58–BOB
Haqiqiy roʻza
1 Egam aytar:
“Ovozingni ayamay, qattiq hayqirgin,
Karnayga oʻxshab, barala baqirgin.
Xalqimning itoatsizligini fosh qilgin,
Yoqub xonadonining gunohlarini yuziga solgin.
2 Xuddi toʻgʻri yoʻldan yurgan xalqqa oʻxshab,
Ular har kuni Menga intilganday boʻladi.
Xudosining amrlarini unutmagan xalqday,
Yoʻllarimni bilmoq istaydi.
Mendan odil hukm soʻraydi,
Men, Xudoga yaqinlashishni istaganga oʻxshaydi.

3 Ey xalqim, sizlar Menga:
«Roʻza tutyapmiz–ku, Sen koʻrmayapsan,
Senga itoat qilyapmiz–ku, nega bilmaysan?!» deb aytasizlar.
Axir, roʻza tutgan kuningizda xohlagan ishingizni qilyapsiz,
Ishchilaringizdan ogʻir mehnat talab etyapsiz.
4 Mana, roʻza tutsangiz ham
Janjal, gʻavgʻo qilaverasiz.
Zoʻravonlik bilan qoʻl koʻtaraverasiz.
Bunday roʻzangiz bilan
Ovozingizni samolarga yetkaza olmaysiz!
5 Roʻza tutganingizda oʻzingizni qiynaysiz,
Egilgan qamishday boshingizni egib yurasiz,
Qanor yoyib, kul sochib ustiga yotasiz .
Shuni roʻza deb ataysizmi?!
Mana shular Men, Egangizni mamnun qiladi, deb oʻylaysizmi?!
6 Men istagan roʻza quyidagicha:
Adolatsizlik kishanlarini parchalang,
Boʻyinturuq arqonlarini uzib tashlang,
Mazlumlarni ozodlikka chiqaring,
Har qanday boʻyinturuqni sindiring!
7 Ovqatingizni ochlar bilan baham koʻring,
Uysizlarga uyingizdan joy bering.
Yalangʻochni koʻrganingizda kiyim bering,
Yaqinlaringizdan yordamingizni ayamang.”

8 Shunda nuringiz tong kabi porlaydi,
Oʻzingiz tezda shifo topasiz.
Egamiz doim oldingizda yurib, sizlarni asraydi,
Ortingizdan Uning ulugʻvorligi sizni qoʻriqlaydi.
9 Shunda yordam soʻraganingizda, Egamiz javob beradi,
Faryod qilganingizda, “Shu yerdaman”, deb aytadi.
Orangizdan zulm boʻyinturugʻini yoʻq qilganingizda,
Barmoqni bigiz qilib, haqorat aytishni bas qilganingizda,
10 Ochlar uchun jon kuydirganingizda,
Mazlumlarning joniga oro kirganingizda,
Nuringiz zulmatda ham porlaydi,
Eng qorongʻi davringiz yop–yorugʻ kunduzday boʻladi.
11 Egamiz doimo sizga yoʻl koʻrsatadi,
Qaqragan yerlarda ham joningizga oziq beradi,
Shunda siz sugʻorilgan bogʻday,
Suvlari qurimas buloqday boʻlasiz.
12 Qadimgi vayronalaringiz qayta tiklanadi,
Koʻhna poydevorlarni qayta koʻtarasiz.
Shunda sizlarni “Buzuq devorni tiklovchi”,
“Koʻchalarni qayta quruvchi” deb chaqirishadi.
Shabbat kuniga rioya qilganning mukofoti
13 Shabbat kunini oyoq osti qilmang,
Shu muqaddas kunda
Xohlaganingizni qilishdan oʻzingizni tiying.
Shabbat kunini zavqli deb biling.
Egamizning muqaddas kunini sharafli deb biling.
Bu kunda oʻzingiz istagan yoʻldan yurmang,
Xohlaganlaringizni qilavermang,
Istagan gaplaringizni gapiravermang.
14 Shabbat kuniga rioya qilsangiz,
Egamiz tufayli shodlik topasiz,
U sizlarni yurtning baland choʻqqilariga olib chiqadi,
Otangiz Yoqubning mulkidan bahramand qiladi.
Egamizning kalomi shudir!