6–BOB
Iso 5000 kishini toʻydiradi
1 Shundan keyin Iso qayiqda Jalila koʻlining narigi qirgʻogʻiga suzib oʻtdi (Jalila koʻlini Tiberiyas koʻli deb ham atashardi). 2 Bir talay xaloyiq Isoning orqasidan ergashib borardi. Chunki Iso moʻjizali alomatlar orqali xastalarni sogʻaytirganini ular koʻrgan edilar. 3 U shogirdlari bilan toqqa chiqib oʻtirdi. 4 Yahudiylarning Fisih bayrami yaqinlashayotgan edi.
5 Iso qarasa, bir talay xaloyiq U tomonga kelayotgan ekan. Iso Filipdan:
— Bu odamlarni toʻygʻazish uchun qayerdan non sotib olamiz? — deb soʻradi. 6 Iso bu gapni Filipni sinab koʻrish uchun aytayotgan edi, aslida nima qilishni Oʻzi bilar edi.
7 Filip shunday javob berdi:
— Bularning har biriga bir burda non berish uchun ikki yuz kumush tangaga non sotib olsak ham yetmaydi!
8 Shunda shogirdlaridan biri, Butrusning ukasi Endrus Isoga dedi:
9 — Bu yerdagi bir bolada beshta arpa non bilan ikkita baliq bor ekan. Lekin shuncha odamga bu nima ham boʻlar edi?!
10 — Odamlarni yerga oʻtqazinglar, — dedi Iso.
U yer qalin maysazor edi. Odamlarning hammasi yerga oʻtirishdi. Olomon orasida taxminan besh mingga yaqin erkak bor edi. 11 Iso nonlarni olib, shukrona duosini oʻqidi. Soʻng oʻtirganlarning hammasiga tarqatdi . Baliqlarni ham xuddi shunday qildi. Odamlar istaganlaricha yedilar.
12 Hammalari yeb toʻyganlaridan keyin, Iso shogirdlariga shunday dedi:
— Ortib qolgan non burdalarini yigʻib olinglar, isrof boʻlmasin.
13 Shogirdlar yeyilgan beshta arpa nondan ortib qolgan burdalarni yigʻib olishdi, oʻn ikkita savat toʻldi. 14 Shunda odamlar Isoning qilgan moʻjizali alomatini koʻrib:
— Haqiqatan ham dunyoga kelishi kerak boʻlgan paygʻambar mana shu Kishi ekan, — dedilar. 15 Ular Isoni zoʻrlik bilan shoh qilib koʻtarmoqchi boʻldilar. Buni bilgan Iso yolgʻiz Oʻzi toqqa chiqib ketdi.
Iso suv ustida yuradi
16 Kechki payt Isoning shogirdlari koʻl boʻyiga bordilar. 17 Qorongʻi tushgan, Iso esa hali ham ularning oldiga kelmagan edi. Shogirdlar qayiqqa tushib, koʻlning narigi tomonidagi Kafarnahumga qarab yoʻl oldilar. 18 Kuchli shamol esib, koʻl toʻlqinlanib ketayotgan edi. 19 Ular qirgʻoqdan besh chaqirimcha masofani suzganlaridan keyin, koʻl yuzida yurib kelayotgan Isoni koʻrishdi. U qayiqqa yaqinlashayotgan edi, shogirdlar qattiq vahimaga tushishdi.
20 — Qoʻrqmanglar, bu Menman! — dedi ularga Iso.
21 Ular Isoni qayiqqa olmoqchi boʻldilar. Oʻsha zahoti qayiq ular borayotgan qirgʻoqqa yetib toʻxtadi.
Iso — hayot noni
22 Ertasi kuni xalq Isoni qidira boshladi. Odamlar u yerda faqat bir qayiq borligini va shogirdlar Isoni qoldirib, oʻzlari qayiqda suzib ketganlarini bilishardi. 23 Shu payt Tiberiyasdan boshqa qayiqlar kelib qoldi. Qayiqlar toʻxtagan joy Rabbimiz Iso Oʻz shukrona duosini oʻqigan va xalq non yegan yerga yaqin edi. 24 Odamlar Iso bilan shogirdlarining u yerda yoʻqligini koʻrgach, qayiqlarga tushib, Isoni qidirib Kafarnahumga suzib kelishdi. 25 Ular Isoni koʻlning narigi boʻyidan topib, Undan soʻrashdi:
— Ustoz, Siz qachon bu yerga keldingiz?
