30–BOB
Egamiz Oʻz xalqiga vaʼda beradi
1 Egamizning soʻzi Yeremiyoga ayon boʻldi. 2 Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday dedi: “Men senga aytgan barcha soʻzlarimni oʻrama qogʻozga yozib qoʻy. 3 Shunday kunlar keladiki, Men xalqim Isroilni va Yahudoni yana farovonlikka erishtiraman . Ota–bobolariga bergan yurtga ularni olib kelaman. Ular oʻsha yurtga egalik qiladilar.” Egamizning kalomi shudir.
4 Egamiz menga Isroil va Yahudo haqida shunday soʻzlarni aytdi:

5 Egamiz demoqda:
“Sarosima ovozlarini eshitdik.
Ana, vahima sadolari eshitilmoqda! Tinchlik yoʻq!
6 Qani, soʻrab koʻring:
Erkak kishi tugʻadimi?
Nega unda men koʻrgan har bir kuchli erkak
Dard tutgan ayolday belini ushlab olgan?
Nega har bir erkakning yuzi boʻzday oqargan?
7 Evoh, naqadar dahshatli bu kun!
Bunday kun hech qachon boʻlmagan.
Yoqub nasli uchun bu jabr kuni boʻladi,
Ammo bu kundan xalqim qutqariladi.”

8 Sarvari Olam shunday demoqda: “Oʻsha kuni Men xalqimning boʻynidagi boʻyinturuqni sindiraman, kishanlarini uzib tashlayman. Mening xalqim endi hech qachon ajnabiylarga qul boʻlmaydi. 9 Ular Men, Oʻz Egasi Xudoga va Men taxtga oʻtqizadigan Dovud avlodidan boʻlgan shohga xizmat qilishadi.”

10 Egamiz shunday demoqda:
“Ey qulim Yoqub, qoʻrqma!
Ey Isroil xalqi, sarosimaga tushma!
Men seni olis yurtdan ozod qilib olib kelaman,
Naslingni surgun boʻlgan mamlakatdan qutqaraman.
Ey Yoqub nasli, sen yurtingga qaytasan,
Osoyishta va bexatar yashaysan.
Endi hech kim seni qoʻrqitmaydi.”
11 Egamiz shunday demoqda:
“Men sen bilan birga boʻlaman,
Oʻzim seni qutqaraman.
Seni xalqlar orasiga tarqatgan edim,
Endi oʻsha xalqlarning hammasini qirib tashlayman.
Seni esa qirib yubormayman,
Ammo jazosiz ham qoldirmayman,
Adolat ila jazoingni beraman.”

12 Mana, Egamiz Oʻz xalqiga shunday demoqda:
“Yarangni davolab boʻlmaydi,
Sening darding bedavodir.
13 Arzingni eshitadigan odam yoʻq,
Yarang uchun dori–darmon yoʻq,
Seni davolab boʻlmaydi.
14 Hamma oʻynashlaring seni unutdi,
Ularning sen bilan ishi yoʻq.
Men dushman kabi, senga hamla qildim,
Shafqatsiz jazoingni berdim.
Ogʻir jinoyating, koʻp gunohlaring uchun
Seni shu koʻyga soldim.
15 Nechun jon achchigʻida baqiryapsan?!
Yarangni davolab boʻlmaydi, axir!
Ogʻir jinoyating, koʻp gunohlaring uchun
Seni shu koʻyga soldim.
16 Ammo seni halok qilganlar halok boʻladi,
Dushmanlaringning hammasi surgun qilinadi.
Seni talon–taroj qilganlar talanadi.
Senga hujum qilganlar bosib olinadi.
17 Dushmanlar seni «Tashlab ketilgan» deb atashsa ham,
«Hech kimning Quddus bilan ishi yoʻq», deb aytishsa ham,
Men seni sogʻaytiraman,
Yarangga shifo beraman.”
Egamizning kalomi shudir.

18 Egamiz shunday demoqda:
“Men Yoqub naslining chodirlarini qayta tiklayman.
Xalqim xonadonlariga rahm–shafqat qilaman.
Shahar oʻz vayronalari ustida qayta bunyod boʻladi,
Saroy oʻz joyida tiklanadi.
19 U yerdan shukrona qoʻshiqlari eshitiladi,
Shodlik hayqiriqlari yangrab turadi.
Men xalqimni koʻpaytiraman,
Ularning soni kamaymaydi.
Ularni obroʻ–eʼtiborli qilaman,
Hech kim ularni oyoq osti qilmaydi.
20 Farzandlari oldingiday farovon hayot kechiradi,
Jamoasi oldimda mustahkam turadi.
Ularga jabr qilganlarni Men jazolayman.
21 Shahzodasi oʻzlaridan chiqadi,
Hukmdori Mening xalqimdan boʻladi.
Men uni Oʻzimga yaqinlashtiraman,
Shunda u Menga yaqinlasha oladi.
Zotan, hech kim oʻzidan–oʻzi
Menga yaqinlashishga jurʼat etmaydi!
— deb aytmoqda Egamiz. —
22 Shunda, ey Yoqub nasli, sizlar Mening xalqim boʻlasizlar,
Men esa sizlarning Xudoyingiz boʻlaman.”

23 Qaranglar, Egamiz gʻazabga mindi,
Uning qahri boʻronga oʻxshaydi,
Avj olgan toʻfonday,
Fosiqlarning boshiga tushadi.
24 Egamiz niyatini toʻliq bajarmaguncha,
Oʻz gʻazabidan tushmaydi.
Keyinchalik buni anglab olasiz.