14–BOB
Ibrom Lutni qutqaradi
1 Oʻsha paytda Shinarda Omrafil, Elazarda Oriyox, Elamda Kadoʻrlamar va Goʻyimda Tidol hukmronlik qilar edilar. 2 Ular ittifoq tuzib, quyidagi beshta shohga qarshi urush ochdilar: Sadoʻm shohi Beraga, Gʻamoʻra shohi Birshaga, Adma shohi Shinavga, Zavoʻyim shohi Shemoverga va Belax shohiga. (Belax hozir Zoʻvar deb yuritiladi.) 3 Ana shu beshta shoh ittifoq tuzib, Siddim vodiysida kuchlarini birlashtirgandilar. (Siddim vodiysi hozirgi Oʻlik dengizdir .) 4 Bu shohlar oʻn ikki yil davomida Kadoʻrlamarga qaram boʻlib kelgandilar. Oʻn uchinchi yili esa unga qarshi isyon koʻtargandilar.
5 Isyondan bir yil oʻtgandan keyin Kadoʻrlamar va uning ittifoqchilari lashkarlari bilan kelib, Ashtaroʻt–Karnayimdagi Rafa xalqini, Xomdagi Zuz xalqini, Xiratayim tekisligidagi Eyim xalqini, 6 Seir togʻlaridagi Xorim xalqini choʻlning chetidagi El–Porongacha taʼqib qilib borib, magʻlub qildilar. 7 Soʻngra ular orqaga qaytib, En–Mishpat shahriga keldilar va Omoleklarning butun yerlarini, shuningdek, Xazazon–Tamarda yashayotgan Amor xalqini qoʻlga oldilar. (En–Mishpat hozir Kadesh deb yuritiladi.) 8-9 Sadoʻm, Gʻamoʻra, Adma, Zavoʻyim va Belax, yaʼni Zoʻvar shohlari oʻz lashkarlarini Siddim vodiysida saf torttirib, Elam shohi Kadoʻrlamarning va Goʻyim, Shinar va Elazar shohlarining lashkarlariga qarshi jangga tayyor qilib qoʻydilar. Xullas, toʻrtta shoh beshta shohga qarshi otlandi. 10 Vodiyda qora saqich toʻldirilgan chuqurlar koʻp edi. Sadoʻm va Gʻamoʻra shohlari qochib ketayotganlarida, ularning jangchilari oʻsha chuqurlarga yiqilib tushdilar. Tirik qolganlari togʻlarga qochib qutulib qoldilar. 11 Shunday qilib, bosqinchilar Sadoʻm va Gʻamoʻrani talon–taroj qilib, u yerdagi hamma boyliklarni, gʻamlab qoʻyilgan oziq–ovqatlarni olib, oʻz yoʻllariga ketdilar. 12 Ibromning jiyani Lut Sadoʻmda yashayotgan edi. Bosqinchilar Lutni asirga olib, bor narsasini oʻlja qilib oldilar.
13 Bir odam bosqinchilardan qutulib, ibroniy Ibromning yoniga qochib bordi va boʻlgan voqeani unga soʻzlab berdi. Ibrom bu paytda Amor xalqidan boʻlgan Mamre degan odamning emanzori yonida chodir tikkan edi. Mamre va uning Eshkoʻl, Onar degan ukalari Ibromning ittifoqchilari edilar. 14 Ibrom Lutning asirga olinganini eshitgach, oʻz xonadonidagi qurol ushlashga qodir hamma odamlarni toʻpladi. Ular 318 kishi edi. U Kadoʻrlamarning lashkari ortidan quvib, Dan shahrida ularga yetib oldi. 15 Ibrom oʻsha yerda odamlarini guruhlarga boʻlib, tunda har tomondan ularga hujum qildi. Kadoʻrlamarning lashkari qochdi, lekin Ibrom ularni Damashqning shimolidagi Xoʻvax shahrigacha quvlab bordi. 16 Ibrom bilan uning ittifoqchilari hamma narsani — oʻlja olingan narsalarni, Ibromning jiyani Lutni va uning mol–mulkini, ayollarni va boshqa asirlarni qaytarib olib keldilar.
Maliksidiq Ibromni duo qiladi
17 Ibrom Kadoʻrlamar va uning ittifoqchilari ustidan gʻalaba qilib qaytib kelayotganda, Sadoʻm shohi uni kutib olgani Shovey soyligiga keldi. (Shovey soyligi Shoh soyligi deb ham atalgan.)
18 Salim shohi Maliksidiq ham Ibromni kutib olgani chiqib, non va sharob olib keldi. U Xudoyi Taoloning ruhoniysi ham edi. 19 Maliksidiq Ibromni shunday deb duo qildi:

“Yeru koʻkni yaratgan Xudoyi Taolo
Ibromga baraka bersin.
20 Yovlaringni qoʻlingga bergan Xudoyi Taologa
Hamdu sanolar boʻlsin.”

Ibrom qaytarib olib kelgan hamma narsaning oʻndan birini Maliksidiqqa berdi.
21 Soʻngra Sadoʻm shohi Bera Ibromga shunday dedi:
— Odamlarimni oʻzimga qaytarib bersang boʻldi, qaytarib olib kelgan hamma narsani oʻzingga olaver.
22 Lekin Ibrom Sadoʻm shohiga shunday javob berdi:
— Yeru koʻkni yaratgan Egamiz — Xudoyi Taolo haqi qasam ichib aytamanki, 23 men sening birorta choʻpingni yoki chorigʻingning ipini ham olmayman. Aks holda: “Ibromni men boy qilganman”, deb aytishing mumkin. 24 Yigitlarimning yeb–ichganidan tashqari, men sendan hech narsa olmayman. Men bilan birga borgan ittifoqchilarim Onar, Eshkoʻl va Mamre esa oʻzlarining ulushlarini olishsin.