6–BOB
Xudo Ishayoni paygʻambarlikka chaqiradi
1 Shoh Uzziyo vafot etgan yili men yuqoriga yuksalgan Rabbiyning taxtda oʻtirganini koʻrdim. Uning libosi etaklari Maʼbadni toʻldirgan edi. 2 Uning tepasida seraflar shay turardi, har birining oltita qanoti bor edi. Ular ikki qanoti ila yuzlarini toʻsgandi, ikki qanoti ila oyoqlarini toʻsgandi, qolgan ikki qanoti bilan uchayotgan edi. 3 Ular bir–biriga hayqirishardi:
“Muqaddasdir, muqaddasdir,
Muqaddasdir Sarvari Olam!
Uning ulugʻvorligi
Butun olamni toʻldirgan!”
4 Ularning hayqirgan ovozlari Maʼbadni poydevorigacha titratib yubordi, Maʼbad tutun bilan toʻlib borardi. 5 Men shunday dedim: “Shoʻrim qursin! Oʻldim endi! Oʻz koʻzlarim bilan oʻsha Shohni, Sarvari Olamni koʻrdim. Axir, men ogʻzi nopok bir odamman, ogʻzi nopok xalq orasida yashayman!”
6 Seraflardan biri men tomon uchdi, qoʻlida koʻmir choʻgʻi bor edi. U oʻsha choʻgʻni otashkurak bilan qurbongoh ustidan olgan edi. 7 Koʻmir choʻgʻini ogʻzimga tekkizib, shunday dedi: “Qara, bu choʻgʻ lablaringga tegdi, endi ayblaring yuvildi, gunohlaringdan forigʻ boʻlding.”
8 Shunda men Rabbiyning ovozini eshitdim: “Kimni yuboraman? Biz uchun kim boradi?” Men aytdim: “Men shu yerdaman, mana, yuborgin meni.” 9 U shunday dedi:
“Bor, mana shu xalqqa ayt:
«Xoʻp, tinglayveringlar, baribir, tushunmaysiz,
Qarayveringlar, baribir, anglab yetmaysiz.»
10 Ey Ishayo, bu xalqqa gapir.
Soʻzlaring ularning aqlini oʻtmas qiladi,
Gaplaring dastidan quloqlari garang boʻladi,
Ularning koʻzlari yumilib qoladi.
Shunda koʻrmay qoladi koʻzlari,
Eshitmay qoladi quloqlari,
Anglamay qoladi aqllari,
Ular Menga qaytmaydilar,
Ular shifo topmaydilar.”
11 Soʻradim: “Ey Rabbiy, qachongacha?” U aytdi:
“Shaharlar vayron boʻlib,
Kimsasiz qolgunlaricha,
Xonadonlarda biron jon qolmay,
Yurt tamom vayron boʻlguncha.
12 Oxiri, Men, Egangiz, hammani uzoqqa joʻnataman,
Yurtda esa koʻplab tashlandiq joylar boʻladi.
13 Xalqning oʻndan biri qolsa ham
Yondirib yuboriladi.
Ammo qayragʻoch, eman daraxtlari kesilganda
Toʻnkalari qolgani kabi,
Undan ham toʻnka qoladi.
Uning toʻnkasi Muqaddas urugʻdir.”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020