31–BOB
Yoqub Lobonnikidan qochib ketadi
1 Lobonning oʻgʻillari mingʻir–mingʻir qila boshladilar: “Yoqub otamizni xonavayron qildi. U butun boyligini otamizning boyligidan olgan.” Yoqub bu gaplarni eshitib qoldi. 2 Yoqub sezdiki, Lobon unga anchagina sovuq munosabatda boʻlyapti. 3 Egamiz ham Yoqubga:
— Ota–bobolaringning yurtiga, qarindosh–urugʻlaringning oldiga qayt, Men sen bilan birga boʻlaman, — dedi.
4 Yoqub yaylovda qoʻy–echkilarini boqayotganda, Rohila bilan Leaxni shu yerga chaqirtirdi. 5 Ular kelgach, dedi:
— Koʻrib turibman, otalaringizning menga munosabati oldingiday emas. Lekin otamning Xudosi men bilan birga. 6 Oʻzlaringiz bilasizlar, men sizlarning otangizga kuchim boricha xizmat qildim. 7 U meni aldab, xizmat haqimni oʻn marta oʻzgartirdi. Lekin u menga zarar yetkazishiga Xudo yoʻl qoʻymadi. 8 Agar otangiz: “Suruvdagi olachipor qoʻy–echkilar sening xizmat haqing boʻladi”, deb aytgan boʻlsa, butun suruv olachipor bola beraverdi. “Yoʻl–yoʻli sening xizmat haqing boʻladi”, deb aytgan boʻlsa, butun suruv yoʻl–yoʻl bola beraverdi. 9 Xudo shu yoʻl bilan otangizning qoʻy–echkilarini tortib olib, menga berdi. 10 Juftlashish mavsumi paytida bir kuni tush koʻrdim. Qarasam, suruvdagi juftlashgan takalar yoʻl–yoʻl, xol–xol va olachipor ekan. 11 Tushimda Xudoning farishtasi: “Yoqub!” deb chaqirdi. “Labbay!” deb javob berdim men. 12 Farishta menga aytdi: “Qara, juftlashgan takalarning hammasi yoʻl–yoʻl, xol–xol va olachipor. Bularning hammasini Men qilyapman. Chunki Lobonning senga munosabatini koʻrganman. 13 Men Baytilda senga zohir boʻlgan Xudoman . U yerda sen tosh ustunga zaytun moyi surtib, Menga xizmat qilish uchun qasam ichgan eding. Endi hoziroq bu yurtdan ket, oʻzingning ona yurtingga qayt.”
14 Shunda Rohila bilan Leax Yoqubga:
— Endi otamizdan bizga hech qanday meros tegmas ekan–da, — deyishdi. 15 — Biz otamizga xuddi begonalarday boʻlib qoldik. U bizni sotdi, bizning evazimizga nima olgan boʻlsa, hammasini sarf qilib boʻldi . 16 Xudo otamizdan sizga olib bergan hamma boyliklar bizniki va bolalarimizniki. Endi esa Xudo sizga nima aytgan boʻlsa, shuni qiling.
17-18 Shunday qilib, Yoqub Kanʼon yurtiga — otasining oldiga qaytib ketishga tayyorlandi. Xotinlarini va bolalarini tuyalarga mindirdi. Qoʻy–echkilarini oldiga solib haydadi, Paddon–Oramda topgan hamma mol–mulkini oldi.
19 Lobon qoʻylarining junini qirqqani ketdi. U yoʻq paytida Rohila otasining xonaki xudolarini oʻgʻirlab oldi. 20 Buning ustiga, Yoqub ham, biz ketyapmiz, deb Lobonga aytmasdan, uni aldab joʻnab qoldi. 21 Yoqub hamma mol–mulkini olib, Furot daryosini kechib oʻtdi va Gilad qirlariga yoʻl oldi.
