38–BOB
Yahudo va Tamara
1 Shu orada Yahudo aka–ukalaridan ajralib, alohida boʻldi va Adullam shahriga koʻchib keldi. U Xirax degan odamga yaqin joyga oʻrnashdi. Xirax oʻsha yerlik edi. 2 Yahudo bu yerda Kanʼon xalqidan boʻlgan bir qizni uchratib qoldi. Bu qiz Shuvo degan odamning qizi edi. Yahudo oʻsha qizga uylandi. 3 Oʻsha ayol homilador boʻlib, oʻgʻil tugʻdi. Yahudo oʻgʻliga Gʻur deb ism qoʻydi. 4 Yahudoning xotini yana homilador boʻlib, ikkinchi oʻgʻlini tugʻdi. Bu oʻgʻliga Oʻnan deb ism qoʻydi. 5 Yahudoning xotini uchinchi oʻgʻlini tugʻdi va unga Shelo deb ism qoʻydi. Bu oʻgʻli tugʻilganda, Yahudo Xazib shahrida edi. 6 Toʻngʻich oʻgʻli Gʻur ulgʻaygach, Yahudo uni Tamara degan qizga uylantirdi. 7 Lekin Gʻur Egamizning oldida qabihlik qilardi. Oxiri, Egamiz uning jonini oldi. 8 Shundan keyin Yahudo Oʻnanga aytdi:
— Sen akangning xotiniga uylanib, qaynagʻalik burchingni bajar, toki akangga zurriyot qolsin .
9 Lekin Oʻnan bilardiki, tugʻiladigan bola oʻziniki hisoblanmasdi. Shu sababdan Oʻnan har safar Tamaraning yoniga kirganda, akamga zurriyot qolmasin deb, urugʻini yerga toʻkardi. 10 Oʻnan bu qilmishi bilan Egamizning oldida qabihlik qilayotgan edi. Shuning uchun Egamiz Oʻnanning ham jonini oldi. 11 Shundan keyin Yahudo kelini Tamaraga:
— Otangning uyiga borib turmushga chiqmay, oʻtira tur–chi, oʻgʻlim Shelo ulgʻayib qolar, — dedi. Chunki Yahudo: “Shelo ham akalariga oʻxshab oʻlib qolmasin”, deb qoʻrqqan edi. Shunday qilib, Tamara otasining uyiga qaytib ketdi.
12 Oradan birmuncha vaqt oʻtgach, Yahudoning xotini vafot etdi. Yahudo aza muddatini tugatgandan keyin, Adullamlik doʻsti Xirax bilan birga qoʻylarining junini qirqayotganlardan xabar olgani Timnax shahriga ketdi. 13 Kimdir Tamaraga: “Qaynatang qoʻylarining junini qirqayotganlardan xabar olgani Timnaxga ketyapti”, deb aytib qoldi. 14 Tamara egnidagi azadorlik liboslarini oʻzgartirdi. Yuzini roʻmol bilan berkitib oldi–da, Enayim shahri darvozasi yonida oʻtirdi. Bu shahar Timnaxga boradigan yoʻlda edi. Yahudoning kichik oʻgʻli Shelo voyaga yetganini Tamara bilardi. Lekin haligacha Tamarani Sheloga olib bermagan edilar. 15 Yahudo Tamarani koʻrib qoldi. Tamara yuzini berkitib olgani uchun, Yahudo: “Bu ayol fohisha boʻlsa kerak”, deb oʻyladi. 16 Yahudo yoʻl boʻyida oʻtirgan Tamaraning oldiga keldi. Bu ayol oʻzining kelini ekanini Yahudo bilmagani uchun unga: “Men bilan birga boʻlgin”, deb taklif qildi.
— Siz bilan boʻlsam, evaziga nima berasiz? — deb soʻradi Tamara.
17 — Suruvimdan bir uloqcha yuboraman, — dedi Yahudo.
— Uloqchani yuborguningizcha, menga garovga biron narsa qoldirib ketsangiz, — dedi Tamara.
18 — Boʻpti, garovga nima beray? — deb soʻradi Yahudo.
— Boʻyningizdagi muhringizni bogʻichi bilan, yana qoʻlingizdagi tayogʻingizni , — dedi Tamara.
Shunday qilib, Yahudo oʻsha narsalarni Tamaraga berdi. Keyin u bilan boʻldi. Tamara Yahudodan homilador boʻlib qoldi. 19 Tamara uyiga bordi. Yuzidagi yopinchigʻini olib, azadorlik liboslarini yana kiyib oldi.
20 Yahudo doʻsti Xiraxdan: “Mana bu uloqchani olib borib oʻsha ayolga ber, men unga bergan garovni qaytarib ol”, deb iltimos qildi. Lekin Xirax u ayolni topa olmadi. 21 Xirax shu yerlik odamlardan:
— Mana shu shaharning darvozasi yonida — yoʻl chetida bir fohisha oʻtirar edi, oʻsha fohisha qayerda? — deb soʻradi.
— Bu yerda hech qanday fohisha yoʻq, — deb javob berishdi oʻsha odamlar.
22 Xirax Yahudoning oldiga qaytib kelib:
— U ayolni topa olmadim, — dedi, — shahar odamlari ham, bu yerda hech qanday fohisha yoʻq, deb aytishdi.
23 — Mayli, oʻsha narsalarim u ayolga qolaversin, — dedi. — Men unga uloqcha joʻnatgandim, sen topa olmading. Aks holda, masxara boʻlardik.
24 Taxminan uch oydan keyin Yahudo: “Kelining Tamara fohisha ekan, homilador boʻlib qolibdi” degan gapni eshitdi.
— Uni shahardan tashqariga olib chiqib yoqib yuboringlar! — deb buyurdi Yahudo.
25 Tamarani olib chiqqanlarida, u qaynatasiga shu xabarni yubordi: “Men mana bu bogʻichi bor muhr va tayoqning egasidan homilador boʻlganman, iltimos, bu narsalarning egasini aniqlasangiz.” 26 Yahudo bu narsalarni tanib, dedi: “Men zimmamdagi majburiyatimni bajarmadim — Tamarani oʻgʻlim Sheloga olib bermadim, Tamara esa toʻgʻri ish qildi.” Shundan keyin Yahudo Tamara bilan boshqa boʻlmadi.
27 Tamaraning koʻzi yoriydigan payt yaqinlashganda, uning qornida egizaklar borligi maʼlum boʻldi. 28 Tamara tugʻayotganda, egizaklardan biri qoʻlini tashqariga chiqardi. Doya: “Bunisi birinchi boʻlib tugʻildi”, deb chaqaloqning qoʻliga qizil ip bogʻlab qoʻydi. 29 Lekin chaqaloq qoʻlini ichkariga tortib olishi bilanoq ikkinchisi tugʻildi. Doya: “Sen yoʻlingni oʻzing yorib chiqding!” dedi. Shu sababdan unga Paraz deb ism qoʻyildi. 30 Soʻngra qoʻliga qizil ip bogʻlangan chaqaloq tugʻildi. Unga Zerax deb ism qoʻyildi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020