39–BOB
Quddus qulaydi
1 Yahudo shohi Zidqiyo hukmronligining toʻqqizinchi yili oʻninchi oyida Bobil shohi Navuxadnazar oʻzining jamiki lashkari bilan Quddusga kelib, shaharni qamal qildi. 2 Zidqiyo hukmronligining oʻn birinchi yili toʻrtinchi oyining toʻqqizinchi kunida Bobilliklar Quddus devorini yorib, shaharga kirdilar. 3 Shahar qoʻlga olingach, Bobil shohining hamma aʼyonlari shaharning Oʻrta darvozasidagi mahkamalarda qoʻmondonlik qarorgohini joylashtirdilar . Aʼyonlarning orasida Nargal–Sharazar, Samgarnavu, bosh maslahatchi Sarsahim va amaldor Nargal–Sharazar bor edilar. 4 Yahudo shohi Zidqiyo va uning jamiki lashkari ularni koʻrdilar–u, qochdilar. Ular yarim kechasi shohning bogʻi orqali oʻtib, ikki devor orasidagi darvozadan chiqdilar–da, Iordan vodiysiga qarab ketdilar. 5 Ammo Bobil sipohlari ularning orqasidan quvib, Yerixo tekisligida Zidqiyoga yetib oldilar. Ular Zidqiyoni qoʻlga olib, Xomat yurtidagi Rivlo shahriga — Bobil shohi Navuxadnazarning huzuriga olib borishdi. Shoh Navuxadnazar Zidqiyoni hukm qildi, 6 Rivloda Zidqiyoning oʻgʻillarini koʻzi oldida oʻldirdi, soʻng hamma Yahudo aʼyonlarini qatl qildi. 7 Zidqiyoning esa koʻzlarini oʻyib, Bobilga olib ketish uchun kishanladi.
8 Bobilliklar shoh saroyiga va odamlarning uylariga oʻt qoʻyib, Quddus devorlarini yiqitdilar. 9 Qoʻriqchilar sardori Nabizaradon shaharda qolgan butun xalqni, Bobil shohi tomonga oʻtgan qochoqlarni Bobilga asir qilib olib ketdi. 10 U Yahudo yurtida hech vaqosi boʻlmagan qashshoq odamlarnigina qoldirdi. Oʻsha odamlarga dala va uzumzorlarni berdi.
Yeremiyo ozod boʻladi
11 Shoh Navuxadnazar qoʻriqchilar sardori Nabizaradon orqali Yeremiyoga oid quyidagi amrni berdi: 12 “Yeremiyoni qaramogʻingizga olib, unga yaxshi qaranglar. Aslo zarar yetkazmanglar, sizlardan nima soʻrasa bajaringlar.” 13 Qoʻriqchilar sardori Nabizaradon, bosh nazoratchi Navushazbon, shoh maslahatchisi Nargal–Sharazar va Bobil shohining hamma bosh amaldorlari odam yuborib, unga: 14 “Yeremiyoni qoʻriqchilar hovlisidan olib kel”, deb buyurdilar. Uni eson–omon uyiga eltib qoʻyish uchun Gadaliyoga topshirdilar. Gadaliyo Oxixamning oʻgʻli, Shofoning nevarasi edi. Shunday qilib, Yeremiyo oʻz xalqining orasida qoldi.
Obidmalek
15 Yeremiyo soqchilar hovlisida qamoqda oʻtirganda, unga Egamizning soʻzi ayon boʻlgan edi: 16 “Habashistonlik Obidmalekning oldiga borib, shunday deb ayt: «Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam aytmoqda: Men aytgan soʻzlarimni bajo qilaman. Bu shaharga yaxshilik emas, yomonlik keltiraman. Sen oʻzing buning guvohi boʻlasan. 17 Lekin oʻsha kuni Men seni qutqarib qolaman, — deb aytmoqda Egamiz. — Oʻzing qoʻrqadigan odamlarning qoʻliga seni bermayman. 18 Seni, albatta, qutqaraman, jangda halok boʻlmaysan. Menga umid bogʻlaganing uchun joning omon boʻladi, — deb aytmoqda Egamiz.»”