26 Iso ularga shunday javob berdi:
— Sizlarga chinini aytayin: sizlar moʻjizali alomatlarni koʻrganingiz uchun emas, balki non yeb toʻyganingiz uchun Meni qidiryapsizlar. 27 Siz oʻtkinchi ozuqa uchun emas, abadiy hayotga boshlovchi boqiy ozuqa uchun harakat qilinglar. Bunday ozuqani sizlarga Inson Oʻgʻli beradi. Zotan, Otamiz Xudoning Oʻzi bu vazifa uchun Uni maʼqul deb topdi.
28 Odamlar Isoga shunday savol berishdi:
— Xudoga maʼqul ishlarni bajarish uchun nima qilishimiz kerak?
29 Iso dedi:
— Xudoga maʼqul ish qilmoqchi boʻlsangizlar, Xudo yuborgan Zotga ishoninglar.
30 Ular Isoga javoban shunday dedilar:
— Sizga ishonishimiz uchun birorta alomat koʻrsating. Qani, biz uchun nima ish qilasiz? 31 Axir, ota–bobolarimiz sahroda manna yeganlar. Muqaddas bitiklarda: “Xudo ularga yesin deb, osmondan non berdi” , deb yozilgan–ku.
32 Iso ularga dedi:
— Sizlarga chinini aytayin, sizlarga osmondan non bergan Muso emas. Osmondan tushgan haqiqiy nonni sizlarga Mening Otam beradi. 33 Otam Xudo beradigan non osmondan tushib, dunyoga hayot baxsh etadi.
34 Odamlar Isoga shunday dedilar:
— Hazrat, bunday nonni bizga doim berib turing!
35 Iso javoban dedi:
— Men hayot noniman. Mening oldimga kelgan odam sira och qolmaydi, Menga ishongan odam hech qachon chanqamaydi. 36 Ammo Men sizlarga aytganimday, sizlar Meni koʻrgan boʻlsangizlar ham, ishonmayapsizlar. 37 Samoviy Otam Menga bergan har bir odam Mening oldimga keladi. Oldimga kelgan bironta odamni Men aslo haydab yubormayman. 38 Men Oʻz irodamni emas, balki Meni yuborgan Otamning irodasini ado etish uchun osmondan tushganman. 39 Otamning irodasi shundan iboratki, U Menga berganlardan birontasining ham yoʻqolishiga Men yoʻl qoʻymasligim kerak, balki oxiratda ularning hammasini tiriltirishim kerak. 40 Ha, Oʻgʻilga koʻz tikkan va Unga ishongan har bir odam abadiy hayotga ega boʻlishi Otamning irodasidir. Men bunday odamlarni oxiratda tiriltiraman.
41 Iso: “Men osmondan tushgan nonman” degani uchun yahudiylar Undan norozi boʻla boshlashdi. 42 Ular oʻzaro shunday deb aytishardi:
— Bu Yusufning oʻgʻli Iso–ku! Ota–onasini taniymiz, qanday qilib: “Men osmondan tushdim”, deb aytishga haddi sigʻdi?!