Lobon Yoqubni quvadi
22 Oradan uch kun oʻtgach, Lobonga: “Yoqub qochib ketibdi” degan xabar yetib bordi. 23 Lobon qarindosh–urugʻidan erkaklarni yoniga olib, Yoqubni quvib ketdi. Yoqubni yetti kun quvlagandan keyin, oxiri Gilad qirlarida unga yetib oldi. 24 Lekin oʻsha kuni kechasi Lobon tush koʻrdi. Tushida Xudo zohir boʻlib: “Ehtiyot boʻl, Yoqubga yaxshi–yomon gap qilib yurma”, dedi.
25 Lobon Yoqubga yetib olganda, Yoqub Gilad qirlarida chodir tikkan edi. Lobon ham qarindosh–urugʻlari bilan Yoqubga yaqinroq joyga chodirini tikdi. 26 Lobon Yoqubga:
— Bu nima qilganing? Meni aldab ketibsan–ku! — dedi. — Qizlarimni ham, xuddi urushdagi asiralarday, oʻgʻirlab ketibsan. 27 Nimaga meni aldab, hech narsa demasdan, yashirincha qochib qolding? Agar bir ogʻiz aytganingda, childirma, lira chalib, oʻyin–kulgi qilib, xursandchilik bilan kuzatib qoʻygan boʻlardim. 28 Sen hatto nevaralarim bilan qizlarimni oʻpib, yaxshi boringlar, deb aytishimga ham imkon bermading. Qilgan ishing — gʻirt ahmoqlik. 29 Senga yomonlik qilishga kuchim yetadi. Lekin kecha tunda otangning Xudosi menga zohir boʻlib: “Ehtiyot boʻl, Yoqubga yaxshi–yomon gap qilib yurma”, deb aytdi. 30 Ahvolingni tushunaman, otangning uyini sogʻingansan, shuning uchun ketgansan. Lekin nimaga xudolarimni oʻgʻirlading?
31 — Qizlaringizni mendan tortib olasiz, deb oʻylab, qoʻrqqan edim, — dedi Yoqub. 32 — Lekin sizning xudolaringizga kelsak, ularni kim olgan boʻlsa, oʻldirilsin. Qarindoshlarimizning guvohligida narsalaringizni izlab koʻring. Agar sizning narsalaringiz boʻlsa, olavering.
Lobonning xudolarini Rohila oʻgʻirlaganini Yoqub bilmas edi.
33 Lobon xudolarini qidirib, avvalo Yoqubning chodiridan izladi. Keyin Leaxning chodiriga, undan keyin ikkala choʻrining chodiriga kirdi, lekin xudolarini topa olmadi. Oxirida Rohilaning chodiriga kirdi. 34 Rohila xudolarni tuya egarining ichiga yashirib, oʻzi egarga oʻtirib olgan edi. Lobon chodirning hamma yogʻini axtarsa ham, xudolarini topa olmadi. 35 Rohila otasiga:
— Sizning oldingizda oʻrnimdan turmaganim uchun mendan jahlingiz chiqmasin, otajon, — dedi. — Hozir ayollar kasaliga yoʻliqqan paytim.
Lobon xudolarini qancha qidirmasin, topa olmadi.
