47–BOB
Goʻzal ayolga oʻxshagan Bobil hukm qilinadi
1 Egam aytar: “Pastga tush, tuproqqa oʻtir,
Ey bokira qiz Bobil!
Yerga oʻtir, endi taxting yoʻq,
Ey qiz Bobil!
Mana endi sen toʻgʻringda:
«Naqadar nozik, mayindir», deb aytmaslar.
2 Qani, tegirmon toshini ol, don yanchgin.
Yopinchigʻingni yech, etagingni yigʻishtir,
Boldiringni och, daryolardan kechib oʻt .
3 Yalangʻoch joylaring ochiladi,
Sharmandaliging koʻrinib qoladi.
Men qasos olaman,
Hech kimga shafqat qilmayman.”

4 Qutqaruvchimiz Isroil xalqining Muqaddas Xudosidir.
Uning nomi Sarvari Olamdir.

5 Egam aytar: “Jim oʻtir, qiz Bobil! Zulmatga joʻna!
Endi seni «Yurtlarning malikasi» deb aytmaydilar.
6 Men xalqimdan gʻazablandim,
Oʻz mulkimni harom qildim.
Ularni sening qoʻlingga berdim.
Sen esa ularga shafqat qilmading,
Hatto keksalarning yelkasiga ham
Gʻoyat ogʻir boʻyinturuq solding.
7 Shunda: «Men to abad olamning malikasi boʻlaman», deb aytding.
Ammo bularning nima bilan tugashini
Oʻylab koʻrmading, aqlingga keltirmading.

8 Endi bunga quloq sol! Ey hashamatni sevuvchi!
Bexatar oʻtirib, oʻzingcha aytasan:
«Mendan boshqa malika yoʻq,
Tul qolmasman, farzand dogʻini koʻrmasman.»
9 Koʻp sehr–jodularingga qaramay,
Kuchli afsunlaringga qaramay,
Mana shu ikkalasi ham
Bir kunda boshingga tushadi:
Sen hamma bolalaringdan ayrilasan,
Tul boʻlib qolasan.

10 Oʻz yovuzligingga ishonding,
«Meni hech kim koʻrmaydi», deding.
Donoliging, biliming seni yoʻldan adashtirdi,
Oʻzingga: «Mana, men!
Mendan boshqasi yoʻq», deding.
11 Mana, boshingga kulfat tushadi,
Uni sehr–jodu bilan daf qilolmaysan.
Boshingga baxtsizlik yogʻiladi,
Sen uni qaytara olmaysan.
Halokat senga birdaniga keladi,
Bu tushingga ham kirmagan.

12 Qani, sehr–joduingni ishga sol,
Koʻproq afsungarlik qil,
Axir, sen yoshligingdan
Bunday ishlarga odatlangansan.
Balki biron narsaga erisharsan,
Balki birontasini qoʻrqitarsan.
13 Olgan maslahatlaring koʻpligidan
Sen charchab qolding.
Qani, endi oʻsha munajjimlaring, taʼbirchilaring?
Har yangi oy chiqqanda taqdiringdan bashorat qiladiganlar qani?
Ular kelsin–chi!
Endi oʻshalar seni qutqarsin.

14 Ana, hammalari somonga oʻxshab qoldi–ku!
Olov ularni yamlamay yutadi!
Jonlarini olovdan qutqarolmaydi.
Isinish uchun koʻmirlari boʻlmaydi.
Taftidan bahra olish uchun gulxani boʻlmaydi .
15 Yoshligingdan sen bilan oldi–berdi qilgan har bir odam,
Sen bilan birga ishlaganlarning hammasi shunday boʻlib qoladi.
Ular oʻz yoʻliga qarab ketadi!
Seni qutqaradigan biror kimsa boʻlmaydi.”