38–BOB
Hizqiyo kasal boʻlib qoladi
1 Oʻsha kunlari Hizqiyo tuzalmas xastalikka yoʻliqib, oʻlim toʻshagiga yotib qoldi. Omiz oʻgʻli Ishayo paygʻambar uning huzuriga kelib, shunday dedi: “Egamiz shunday aytmoqda: tayyorgarligingni koʻrib qoʻyaver, endi tuzalmaysan, oʻlasan.”
2 Hizqiyo yuzini devorga burib, Egamizga yolvordi: 3 “Ey Egam! Chin qalbimdan Senga sodiq boʻlib, yoʻllaringdan yurganimni va oldingda toʻgʻri ishlar qilganimni esla.” Shunday deb achchiq–achchiq yigʻladi.
4 Shundan keyin Ishayoga Egamizning quyidagi soʻzi ayon boʻldi: 5 “Borib, Hizqiyoga shunday deb ayt: «Bobong Dovudning Xudosi — Egamiz shunday aytmoqda: iltijolaringni eshitdim, koʻz yoshlaringni koʻrdim. Umringni yana oʻn besh yilga uzaytiraman. 6 Seni va bu shaharni Ossuriya shohining qoʻlidan xalos qilaman. Ha, bu shaharni himoya qilaman. 7 Ey Hizqiyo! Men, Egang, bergan vaʼdamni bajaraman. Mana senga Mendan alomat: 8 ana qara! Botayotgan quyosh Oxozning zinapoyasiga soya tushirib turibdi. Oʻsha soyani oʻn qadam orqaga surdiraman.»”
Shunday qilib, soya oʻn qadam orqaga ketdi.
9 Shoh Hizqiyo sogʻaygandan keyin quyidagi sheʼrni yozdi:
10 “Men aytdim:
Nahotki hayotim choʻqqisida
Oʻliklar diyoriga borsam?!
Umrimning qolgani xazon boʻlsa?!
11 Nahot, Egamni endi koʻrmasam?!
Ha, Uni koʻrmasman bu yorugʻ dunyoda.
Tirik zotlarni endi koʻrmayman.
Bu dunyodagilar bilan boʻlmayman.
12 Choʻponning chodiri yigʻilganiday
Mening umrim uzildi,
Mendan tortib olindi.
Umrim toʻquvchining matosi kabi bitdi.
Uning dastgohidagi ipday
Mening umrim ham qirqildi.
Ey Rabbiy, tunu kun meni qiynaysan.
13 Tonggacha faryod qildim,
Sherday hamma suyaklarimni sindirasan.
Ey Rabbiy, tunu kun meni qiynaysan.
14 Qaldirgʻochu turnaday nola chekdim,
Musichaday oh–voh qildim.
Yuqoriga qarayverib, koʻzlarim toldi,
Ey Rabbiy, ezildim, yordam ber menga!
15 Endi men nima desam ekan?!
Egam menga nima aytgan boʻlsa,
Uning Oʻzi oʻshani qildi.
Jonim tortgan bu azoblar tufayli
Umrim boʻyi itoat etib yuraman .
16 Ey Rabbiy, Sening tarbiyang yaxshidir,
Chunki u hayotu sogʻlikka yetaklaydi.
Sen menga sogʻligimni qaytarding,
Menga qayta hayot baxsh etding.
17 Mana, hamma qiyinchiligim
Yaxshilikka aylandi.
Qabrdan meni saqlading ,
Hamma gunohlarimni kechirding.
18 Axir, oʻliklar diyori Senga shukur qilmaydi,
Oʻlim Senga hamdu sano aytmaydi.
Qabrga boradiganlar
Sening sadoqatingdan umid qilmaydi.
19 Mana, men Senga shukur aytmoqdaman.
Axir, tiriklar, faqatgina tiriklar
Senga shukur aytadilar–ku!
Otalar oʻzlarining farzandlariga
Sening sadoqatingni bildiradilar.
20 Egam meni qutqaradi.
Butun umrimiz boʻyi torli asboblar ila
Egamning uyida kuylaymiz.”
21 Ishayo shunday degan edi: “Anjir shirasini olib, yaraning ustiga qoʻyinglar. Shunda Hizqiyo sogʻayadi.” 22 Buni eshitgan Hizqiyo: “Egamizning uyiga borishimni qanday bilaman? Buni nima isbotlaydi?” deb soʻragandi .
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020