23–BOB
Sora vafot etib, dafn qilinadi
1 Sora 127 yoshida, 2 Kanʼon yurtidagi Xirat–Arbada vafot etdi. (Xirat–Arba hozir Xevron deb yuritiladi.) Ibrohim Soraga aza tutib, yigʻladi. 3 U Soraning jasadini qoldirib, Xet xalqidan boʻlgan oqsoqollar oldiga bordi va ularga dedi:
4 — Men sizlarning orangizda yashayotgan bir musofirman. Iltimos, menga yeringizdan ozgina joyini sotinglar, toki marhumamni dafn qilay.
5 Xet xalqidan boʻlgan oqsoqollar Ibrohimga shunday javob berishdi:
6 — Gapimizga quloq soling, toʻram! Biz sizni ulugʻ bek deb hisoblaymiz. Xotiningizni dafn qilishingiz uchun joylarimizdan eng yaxshisini tanlab oling. Marhumangizni dafn qilishingiz uchun birortamiz sizdan maqbara uchun yer ayamaymiz.
7 Ibrohim ularga egilib taʼzim qildi. 8 Keyin dedi:
— Marhumamni dafn qilishimga rozi ekansizlar, endi mening gapimga quloq solinglar, Zoʻxar oʻgʻli Efroʻnga mening iltimosimni yetkazinglar. 9 U oʻzining Maxpaladagi dalasining chetida joylashgan gʻorni menga sotsin. Men gʻorning toʻliq narxini toʻlayman, toki sizlarning guvohligingizda gʻor mening xonadonim uchun maqbara boʻlsin.
10 Efroʻn shu paytda shahar darvozasida yigʻilgan oʻz xalqi orasida oʻtirgan edi. U jamiki Xet xalqiga eshittirib, Ibrohimga shunday javob berdi:
11 — Toʻram, endi mening gapimni eshitsinlar. Men dalamni, dalamdagi gʻorni ham sizga inʼom qilaman. Xalqimning guvohligida bularni sizga beraman. Marhumangizni dafn qilavering.
12 Ibrohim yurt xalqiga yana taʼzim qildi. 13 U yurt xalqiga eshittirib, Efroʻnga shunday javob berdi:
— Rahmat, lekin men butun dalangiz uchun kumush toʻlab, sotib olay, toki marhumamni u yerga olib borib, dafn qilay. Iltimos, mening taklifimni rad etmang.
14-15 — E toʻram, — dedi Efroʻn Ibrohimga, — toʻrt yuz boʻlak kumush turadigan bir parcha yer bizning oramizda nima boʻpti?! Marhumangizni dafn qilavering.
16 Ibrohim rozi boʻlib, Efroʻn hammaga eshittirib aytgan toʻrt yuz boʻlak kumushni unga tortib berdi. Bu oʻlchov savdogarlar orasida muomalada edi.
17 Shunday qilib, Efroʻnning Mamre sharqida joylashgan Maxpaladagi mulki Ibrohimga oʻtdi. Mulk dalani, daladagi gʻorni va dalaning chetidagi hamma daraxtlarni oʻz ichiga olar edi. 18 Bular shahar darvozasida yigʻilgan Xet xalqining guvohligida Ibrohimning doimiy mulki boʻlib qoldi. 19 Shundan keyin Ibrohim Kanʼon yurtida Mamre sharqidagi Maxpala dalasining chetida joylashgan gʻorga xotini Sorani dafn qildi. (Mamre Xevronda joylashgan.) 20 Shunday qilib, Xet xalqiga qarashli boʻlgan dala va u yerdagi gʻor maqbara sifatida Ibrohimning doimiy mulki boʻlib qoldi.