48–BOB
Moʻabning taqdiri
1 Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam Moʻab haqida shunday demoqda:
“Navo aholisining holiga voy!
Ularning shahri xarob boʻladi.
Xiratayim sharmandalarcha magʻlub boʻladi,
Uning qalʼasi uyatga qoladi,
Yer bilan yakson qilinadi.
2 Moʻabning dovrugʻidan asar ham qolmaydi.
Dushman Xashbon shahrini qoʻlga kiritadi,
Moʻab xalqini ildizidan quritishni reja qiladi.
Madmon shahrida sukunat hukm suradi,
Qilich uning iziga tushadi.
3 Ana, Xoʻronayimdan faryod eshitilmoqda!
«Xonavayron boʻldik!» deya xitob qilishmoqda.
4 «Moʻab vayron boʻldi–ku!» deya dodlashmoqda.
Goʻdaklari bigʻillab yigʻlamoqda.
5 Odamlar achchiq–achchiq yigʻlab,
Luxit tepaligiga chiqishadi.
Hatto Xoʻronayimga tushish yoʻlida
Achchiq figʻon ovozlari eshitiladi.
6 Tezroq qoching!
Choʻldagi yulgʻunday
Joningizni saqlab qolishga tirishing!
7 Ey Moʻab, sen kuch va boyligingga tayanding,
Endi esa magʻlub boʻlasan.
Xudoying Xamoʻsh surgun qilinadi,
Ruhoniylaringu aʼyonlaring asir qilib olib ketiladi.
8 Sening har bir shahringga vayron etuvchi keladi,
Birorta shahring omon qolmaydi.
Vodiy vayron qilinadi,
Yassi tepalik yakson etiladi.”
Egamizning kalomi shudir.
9 Moʻab uchun qabr toshi tayyorlang,
Koʻp oʻtmay Moʻab yoʻq boʻladi .
Shaharlari vayron qilinadi,
Hammasi huvullab qoladi.
10 Egamizning ishidan boʻyin tovlagan kishi laʼnati boʻlsin! Qon toʻkishdan oʻzini tiygan bunday kishi laʼnati boʻlsin!
Moʻab shaharlari vayron boʻladi
11 “Moʻab yoshligidan bexatar oʻsgan,
Tindirilgan sharob kabi tinch yashagan.
Goʻyo bir idishdan boshqasiga quyilmagan,
Hech qachon oʻz yurtidan surgun boʻlmagan.
Shu bois uning taʼmi oʻzgarmagan,
Muattar hidi saqlanib qolgan.
12 Ammo shunday kunlar kelmoqdaki,
Men Moʻabga qarshi odamlarni joʻnataman,
— deb aytmoqda Egamiz. —
Ular Moʻabni sharob toʻkkanday toʻkib tashlaydilar.
Idishlarini boʻshatib, chilparchin qiladilar.
13 Moʻab xalqi oʻz xudosi Xamoʻsh dastidan sharmanda boʻladi,
Isroil xalqining holiga tushadi.
Axir, Isroil ham Baytildagi buzoqqa inonib,
Sharmandayi sharmisor boʻlgan edi–ku!”
14 “Biz qahramonlarmiz,
Jasur jangchilarmiz”, deb
Aytishga qanday haddingiz sigʻdi?
15 Xudo Shohdir,
Sarvari Olamdir Uning nomi.
U shunday demoqda:
“Moʻab vayron boʻladi,
Shaharlari bosib olinadi.
Eng sara yigitlari qirib tashlanadi.
16 Moʻabga kulfat yaqinlashmoqda,
Falokat unga yelday uchib kelmoqda.
17 Ey Moʻab qoʻshnilari, qaygʻuringlar,
Ey Moʻabni taniganlar, motam tutinglar.
Aytinglar: «Evoh, saltanat hassasi sindi.
Qudratli va ulugʻvor hassa parchalandi.»
18 Ey Dibonda yashaydiganlar,
Toʻrdagi oʻrningizdan turinglar,
Yerdagi tuproqqa oʻtiringlar.
Zero, Moʻabni halok etuvchi sizga qarshi chiqadi,
U qoʻrgʻonlaringizni qulatadi.
19 Ey Arorda yashaydiganlar,
Koʻchaga chiqib kuzatib turinglar!
Qochib ketayotgan erkagu ayollardan
«Nima boʻldi?» deb soʻranglar.
20 Evoh, Moʻab sharmanda boʻldi, vayron qilindi.
Uvvos solib, faryod qilinglar!
Moʻab xarob boʻlganini
Arnon daryosi boʻylarida eʼlon qilinglar.
21 Men yassi tepaliklarda joylashgan hamma shaharlarni: Xoʻlunni, Yaxazni , Mifatni, 22 Dibonni, Navoni, Bayt–Diblatayimni, 23 Xiratayimni, Bayt–Gamulni, Bayt–Miyonni, 24 Xariyoʻtni, Bozraxni jazolayman. Xullas, uzoq–yaqinda joylashgan hamma Moʻab shaharlari vayron boʻladi. 25 Moʻabning qudrati sinadi, kuchi kesiladi.” Egamizning kalomi shudir.