36 Yoqub qattiq gʻazablanib, Lobonni urishib berdi:
— Aybim nima ekan?! Qaysi gunohim uchun meni taʼqib qilyapsiz?! 37 Hamma narsalarimni titkilab chiqdingiz. Endi menga koʻrsating–chi, biror narsangizni topdingizmi? Topgan boʻlsangiz, qani, qarindosh–urugʻlarimiz oldiga oʻsha narsalarni qoʻying, ikkalamizdan qaysi birimiz haq ekanimizni ular hukm qilsin! 38 Yigirma yil men sizning eshigingizda boʻldim. Ana shu davrda bironta sovliq qoʻyingiz, echkingiz chala tugʻib qoʻymadi, suruvingizdan bironta qoʻchqorni yeb qoʻymadim. 39 Yovvoyi hayvonlar boʻgʻizlab tashlaganlarini sizga koʻrsatmasdan, zararni oʻz boʻynimga olardim. Qoʻyingiz kunduzi yoʻqolganmi, yoki kechasi yoʻqolganmi, baribir, siz mendan talab qilardingiz. 40 Kunduzi jazirama issiqda, kechalari sovuqda, tunlarni uyqusiz oʻtkazib, sizga xizmat qildim. 41 Yigirma yil sizning xonadoningizda boʻldim: oʻn toʻrt yil — ikkala qizingiz uchun, olti yil — qoʻy–echkilarga ega boʻlishim uchun xizmat qildim. Xizmat haqimni oʻn marta oʻzgartirdingiz. 42 Agar bobom Ibrohimning Xudosi, otam Isʼhoq sajda qiladigan Xudo men bilan boʻlmaganda edi, shubhasiz, siz meni quppa–quruq qaytargan boʻlardingiz. Lekin Xudo mening qiynalganimni, ogʻir mehnatimni koʻrdi. Shu sababdan U oʻtgan kecha sizga zohir boʻlib, nohaqligingizni aytgan.
Yoqub bilan Lobon oʻrtasidagi ahd
43 Shundan keyin Lobon Yoqubga dedi:
— Mana bu ayollar — mening qizlarim, mana bu bolalar — mening nabiralarim, qoʻy–echkilar ham meniki. Sen koʻrib turgan hamma narsa — meniki. Lekin hozir oʻz qizlarimga, nabiralarimga biror narsa qila olarmidim?! 44 Kel, endi ikkovimiz ahd qilaylik, toki bu ahd ikkovimiz yarashganimizni isbotlasin.
45 Yoqub bir toshni olib, yodgorlik qilib qoʻydi. 46 Keyin u qarindosh–urugʻlariga: “Tosh toʻplab kelinglar!” dedi. Ular ham tosh toʻplab, bir uyum hosil qilishdi va oʻsha tosh uyumining yonida tamaddi qilishdi. 47 Bu joy Lobonning tilida Yogar–Saduto, Yoqubning tilida Galed deb ataladigan boʻldi. 48 Lobon: “Bu tosh uyumi bugun sen bilan mening oramizda guvohdir”, deb bu joyni Galed deb ataydigan boʻldi. 49 Shuningdek, u: “Biz bir–birimizdan ayrilganimizdan keyin, Egam sen bilan meni kuzatib tursin”, deb bu joyni Mispax deb atadi. Soʻng shunday dedi:
50 — Agar qizlarimning dilini ogʻritsang yoki ularning ustiga xotin olsang, esingda tut, hatto men bilmagan taqdirda ham, Xudo koʻrib turadi. Uning Oʻzi sen bilan mening oʻrtamizda guvohdir.
51 Soʻng Lobon Yoqubga yana dedi:
— Ikkovimizning oʻrtamizda men oʻrnatgan mana bu tosh uyumi bilan ustunga qara. 52 Bular bizning ontimizga guvoh boʻlib, ikkovimizning oʻrtamizda turibdi. Men senga zarar yetkazish niyatida bu tosh uyumidan nariga oʻtmayman, sen ham menga zarar yetkazish niyatida bu tosh uyumi va ustundan beriga oʻtmasliging lozim. 53 Ota–bobolarimizning Xudosi — sening bobong Ibrohimning Xudosi va mening bobom Naxoʻrning Xudosi — oʻrtamizda hakam boʻlsin.
Shunday qilib, Yoqub otasi Isʼhoq sajda qiladigan Xudo nomi bilan qasam ichdi. 54 Yoqub qurbonlik qilib, hammani ziyofatga taklif qildi. Ular tunni qirda oʻtkazishdi.
55 Ertasiga Lobon saharda turdi. Qizlarini, nabiralarini oʻpib, hammalarini duo qildi. Soʻngra uyiga qaytib ketdi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020