15–BOB
Xudo Ibrom bilan ahd qiladi
1 Shundan keyin Egamiz Ibromga shu soʻzlarni vahiyda ayon qildi:
— Qoʻrqma, Ibrom, Men senga qalqon boʻlaman, senga beradigan mukofotim buyuk boʻladi.
2 — Ey Egam Rabbiy! Sen menga nima ham berar eding?! Men hamon befarzandman, butun mol–mulkim Damashqlik xizmatkorim Eliazarga qoladi. 3 Sen menga farzand bermading, shuning uchun xonadonimda tugʻilgan qulim mening merosxoʻrim boʻladi–da.
4 Lekin Ibromga Egamiz yana shu soʻzlarni ayon qildi:
— Yoʻq, quling sening merosxoʻring boʻlmaydi, oʻzingning pushti kamaringdan boʻladigan oʻgʻling sening hamma mol–mulkingga merosxoʻr boʻladi.
5 Soʻngra Egamiz Ibromni tashqariga olib chiqib, unga:
— Osmonga qara, agar yulduzlarni sanay olsang, sanab koʻr, — dedi.
Egamiz yana aytdi:
— Sening nasling ham oʻsha yulduzlarga oʻxshagan koʻp boʻladi.
6 Ibrom Egamizga ishondi, Egamiz uni ishonchi uchun solih deb bildi.
7 Soʻngra Egamiz unga dedi:
— Men sening Egangman, bu yurtni senga mulk qilib bermoqchiman, shuning uchun seni Xaldeydagi Ur shahridan olib chiqqanman.
8 — Ey Egam Rabbiy! Bu yurtni meros qilib olishimga qanday ishonch hosil qilaman? — deb soʻradi Ibrom.
9 — Menga uch yoshli gʻunajin, uch yoshli echki, uch yoshli qoʻchqor, kaptar, musichani olib kel, — dedi Egamiz.
10 Egamiz nima aytgan boʻlsa, hammasini Ibrom olib kelib, soʻydi. Hayvonlarni uzunasiga oʻrtasidan boʻlib, boʻlaklarni bir–biriga qaratib qoʻydi. Lekin qushlarni ikkiga boʻlmadi. 11 Quzgʻunlar goʻshtlarni yeyish uchun qoʻnganda, Ibrom quzgʻunlarni haydadi.
12 Quyosh botayotganda, Ibromni qattiq uyqu bosdi. Uni qoʻrquv, vahima qamrab oldi. 13 Shunda Egamiz Ibromga aytdi:
— Shuni yaxshi bilib qoʻyki, sening nasling begona yurtda musofir boʻlib yashaydi. Toʻrt yuz yil qul boʻlib, jabr–zulm tortadi. 14 Lekin Men sening naslingni qul qilgan xalqni jazolayman. Sening nasling begona yurtdan katta boylik bilan chiqib ketadi. 15 Sen juda ham keksayib olamdan oʻtib, dafn etilasan, ota–bobolaring yoniga xotirjam ketasan. 16 Sening nasling toʻrt avlod oʻtgandan keyin bu yerga qaytib keladi, chunki Amor xalqlarining qabihligi hali haddan oshmadi .
17 Quyosh botib, qorongʻi tushgandan keyin, Ibrom ichidan tutun chiqib turgan togʻorani va yonayotgan mashʼalani koʻrdi. Oʻsha togʻora va mashʼala boʻgʻizlangan hayvon boʻlaklari orasidan oʻtdi . 18 Shunday qilib, oʻsha kuni Egamiz Ibrom bilan ahd qildi va shunday dedi:
— Men sening naslingga Misrdagi daryodan tortib buyuk Furot daryosigacha boʻlgan joylarni 19 — Xayin, Xanaz, Kadmon, 20 Xet, Pariz, Rafa, 21 Amor, Kanʼon, Girgosh, Yobus xalqlarining yerlarini beraman.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020