38–BOB
Yeremiyoni sardobaga tashlashadi
1 Matton oʻgʻli Shafatiyo, Pashxur oʻgʻli Gadaliyo, Shalamiyo oʻgʻli Yohuxal va Malkiyo oʻgʻli Peshxur Yeremiyoning xalqqa aytgan shu soʻzlarini eshitgan edilar: 2 “Egamiz demoqda: «Shaharda qolganlar qilichdan, qahatchilik va oʻlatdan nobud boʻladilar. Bobilliklarning oldiga chiqqanlar esa tirik qoladilar. Bu odamlar hech boʻlmaganda oʻz jonlarini saqlab qoladilar. 3 Bobil shohining lashkari albatta bu shaharni taslim qilib, qoʻlga kiritadi.» Egamizning kalomi shudir.”
4 Aʼyonlar shohga arz qilib:
— Bu odamni yoʻq qilish kerak! — dedilar, — chunki u oʻzining bemaʼni gaplari bilan shaharda qolgan jangchilaru odamlarning ruhini tushirmoqda. U xalqimizning foydasini emas, zararini koʻzlamoqda.
5 — Juda soz, — dedi shoh, — u bilan xohlaganingizni qiling. Men sizlarga monelik qila olmayman.
6 Aʼyonlar Yeremiyoni ushlab, arqonlarga bogʻlab sardobaga tushirdilar. Soqchilar hovlisidagi bu suvsiz sardoba shahzoda Malkiyoga tegishli boʻlib, sardobada balchiqdan boshqa hech narsa yoʻq edi. Yeremiyo balchiqqa botib qoldi.
7 Yeremiyo sardobaga tashlangani haqida shoh saroyining amaldori Habashistonlik Obidmalek xabardor boʻldi. Shoh oʻsha paytda Benyamin darvozasidagi mahkamada edi. 8 Obidmalek saroydan chiqdi–da, shohning oldiga borib dedi:
9 — Shoh hazratlari, Yeremiyo paygʻambarni sardobaga tashlagan odamlar qabihlik qilishibdi. Shaharda non qolmagan boʻlsa, Yeremiyo u yerda ochlikdan oʻladi–ku.
10 Shoh Habashistonlik Obidmalekka shunday amr qildi:
— Bu yerdan oʻttizta odamni olgin–da, borib Yeremiyoni sardobadan chiqarib ol. Tagʻin u yerda oʻlib qolmasin.
11 Obidmalek yoniga odamlarni olib, saroy xazinasining ostki qismida joylashgan xonaga kirdi. U yerdan eski–tuski kiyimlar va latta–putta topib, ularni arqonlarga bogʻlab, Yeremiyoga tushirdi. 12 Soʻng Yeremiyoga dedi: “Arqon tanangizni qiyib yubormasligi uchun lattalarni arqon bilan qoʻltigʻingiz orasiga qoʻying.” Yeremiyo aytilganday qildi. 13 Odamlar Yeremiyoni arqonlar yordamida sardobadan chiqarib oldilar. Yeremiyo soqchilar hovlisida qoldi.
Zidqiyo Yeremiyoga maslahat soladi
14 Shoh Zidqiyo Yeremiyo paygʻambarni chaqirtirdi, uni Egamiz Maʼbadining uchinchi kirishida kutib oldi.
— Sendan bir narsani soʻramoqchiman, — dedi shoh. — Mendan hech narsani yashira koʻrma.
15 — Sizga haqiqatni aytsam, meni oʻldirishingiz aniq, — dedi Yeremiyo. — Sizga maslahat berganim bilan, baribir quloq solmaysiz.
16 Shoh Zidqiyo Yeremiyoga maxfiy ravishda ont ichib dedi:
— Bizga hayot baxshida etgan Egamiz shohid, men seni oʻldirmayman. Joningga qasd qilayotgan odamlarning qoʻliga ham seni topshirmayman.
17 Shundan keyin Yeremiyo Zidqiyoga dedi:
— Isroil xalqining Xudosi, Parvardigori Olam — Egamiz demoqda: “Agar siz Bobil shohining aʼyonlariga taslim boʻlsangiz, oʻz joningizni saqlab qolasiz, bu shahar ham olovga yem boʻlmaydi. Siz va butun xonadoningiz tirik qolasizlar. 18 Bordi–yu, Bobil shohining aʼyonlariga taslim boʻlmasangiz, Bobilliklar bu shaharni yengib, unga oʻt qoʻyadilar, oʻzingiz ham ularning qoʻlidan qochib qutulolmaysiz.”
19 — Men Bobilliklar tomonga qochib oʻtgan yahudiylardan qoʻrqaman, — dedi shoh. — Bobilliklar meni ularning qoʻliga topshirishsa, ular meni xoʻrlashadi.
20 — Topshirishmaydi, — dedi Yeremiyo. — Aytganlarimni qilib, Egamizning soʻziga itoat qilsangiz, hammasi yaxshi boʻladi, joningizni saqlab qolasiz. 21 Bordi–yu, taslim boʻlishdan bosh tortsangiz, Egamiz menga vahiy orqali ayon qilganlari bajo boʻladi: 22 saroyingizda qolgan hamma ayollar Bobil shohining aʼyonlari oldiga chiqariladi. Oʻsha ayollar sizga shunday deyishadi:
“Ishongan doʻstlaringiz
Sizni aldab, yengib ketishdi.
Oyogʻingiz loyga botganda,
Ishongan doʻstlaringiz sizni tashlab ketishdi.”
23 Sizning xotinu bola–chaqalaringiz Bobilliklarning oldiga chiqariladi. Siz oʻzingiz ham Bobilliklarning qoʻlidan qochib qutula olmaysiz. Bobil shohi sizni qoʻlga tushirib, shaharni yondirib yuboradi.
24 — Suhbatimiz haqida hech kimga ogʻiz ochma, aks holda, oʻlasan, — dedi Zidqiyo Yeremiyoga. 25 — Bordi–yu, aʼyonlar sen bilan gaplashganimni bilib qolib, senga: “Shoh bilan nimalar haqida gaplashding? Bizdan biron narsani yashirmay ayt, boʻlmasa oʻlasan”, deb aytishsa, 26 sen ularga: “Meni Yoʻnatanning uyiga qaytarib yubormang, shohim, aks holda, u yerda adoyi tamom boʻlaman, deb iltijo qildim”, deya javob ber.
27 Aʼyonlar Yeremiyoning oldiga kelib, uni soʻroqqa tutishdi. Yeremiyo shoh buyurgan gaplarni aytib, javob berdi. Shundan keyin aʼyonlar unga boshqa savol bermadilar, chunki shoh bilan Yeremiyo orasida boʻlgan suhbatni hech kim eshitmagan edi. 28 Yeremiyo Quddus qulagan kunga qadar soqchilar hovlisida qoldi .
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020