50–BOB
Isroil xalqining gunohi
1 Egamiz shunday aytmoqda:
“Men onangizni haydab yuborgan edim,
Uning taloq xati qani?
Xoʻsh, sizni qaysi qarz beruvchimga sotibman?
Mana, gunohlaringiz tufayli sotildingiz,
Itoatsizligingiz dastidan onangiz haydaldi.
2 Kelganimda nega biron kimsa yoʻq edi?
Chaqirganimda nega hech kim javob bermadi?
Sizni qutqarishga Mening qoʻlim qisqami?
Yoki sizni ozod qilishga kuchim yetmasmi?
Bir tahdid qilsam dengiz quriydi,
Daryolarni choʻlga aylantiraman.
Suvlar qurib, baliqlari sasiydi,
Suv yoʻqligidan baliqlar oʻlib ketadi.
3 Samolarga qora kiydiraman,
Qanorni ularning yopinchigʻi qilaman.”
Egamizning itoatkor quli
4 Toliqqanlarga soʻz bilan madad bersin deb,
Egam Rabbiy menga dono til berdi.
Har tong U meni uygʻotadi,
Donolarday tinglasin deb, qulogʻimni ochadi.
5 Egam Rabbiy qulogʻimni ochdi,
Men itoatsizlik qilmadim,
Men Undan yuz oʻgirib ketmadim.
6 Meni urganlarga kiftimni ochdim,
Soqolimni yulganlarga yuzimni tutdim,
Haqorat, tupurishlardan yuzimni yashirmadim.
7 Egam Rabbiy menga madad beradi,
Shu bois men hech sharmanda boʻlmadim.
Azoblarga bardosh berishga qaror qildim,
Bilaman, sharmanda boʻlmayman.
8 Meni oqlaydigan yaqinimdadir,
Men bilan daʼvolashadigan kim, yuzlashaylik–chi!
Qani raqiblarim? Menga qarshi chiqsin!
9 Mana, Egam Rabbiy menga madad beradi,
Qani, kim meni aybdor deb ayta oladi?!
Qarang, ularning hammasi kiyim kabi eskiradi,
Ularni kuya yeb tamom qiladi.

10 Orangizdan kim Egamizdan qoʻrqadi?
Kim qulining ovoziga quloq soladi?
Zulmatda yurganlar, nurdan mahrum boʻlganlar
Egamizning nomiga umid bogʻlasin,
Ha, oʻzining Xudosiga tayansin!
11 Axir, hammangiz alanga yoqyapsiz,
Mashʼallar yoqyapsiz.
Alangangiz yorugʻida yuravering,
Oʻzingiz yoqqan mashʼala yorugʻida yuravering.
Qarang, Xudo sizlarni ne koʻyga soladi:
U boshingizga azob–uqubat keltiradi.