12–BOB
1 Efrayim garmsel boqib yurar,
Kun boʻyi sharqdan esgan shamol ketidan quvar.
Yolgʻonu zoʻravonlikni u orttirar.
Ossuriya bilan sulh tuzib,
Zaytun moyini Misrga joʻnatar.
2 Yahudoga Egamiz daʼvo qiladi.
Yoqub naslining taʼzirini U beradi,
Tutgan yoʻliga yarasha uni jazolaydi.
3 Onasining qornidayoq Yoqub akasi bilan talashgan ,
Ulgʻaygach esa Xudo bilan olishgan .
4 Ha, farishta bilan olishib, uni yenggan edi,
Keyin yigʻlab, iltifot qilishini soʻragandi.
Baytilda Yoqub Xudoni topgandi,
Oʻsha yerda Xudo bilan suhbat qurgandi .
5 Parvardigori Olam — Egamiz Oʻshadir,
Egamizdir Uning nomi!
6 Ey Yoqub nasli, Xudoyingizga qayting.
Sevgi va adolatga intiling,
Sabr–toqat ila Xudodan umid qiling.
7 Egamiz shunday deydi:
“Xalqim tarozidan urgan savdogarga oʻxshaydi,
Firibgarlik qilishni ular xoʻp yaxshi koʻradi.
8 «O, men boyman,
— deb maqtanasan, ey Efrayim. —
Men oʻzimga davlat orttirdim,
Borimni peshana terim bilan topdim.
Hech kim meni gunohda ayblay olmas.»
9 Ammo Egangiz Xudo — Menman,
Seni Misrdan olib chiqqanman.
Men senga sahroda zohir boʻlar edim,
Oʻsha davrdagiday seni yana chodirlarda yashattiraman .
10 Men paygʻambarlarga gapirgandim,
Oʻzim ularga koʻp vahiylar bergandim,
Ular orqali seni, ey xalqim, ogohlantirgan edim.
11 Ammo Giladdagi yovuzlik toʻxtamadi,
Gilgalda buqalar
Butlarga atalib hamon qurbonlik qilinmoqda.
Shuning uchun Gilad ahli albatta barham topadi,
Gilgaldagi qurbongohlar buzib tashlanadi,
Ular shudgor qilinadigan dalalardan
Uloqtirib tashlangan toshlarday boʻlib qoladi.”
12 Yoqub Oram yurtiga qochib bordi ,
Xotin olish uchun u qulday ishladi,
Qalin evaziga qoʻylar boqdi .
13 Egamiz vaqti kelib paygʻambar yubordi,
Yoqub naslini Misrdagi qullikdan olib chiqdi,
Oʻsha paygʻambari orqali ularni boqdi.
14 Ammo Efrayim Egamizni qattiq ranjitdi.
Toʻkkan qon uchun Efrayimni Rabbiy jazolaydi,
Uni haqoratlagani uchun adabini beradi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020