43 — Bunday gaplaringizni bas qilinglar! — dedi ularga Iso. 44 — Agar Meni yuborgan Ota birovni jalb qilmasa, u Menga kelolmaydi. Oldimga kelgan odamni esa Men oxiratda tiriltiraman. 45 Paygʻambarlar bitiklarida: “Ularning hammasiga Xudo taʼlim beradi” , deb yozilgan. Otaga quloq solgan, Undan oʻrgangan har bir odam Mening oldimga keladi. 46 Aslida hech kim hech qachon samoviy Otani koʻrgan emas, birgina Xudodan boʻlgan Zot Otani koʻrgan. 47 Sizlarga chinini aytaman: kim Menga ishonsa, abadiy hayotga ega boʻladi. 48 Men hayot noniman. 49 Ota–bobolaringiz sahroda manna yegandilar, shunga qaramay oʻlib ketdilar. 50 Ammo osmondan tushadigan bu non esa shunday xislatga egaki, undan yegan odam oʻlmaydi. 51 Men osmondan tushgan hayotbaxsh nondirman. Bu nonni yegan kishi abadiy yashaydi. Dunyoga hayot baxshida etish uchun beradigan nonim Mening tanamdir.
52 Shunda yahudiylar:
— U qanday qilib bizga Oʻzining tanasini yedira olar ekan? — deb oʻzaro talashib–tortisha boshladilar. 53 Iso ularga dedi:
— Sizlarga chinini aytaman: agar Inson Oʻgʻlining tanasini yemasangizlar va Uning qonini ichmasangizlar, sizda hayot boʻlmaydi. 54 Mening tanamni yegan va qonimni ichgan odam esa abadiy hayotga egadir. Men uni oxiratda tiriltiraman. 55 Mening tanam — haqiqiy ozuqa, qonim haqiqiy ichimlikdir. 56 Tanamni yeb, qonimni ichadigan odam Menda, Men esa unda yashayman. 57 Modomiki, Meni barhayot Ota yuborgan ekan, Men Ota tufayli yashayman. Mening tanamni yegan har bir odam esa Men tufayli yashaydi. 58 Osmondan tushgan non mana shudir. Bu non ota–bobolaringiz yegan mannaga oʻxshamaydi, ular manna yeb oʻlib ketganlar. Men bergan nonni yegan odam esa abadiy yashaydi.
Abadiy hayot baxsh etuvchi soʻzlar
59 Iso bu soʻzlarni Kafarnahumdagi sinagogada taʼlim berayotganda aytgan edi. 60 Uning koʻplab shogirdlari bu gaplarni eshitib:
— Qanchalik qattiq soʻzlar! Bularni kim hazm qila oladi?! — deyishar edi. 61 Shogirdlari norozi boʻlganlarini Iso bilardi, shuning uchun U shunday dedi:
— Gaplarim jigʻingizga tegyaptimi? 62 Agar sizlar Inson Oʻgʻlining asli kelgan joyiga — osmonga koʻtarilib ketayotganini koʻrsangizlar, nima der ekansizlar–a?! 63 Xudoning Ruhi hayot baxsh etadi, insonning kuchi bilan esa hech narsaga erishib boʻlmaydi. Sizlarga aytgan bu soʻzlarimni Menga Xudoning Ruhi bergan, bu soʻzlarim sizlarga hayot ato qiladi. 64 Shunga qaramay, orangizda Menga ishonmaganlar bor.
Holbuki, Iso kimlar ishonmaganini va kim Unga xiyonat qilishini oldindan bilar edi.
65 Iso gapida davom etdi:
— Shu sababdan Men sizlarga: “Osmondagi Otam yoʻl qoʻymasa, hech kim Mening oldimga kelolmaydi”, — degan edim.
66 Oʻsha vaqtdan boshlab koʻp shogirdlar Isodan yuz oʻgirib, Unga ergashmaydigan boʻldilar. 67 Shunda Iso oʻn ikki shogirdidan:
— Sizlar ham ketmoqchimisizlar? — deb soʻradi.
68 Butrus shunday javob berdi:
— Hazrat, biz Sizdan boshqa kimga ham borar edik?! Abadiy hayot baxsh etuvchi soʻzlar Sizda–ku! 69 Siz Xudoning Azizi ekaningizga ishonchimiz komil.
70 Iso ularga dedi:
— Men oʻn ikkitangizni tanlab oldim. Lekin orangizdagi bittangiz iblisdir!
71 U Shimoʻn oʻgʻli Yahudo Ishqariyotni nazarda tutgan edi. Yahudo oʻn ikki shogirddan biri boʻlsa ham, keyinchalik Isoga xiyonat qildi.