam edi. 4 Ayubning oʻgʻillari bir–birlarining uylariga borib, ziyofatlar uyushtirishar, opa–singillarini ham mehmonga chaqirishar edi. 5 Ziyofatlar tugagandan keyin Ayub farzandlarini chaqirtirardi. “Farzandlarim yuraklarida Xudoni laʼnatlab, gunoh qilgan boʻlishlari mumkin”, deya erta tongda ularning har biri uchun kuydiriladigan qurbonliklar keltirib, ularni poklardi. Ayub har doim shunday qilar edi.
6 Bir kuni ilohiy zotlar Egamizning oldiga kelishdi. Ularning orasida shayton ham bor edi. 7 Shaytondan Egamiz:
— Qayerdan kelyapsan? — deb soʻradi.
Shayton:
— Yer yuzining u yogʻidan bu yogʻiga yurib, aylanib chiqdim, — deb javob berdi.
8 Shaytonga Egamiz shunday dedi:
— Qulim Ayubni koʻrdingmi? Yer yuzida unga oʻxshagan hech kim yoʻq. U aybsiz va solih odam. Mendan qoʻrqadi, fosiqlikdan yuz oʻgirgan.
9 Shayton shunday javob berdi:
— Ayub bekordan–bekorga Sendan qoʻrqarmidi?! 10 Uning xonadonini, oʻzini, bor narsasini himoya qilasan–ku! Har bir qilgan ishiga baraka berasan. Qara, uning mol–qoʻylari butun yurt boʻylab yoyilib ketgan. 11 Hozir undan bor narsasini olib qoʻygin–chi! U yuzingga qarab Seni laʼnatlaydi.
12 Shaytonga Egamiz shunday dedi:
— Mayli, Ayubning bor–budi senga, faqatgina uning oʻziga qarshi qoʻl koʻtarma!
Shunday qilib, shayton Egamizning huzuridan ketdi.
Ayub bor–budidan mahrum boʻladi
13 Bir kuni Ayubning farzandlari ziyofat qilib oʻtirishgan edi. Ular eng katta akalarining uyida yigʻilgandilar. 14 Ayubga bir xizmatkori quyidagi xabarni keltirdi: “Hoʻkizlaringizni omochga qoʻshib, yer haydayotgan edik. Eshaklar oldimizda oʻtlab yurgandi. 15 Bir toʻda Savoliklar bizga hujum qilishdi. Ular hamma hayvonlarni oʻgʻirlab ketishdi. Dalada ishlayotganlarning hammasini esa oʻldirishdi. Faqatgina men qochib qolishga ulgurdim. Shularni sizga aytishga keldim.” 16 U shu gaplarni aytib ulgurmasdanoq, yana bir xabarchi kelib, shunday dedi: “Osmondan yashin tushib, hamma qoʻyu choʻponlaringizni kuydirib yubordi. Faqatgina men qochib qolishga ulgurdim. Shularni sizga aytishga keldim.” 17 U gaplarini tugatmasdan turib, uchinchi xabarchi kelib shunday dedi: “Uch toʻda Xaldeylar kelib, tuyalaringizni oʻgʻirlab ketishdi. Xizmatkorlaringizni esa oʻldirishdi. Faqatgina men qochib qolishga ulgurdim. Shularni sizga aytishga keldim.” 18 U shu gaplarni aytayotgan ham ediki, yana bir xabarchi kelib dedi: “Oʻgʻil–qizlaringiz eng katta akalarining uyida ziyofat qilib oʻtirishgan edi. 19 Birdaniga choʻldan qattiq shamol turib, uyni toʻrtala tomonidan urdi. Uy qulab tushib, farzandlaringizni bosib qoldi. Ularning hammasi halok boʻldi. Faqatgina men qochib qolishga ulgurdim. Shularni sizga aytishga keldim.”
20 Ayub turib, qaygʻudan kiyimini yirtib tashladi. Keyin sochini qirib tashlab , yerga muk tushdi. 21 U shunday dedi: “Onamning qornidan yalangʻoch tushgandim, dunyodan ham yalangʻoch ketaman. Hamma narsamni Xudo bergan edi, Xudoning Oʻzi olib qoʻydi. Egamning nomiga hamdu sanolar boʻlsin!”
22 Shuncha koʻrgiliklardan keyin ham, Ayub Xudoni ayblamadi, gunoh qilmadi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020