Moʻab sharmanda boʻladi
26 Oʻzini Egamizdan ustun qoʻygan Moʻabni mast qilinglar. Oʻz qusugʻida oʻzi dumalab yotsin, odamlarga kulgi, masxara boʻlsin. 27 Ey Moʻab, esingdami, Isroil ustidan kulgan eding! U oʻgʻrimidiki, u haqda gapirganingda boshingni chayqagan eding!
28 Ey Moʻab aholisi!
Shaharlarni tark eting,
Qoyalar orasida yashab yuravering.
Togʻ darasida in qurgan kabutarlarday boʻling.
29 Eshitganmiz Moʻabning magʻrurligini,
Manmanligi, kiborligi, takabburligini!
Naqadar takabburdir u!
Nihoyatda gerdayib ketgan!
30 Egamiz shunday demoqda:
“Men bu xalqning surbetligini bilaman.
Ular behuda maqtanadilar.
31 Shunday ekan, Moʻab uchun Men yigʻlayman,
Butun Moʻab xalqi uchun faryod qilaman.
Xir–Xarasot aholisi uchun koʻz yosh toʻkaman.
32 Ey Sivmo qishlogʻining uzumzorlari,
Men ham, Yazir shahri singari, sizlar uchun qaygʻuraman .
Sizning novdalaringiz oʻsib ketdi,
Hatto Oʻlik dengizdan ham oshib oʻtdi,
Shoxlaringiz Yazir shahrigacha yetdi.
Ammo yozgi mevalar va uzumlaringizga
Zararkunandalar tushdi.
33 Moʻabning hosildor yerlarida
Shodligu xursandchilik barham topdi.
Men uzum siqish chuqurlaridagi
Sharobni tortib olaman.
Endi hech kim shodlikdan hayqirib uzum ezmaydi,
Shodon qiyqiriqlar endi eshitilmaydi.
34 Xashbon, Elaley ahli faryod chekadi,
Ularning ovozi Yaxazgacha eshitiladi.
Sadosi Zoʻvardan Xoʻronayimgacha jaranglaydi,
To Eglat–Shalishiyogacha yetib boradi.
Hatto Nimrim suvlari nobud boʻladi.
35 Moʻab sajdagohlarida qurbonlik qilganlarni oʻldiraman,
Oʻz xudolariga atab tutatqi tutatganlarni yoʻq qilaman,
— deb aytmoqda Egamiz. —
36 Qalbim nay kabi nola qilib,
Moʻab uchun qaygʻurmoqda.
Ha, qalbim nay kabi,
Xir–Xarasot odamlari uchun yigʻlamoqda.
Axir, ularning yiqqan boyligi yoʻq boʻldi.
37 Qaygʻudan hamma sochini oldirgan,
Hamma soqolini qirib tashlagan,
Hamma qoʻllarini tilgan ,
Bellariga qanor oʻrab olgan .
38 Moʻabdagi hamma tomlar ustida ,
Hamma shahar maydonlarida
Faqat marsiya aytiladi.
Zotan, Men Moʻabni sindirib tashlayman,
Keraksiz idishday chilparchin qilaman,
— deb aytmoqda Egamiz. —
39 Moʻab chil–chil sinadi!
Odamlari achchiq–achchiq yigʻlaydi!
Sharmandalikdan Moʻab yuzini yashiradi!
Moʻab hammaga masxara boʻladi,
Uning ahvolidan qoʻshni xalqlar vahimaga tushadi.”
Moʻab dushmanlardan qutula olmaydi
40 Egamiz shunday demoqda:
“Qaranglar!
Dushman burgut singari, Moʻabga hujum qilmoqda,
Qanot kerib Moʻab uzra parvoz etmoqda.
41 Moʻab shaharlari endi olinadi,
Qalʼalari qoʻlga kiritiladi.
Oʻsha kuni Moʻab lashkarlari vahimaga tushadi,
Ular dard tutgan ayol kabi boʻlib qoladi.
42 Axir, Moʻab oʻzini Mendan ustun qoʻydi,
Endi u nobud boʻladi.
43 Ey Moʻab ahli, sizni vahima,
Tuzoq va choh kutmoqda!
— deb aytmoqda Egamiz. —
44 Vahimadan qochgan chuqurga tushar,
Chuqurdan chiqqan esa tuzoqqa ilinar.
Men Moʻabning boshiga
Jazo yilini keltiraman,
— deb aytmoqda Egamiz. —
45 Holdan toygan qochoqlar
Xashbon shahri soyasida toʻxtaydi.
Ammo olov chiqadi Xashbon shahridan,
Alanga chiqadi shoh Sixoʻnning shahridan .
Yongʻin butun Moʻab yurtini yamlab yutadi,
Isyonkor odamlarning boshini yeydi .
46 Ey Moʻab, holingga voy!
Xamoʻshga sigʻinganlar nobud boʻladi,
Oʻgʻil–qizlaring asirlikka tushadi.
47 Ammo keyinchalik
Men Moʻab xalqini yana farovonlikka erishtiraman .”
Egamizning kalomi shudir.
Moʻab toʻgʻrisidagi bashoratlar oʻz nihoyasiga yetdi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020