27–BOB
1 Oʻsha kuni Egamiz qilichi bilan Levitanni jazolar.
Ha, shafqatsiz, bahaybat, qudratli qilichi bilan jazolar
Oʻsha qochayotgan, gʻimirlayotgan ilon — Levitanni.
Oʻldirar dengizdagi oʻsha ajdarhoni.
2 Egam aytar: “Oʻsha kuni ajoyib uzumzor toʻgʻrisida kuylang!
3 Men, Egangiz, uzumzor qoʻriqchisiman,
Doimo uni sugʻoraman.
Kechayu kunduz uzumzorni qoʻriqlayman,
Hech kim unga zarar keltirolmaydi.
4 Men gʻazabda emasman!
Lekin tikanlaru butalar Menga qarshi chiqsa,
Ular bilan jang qilaman.
Ularni yondirib tashlayman.
5 Ular Mendan panoh izlab kelsin!
Ha, Men bilan tinchlik oʻrnatsin,
Ular Men bilan tinchlik oʻrnatsin.”
6 Vaqti kelib, Yoqub nasli ildiz otadi,
Isroil kurtak otib, gullaydi,
Yer yuzini mevalari bilan toʻldiradi.
7 Isroilning dushmanlarini Egamiz qattiq jazolaydi!
Isroilning koʻp gʻanimlarini Egamiz oʻldiradi,
Isroilni esa u qadar jazolamaydi,
8 Egamiz Oʻz xalqini jazolaganda
Ularni yurtidan haydab, surgun qiladi.
Sharqdan esgan boʻron kabi,
Ularni uzoqqa olib ketadi.
9 Shunday qilib, Egamiz Yoqub naslini gunohdan poklaydi.
U butlarga atalgan qurbongohlarni parchalab tashlaydi.
Asheraga atalgan ustunu tutatqi qurbongohlardan asar ham qolmaydi.
10 Mana, Isroilning mustahkam shaharlari tashlandiq boʻladi,
Tark etilgan sahroday, huvullagan yurt boʻladi.
Vayronalar orasida chorva oʻtlab yuradi,
Daraxtlarning bargini yeb, ship–shiydam qiladi.
11 Shoxlari qurib, sinib yotadi,
Ayollar kelib, ularni yoqadi.
Bu xalq aql–hushidan ayrilgan,
Yaratuvchi ham ularga achinmaydi,
Xudo ularga marhamat koʻrsatmaydi.
12 Oʻsha kuni, ey Isroil xalqi, Egamiz sizlarni Furot daryosidan Misr chegarasidagi irmoqqacha boʻlgan yerda yanchadi . Hammangizni bitta–bitta yigʻib keladi. 13 Oʻsha kuni katta karnay chalinadi. Ossuriya yurtida yoʻqolganlar, Misr yurtiga quvilganlar kelib, Quddusdagi muqaddas togʻda Egamizga sajda qiladi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020