39–BOB
Yusuf bilan Poʻtifarning xotini
1 Ismoiliy savdogarlari Yusufni Misrga olib kelishgach, uni Misrlik Poʻtifar degan bir odamga sotishdi. Poʻtifar firʼavnning aʼyonlaridan biri boʻlib, qoʻriqchilar boshligʻi edi. 2 Egamiz Yusuf bilan birga boʻlib, unga koʻp muvaffaqiyat keltirardi. Yusuf Misrlik xoʻjayinining xonadonida xizmat qilib yuraverdi. 3 Poʻtifar koʻrdiki, Egamiz Yusuf bilan birga boʻlib, har bir qilgan ishida unga muvaffaqiyat keltiryapti. 4 Shunday qilib, Yusuf xoʻjayinining iltifotiga sazovor boʻldi, xoʻjayinining mulozimi boʻlib qoldi. Poʻtifar Yusufni oʻz xonadoni ustidan nazoratchi qilib, butun mol–mulkini unga ishonib topshirdi. 5 Poʻtifar Yusufni nazoratchi qilib tayinlagan kundan boshlab, Egamiz Yusuf tufayli Poʻtifarning xonadoni ahliga, uning uyidagi va dalasidagi butun mol–mulkiga baraka beradigan boʻldi. 6 Buni koʻrgan Poʻtifar butun mol–mulkini Yusufning ixtiyoriga topshirdi. Poʻtifarning yeydigan ovqatidan boshqa hech narsa bilan ishi boʻlmasdi.
Yusuf juda chiroyli, kelishgan yigit edi. 7 Oradan maʼlum vaqt oʻtgach, xoʻjayinining xotini Yusufga koʻzlarini suzib: “Men bilan birga boʻl”, deb taklif qildi. 8 Lekin Yusuf rad qildi va xoʻjayinining xotiniga dedi:
— Oʻzingiz oʻylab koʻring, men bu yerda boʻlganim uchun, xoʻjayinim xonadonidagi hech bir narsa toʻgʻrisida qaygʻurmaydi, hamma narsasini mening qoʻlimga topshirib qoʻydi. 9 Bu xonadonda hech kim mendan katta emas. Sizdan boshqa biror narsani mendan ayamadi. Chunki siz uning xotinisiz. Qanday qilib men shu qadar qabihlik qilib, Xudoga qarshi gunoh qilaman?!
10 Poʻtifarning xotini har kuni Yusufga taklif qilsa ham, lekin Yusuf rad qilib, u bilan boʻlmadi.
11 Bir kuni Yusuf oʻz ishlarini bajarish uchun uyga kirdi. Uyda xizmatkorlardan birontasi ham yoʻq edi. 12 Ayol Yusufning kiyimidan ushlab: “Men bilan boʻl!” dedi. Lekin Yusuf tashqariga qochib chiqib ketdi. Yusufning kiyimi esa ayolning qoʻlida qoldi. 13 Ayol koʻrdiki, Yusuf kiyimini uning qoʻlida qoldirib, tashqariga qochib chiqib ketdi. 14 Shunda ayol uydagi xizmatkorlarni chaqirdi. Ayol hoʻngrab dedi:
— Qaranglar! Erim manavi ibroniyni bizni tahqirlash uchun olib kelgan ekan! U men bilan yotgani kirgan ekan, ovozim boricha baqirdim. 15 Dodlaganimdan keyin, kiyimini yonimda qoldirib, tashqariga qochib chiqib ketdi.
16 Xoʻjayin uyga kelguncha, ayol Yusufning kiyimini oʻzida saqlab turdi. 17 Ayol eriga ham oʻsha voqeani aytib berdi: “Siz uyimizga olib kelgan anavi ibroniy qulvachcha xonamga kirib, meni tahqirlamoqchi boʻldi. 18 Men dod solgan edim, u kiyimini yonimda qoldirib, tashqariga qochib chiqib ketdi.”
19 Poʻtifar buni eshitgach, gʻazablandi. 20 U Yusufni ushlab, shohning mahbuslari saqlanadigan zindonga tashladi. Shunday qilib, Yusuf zindonda qolaverdi. 21 Lekin Egamiz Yusuf bilan birga boʻlib, unga marhamat koʻrsatardi. Natijada zindonboshi Yusufga iltifot qilardi. 22 Zindonboshi zindondagi hamma mahbuslarga qarab turishni Yusufga yuklab qoʻydi, zindonda boʻladigan hamma ishlarga Yusuf masʼul edi. 23 Egamiz Yusuf bilan birga boʻlib, uning hamma ishlarida muvaffaqiyat keltirardi. Shuning uchun Yusuf masʼul boʻlgan ishlarga zindonboshi aralashmasdi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020