30–BOB
1 Rohila Yoqubga bola tugʻib bera olmagach, endi opasiga hasad qila boshladi.
— Menga farzand bering, boʻlmasa oʻlaman! — dedi u Yoqubga.
2 Yoqub Rohiladan qattiq gʻazablandi.
— Nima, men Xudomanmi?! Seni bepusht qilib yaratgan Xudo–ku!
3 Shunda Rohila Yoqubga dedi:
— Ana, choʻrim Bilxaxning yoniga kiring. U menga bola tugʻib bersin, toki choʻrim orqali men ham bolali boʻlayin .
4 Shunday qilib, Rohila eriga Bilxaxni olib berdi. Yoqub Bilxaxning yoniga kirdi. 5 Bilxax homilador boʻlib, Yoqubga oʻgʻil tugʻib berdi. 6 Rohila: “Xudoyim meni oqladi, U mening iltijoimni eshitib, menga oʻgʻil ato etdi”, deb oʻgʻlining ismini Dan qoʻydi. 7 Bilxax yana homilador boʻlib, Yoqubga ikkinchi oʻgʻlini tugʻib berdi. 8 Rohila: “Opam bilan qattiq olishib, men yutib chiqdim”, deb oʻgʻlining ismini Naftali qoʻydi.
9 Leax bola tugʻishdan qolganini anglab yetdi. Shunda u ham oʻzining choʻrisi Zilponi Yoqubga olib berdi. 10 Zilpo Yoqubga oʻgʻil tugʻib berdi. 11 Leax: “Menga omad kulib boqdi”, deb oʻgʻlining ismini Gad qoʻydi. 12 Soʻngra Zilpo Yoqubga ikkinchi oʻgʻlini tugʻib berdi. 13 Leax: “Naqadar baxtliman–a! Endi ayollar meni juda baxtli ekan, deb aytishadi”, deya oʻgʻlining ismini Osher qoʻydi.
14 Bugʻdoy oʻrimi payti edi. Bir kuni Ruben dalaga borganda, mehrigiyo oʻsimligini topib olib, onasi Leaxga keltirdi. Rohila: “Oʻgʻlingning mehrigiyolaridan menga ham ber”, deb iltimos qildi. 15 Lekin Leax gʻazab bilan javob qildi:
— Erimni tortib olganing kamlik qildimi?! Endi oʻgʻlimning mehrigiyolarini ham tortib olmoqchimisan?!
— Oʻgʻlingning mehrigiyolari evaziga bu kecha erim sening yoningga kiradi, unga ijozat beraman, — dedi Rohila.
16 Kechqurun Yoqub daladan kelganda, Leax unga peshvoz chiqdi.
— Bu kecha mening yonimga kirishingiz kerak, — dedi u eriga. — Oʻgʻlim daladan topib kelgan mehrigiyoga sizni almashtirdim.
Shunday qilib, Yoqub Leaxning yoniga kirdi. 17 Xudo Leaxning iltijolariga javob berdi. U yana homilador boʻlib, Yoqubga beshinchi oʻgʻlini tugʻib berdi. 18 Leax: “Choʻrimni erimga olib berganim uchun Xudoyim meni mukofotladi”, deb oʻgʻlining ismini Issaxor qoʻydi. 19 Soʻngra u yana homilador boʻlib, Yoqubga oltinchi oʻgʻlini tugʻib berdi. 20 Leax dedi: “Xudoyim menga yaxshi hadya berdi. Endi erim meni hurmat qiladigan boʻladi, chunki unga oltita oʻgʻil tugʻib berdim.” Shunday deb, oʻgʻlining ismini Zabulun qoʻydi. 21 Keyin Leax qiz tugʻib, ismini Dina qoʻydi.
22 Nihoyat, Xudo Rohilaga ham marhamat qildi va uning iltijolariga javob berib, bola tugʻishga qodir qildi. 23 Rohila homilador boʻlib, oʻgʻil tugʻdi. “Xudo menga oʻgʻil ato etib, sharmandaligimni olib tashladi”, dedi. 24 “Egam menga yana oʻgʻil bersin”, deb oʻgʻlining ismini Yusuf qoʻydi.
Yoqub Lobon bilan savdolashadi
25 Rohila Yusufni tuqqandan keyin koʻp oʻtmay, Yoqub Lobonga dedi:
— Ijozat bersangiz, men yurtimga qaytmoqchiman. 26 Xotinlarim bilan bolalarimni ham olib ketsam, degandim. Oʻzingiz bilasiz, sizga koʻp xizmatim singgan, peshana terimni toʻkib ularni topganman. Endi ketishga ijozat bersangiz.
