7–BOB
Gidoʻn Midiyonlarni yakson qiladi
1 Yerubbaal, yaʼni Gidoʻn, jamiki lashkari bilan barvaqt turib, qarorgohini Xaroʻd bulogʻining boʻyida joylashtirdi. Midiyonlarning qarorgohi esa ulardan shimolda, Moʻre tepaligining yonidagi vodiyda joylashgan edi.
2 Egamiz Gidoʻnga dedi: “Sening lashkaring juda koʻp boʻlgani uchun Midiyonlarni qoʻllaringga berolmayman. Aks holda, Isroil xalqi, Meni ulugʻlamay, gʻalabaga oʻz kuchimiz bilan erishdik, deb oʻziga bino qoʻyadi. 3 Dushmandan qoʻrqqanlarga ijozat ber, Gilad togʻini tark etib, uylariga qaytib ketsinlar.” Shunday qilib, odamlarning yigirma ikki mingtasi qaytib ketib, oʻn mingtasi qoldi.
4 Keyin Egamiz Gidoʻnga dedi: “Qolgan lashkar ham koʻplik qiladi. Ularni suv boʻyiga olib tush, u yerda senga ularni ajratib beraman. Men senga, bunisi sen bilan boradi deganim sen bilan boradi, bunisi esa sen bilan bormaydi deganim sen bilan bormaydi.”
5 Gidoʻn lashkarni suv boʻyiga olib tushdi. Egamiz unga dedi: “Suvni itga oʻxshab, yalab ichganlarning hammasini bir tarafga, choʻkkalab ichganlarni esa boshqa tarafga turgʻizib qoʻy.” 6 Suvni hovuchlab yalaganlarning soni uch yuzta edi. Lashkarning qolganlari esa choʻkkalab suvni ichgandi. 7 Egamiz Gidoʻnga dedi: “Suvni yalab ichgan uch yuzta odam bilan sizlarni ozod qilib, Midiyonlarni qoʻllaringga beraman. Qolganlarni qoʻyib yubor, uylariga qaytib ketaverishsin.” 8 Gidoʻn uch yuzta odamdan boshqa hammasini uylariga qaytarib yubordi. Ammo ketganlarning oziq–ovqatiyu burgʻularini olib qoldi.
Midiyonlarning qarorgohi pastda, vodiyda joylashgan edi.
9 Oʻsha kuni kechasi Egamiz Gidoʻnga dedi: “Tur, qarorgohga hujum qil. Men uni sening qoʻlingga berdim. 10 Agar qoʻrqayotgan boʻlsang, Purax degan xizmatkoringni olib, qarorgohga tush. 11 Midiyonlarning gapini eshitgach, yurak yutib qarorgohga hujum qilasan.” Gidoʻn Purax ismli xizmatkorini olib pastga, yov qarorgohining etagiga tushdi. 12 Midiyonlar, Omolek xalqi va sharqdagi koʻchmanchilar vodiyda chigirtkaday gʻijillab yotardi. Ularning tuyalari esa dengiz qirgʻogʻidagi qumday son–sanoqsiz edi. 13 Gidoʻn yov qarorgohiga yetib borganda, bir odam oʻzining birodariga tushini aytib berayotganini eshitib qoldi. Oʻsha odam shunday hikoya qilayotgan edi:
— Men bir tush koʻrdim. Tushimda arpadan pishirilgan qandaydir bir non Midiyon qarorgohiga yumalab kelib, chodirga urilibdi. Chodir esa agʻdarilib tushibdi.
14 — Bu aniq Isroil xalqidan boʻlgan Yoʻsh oʻgʻli Gidoʻnning qilichidir! — dedi birodari. — Xudo Midiyonlarni barcha lashkarlari bilan uning qoʻliga bergan ekan–da!
15 Gidoʻn tush taʼbirini eshitgach, Xudoga sajda qildi. Orqaga — Isroil xalqining qarorgohiga qaytib: “Qani, ketdik! Egamiz Midiyon lashkarlarini qoʻlimizga berdi”, — dedi. 16 Keyin uch yuzta odamni uch qismga boʻlib, har birining qoʻliga bittadan burgʻu va boʻsh koʻzadan berdi. Koʻzalarning ichida esa bittadan mashʼala bor edi. 17 Gidoʻn lashkariga shunday dedi:
— Yov qarorgohiga yaqinlashganimda meni yaxshilab kuzatib turinglar. Men nima qilsam, sizlar ham shuni qilinglar. 18 Qarorgohni oʻrab olinglar. Men yonimdagilar bilan burgʻu chalganimda, sizlar ham burgʻu chalib, ovozingiz boricha: “Egamiz va Gidoʻn uchun olgʻa!” deb baqiringlar.
19 Yarim tunda, dushman qarorgohida soqchilar endi almashib boʻlgan paytda, Gidoʻn yonidagi yuzta odam bilan qarorgohga yaqinlashdi. Ular burgʻu chalib, qoʻllaridagi koʻzalarni charsillatib sindirdilar. 20 Lashkarning qolgan ikki qismi ham burgʻu chalib, koʻzalarni sindirdi. Hammalari oʻng qoʻllarida burgʻu, chap qoʻllarida mashʼala ushlagancha: “Egamiz va Gidoʻn uchun olgʻa!” — deb qichqirdilar. 21 Gidoʻn odamlarining har biri qarorgoh atrofidagi oʻz joyida turardi. Qarorgohdagilar esa sarosima ichida, baqirib qochishardi. 22 Gidoʻnning uch yuzta odami burgʻu chalganda, dushman qarorgohidagi lashkarlar bir–birini oʻldira boshladilar. Bu Egamizning qudrati tufayli sodir boʻldi. Soʻng Midiyon lashkarlari Zariro tomon yugurib, to Bayt–Shittaxgacha, Tabbot yaqinidagi Ovil–Maxla shahrining chegarasigacha qochishdi. 23 Shunda Gidoʻn Midiyonlarni taʼqib qilish uchun Naftali, Osher va Manashe qabilalarining odamlarini chaqirtirdi.
24 U butun Efrayim qirlari boʻylab choparlar joʻnatib dedi: “Pastga tushib Midiyonlarga qarshi jang qilinglar. Iordan daryosining va Bayt–Borogacha boʻlgan barcha suv oqimlarining kechuv joylarini qoʻlga olib, Midiyonlarning oʻtishiga yoʻl qoʻymanglar.” Efrayim odamlarining hammasi toʻplanib, Iordan daryosining va Bayt–Borogacha boʻlgan barcha suv oqimlarining kechuv joylarini egallab oldilar. 25 Ular Midiyonlarning ikkita lashkarboshisi Oriv va Zayovni Iordanning sharqiy qirgʻogʻigacha taʼqib qilib, qoʻlga olishdi. Orivni bir qoyaning oldida, Zayovni esa uzum siqish chuqurining oldida oʻldirishdi. Keyinchalik bu joylar Oriv qoyasi va Zayov chuquri deb ataladigan boʻldi. Soʻng Midiyonlarni taʼqib qilishda davom etib, Oriv va Zayovning boshlarini Gidoʻnga olib borishdi.