27 Lobon esa unga shunday javob berdi:
— Endi iltimos qilaman, mening gapimga quloq sol: fol ochtirib koʻrgan edim, Egam menga sen tufayli baraka berganini bildim . 28 Xizmat haqingni ayt, toʻlay.
29 — Oʻzingiz bilasiz: uzoq yillar davomida sizga koʻp xizmat qildim. Mol–qoʻylaringiz mening mehnatim tufayli qanchalik koʻpayganini bilasiz. 30 Aslida men kelmasimdan oldin molingiz oz edi, endi esa boyligingiz haddan ziyod koʻpaydi. Men tufayli Egam sizga hamma narsada baraka berdi . Endi oilamni oʻylaydigan payt keldi.
31 — Xizmat haqingga nima istaysan? — deb yana soʻradi Lobon.
— Menga hech qanday xizmat haqi kerak emas, — deb javob qildi Yoqub. — Agar rozi boʻlsangiz, bir taklifim bor. Men qoʻy–echkilaringizni boqaveray. 32 Bugun suruvingizni oralab, olachipor va xol–xol qoʻylaringizni, qora qoʻzilaringizni, echkilaringizdan ham xol–xolini va olachiporini ajratib olay. Xizmat haqimga shularni bersangiz kifoya. 33 Agar men halol boʻlmasam, siz keyin osonlikcha bilib olasiz. Mening xizmatimni tekshirgani kelganingizda, qoʻy–echkilarimning orasida birortasi ola–bula, xol–xol boʻlmasa, yoki qoʻzilarimning orasida ham birortasi qora boʻlmasa, meni oʻgʻri deb hisoblashingiz mumkin.
34 — Yaxshi, sen aytganday boʻla qolsin, — dedi Lobon.
35 Lobon oʻsha kuni oqi bor xol–xol va olachipor taka hamda urgʻochi echkilarni suruvdan ajratib oldi, qora qoʻzilarni ham ayirib oldi. Hammasini oʻgʻillarining ixtiyoriga berdi. 36 Ular oʻsha qoʻy–echkilarni Yoqub turgan joydan uch kunda boradigan joyga olib ketdilar. Yoqub esa Lobonning qolgan qoʻy–echkilarini boqaverdi.
37 Yoqub terak, bodom va chinor daraxtining novdalaridan olib, novdalarni yoʻl–yoʻl qilib poʻstlogʻini shildi. 38 Soʻngra u poʻstlogʻi tozalangan novdalarni qoʻy–echkilarga koʻrinadigan joyga — suv ichadigan oxurlar ichiga qoʻydi . Chunki Lobonning qoʻy–echkilarini sugʻorgani olib kelganda, hayvonlar shu yerda juftlashar edi. 39 Qoʻy–echkilar oq yoʻli bor novdalarni koʻrib turganda juftlashib, yoʻl–yoʻl, olachipor va xol–xol nasl berardi. 40 Yoqub Lobonning boshqa qoʻy–echkilaridan sovliqlarini ajratib oldi. Sovliq qoʻylar juftlashayotganda, Yoqub qoʻylarning yuzini Lobonning suruvidagi yoʻl–yoʻl va qop–qora hayvonlarga qaratib qoʻyardi. Shu tariqa Yoqub Lobonning qoʻy–echkilaridan oʻzining suruvini vujudga keltirdi va Lobonnikidan alohida qilib qoʻydi. 41 Suruvdagi sogʻlom urgʻochi qoʻy yoki echkilar juftlashishga tayyor boʻlganda, Yoqub poʻstlogʻi archilgan novdalarni hayvonlarning oxuriga tashlab qoʻyardi. Hayvonlar yoʻl–yoʻl novdalarni koʻrib turganlarida juftlashardilar. 42 Lekin u nimjon hayvonlarga shunday qilmasdi. Oqibatda Lobon nimjon qoʻy–echkilarga, Yoqub esa sogʻlom qoʻy–echkilarga ega boʻlib qoldi. 43 Shu yoʻl bilan Yoqubning qoʻy–echkilari tezlik bilan koʻpayib bordi, u juda ham boyib ketdi, koʻplab qul va choʻrilarga, tuya va eshaklarga ega boʻldi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020