5–BOB
1 Oʻsha davrda Xaggey va Iddo oʻgʻli Zakariyo paygʻambarlar Yahudo yurtidagi va Quddusdagi yahudiylarga Isroil xalqining Xudosi nomidan bashorat qila boshladilar. 2 Shunda Shaltiyol oʻgʻli Zarubabel va Yohuzadax oʻgʻli Yoshua Xudoning Quddusdagi uyini qayta qurishga yana kirishdilar. Xudoning paygʻambarlari ularning ishini qoʻllab–quvvatlab turdilar.
3 Oʻsha zahoti Furot daryosining gʻarbidagi viloyat hokimi Tattanay bilan Shatarboʻzanay hamda ularning sheriklari yahudiylarning oldiga kelib: “Bu uyni koʻtarishga, uni qayta qurishga kim sizlarga ijozat berdi?” deb soʻrashdi. 4 Binoni qurayotgan odamlarning ismlarini aytishni talab qilishdi . 5 Lekin Xudo yahudiy oqsoqollariga nazarini solgan edi. Shuning uchun Fors amaldorlari shoh Doroga maktub yuborishga qaror qildilar. “Maktubga javob kelmaguncha yahudiylarni toʻxtatmaymiz”, deb kelishib oldilar.
Shoh Doroga yuborilgan maktub
6 Furot daryosining gʻarbidagi viloyat hokimi Tattanay, Shatarboʻzanay va ularning sheriklari — viloyat amaldorlari shoh Doroga maktub yubordilar. 7 Ular yuborgan maktubning mazmuni quyidagicha edi:
“Shoh Doro janobi oliylariga tinchlik–omonlik boʻlsin!
8 Shoh janoblariga maʼlum boʻlsinki, biz Yahudo viloyatida ulugʻ Xudoga atab qurilayotgan uyga borgan edik. Bu uy yoʻnilgan toshlardan va sadr yogʻochidan qurilyapti. Ish qunt bilan qilinyapti, qurilish bir maromda ilgarilab boryapti. 9 Biz oʻsha yerdagi oqsoqollar bilan gaplashdik, ulardan: «Bu uyni koʻtarishga, uni qayta qurishga kim sizlarga ijozat berdi?» deb soʻradik. 10 Sizni xabardor qilib qoʻyaylik deb, ularga boshchilik qilayotgan odamlarning ismlarini ham soʻradik.
11 Ularning bizga bergan javobi shu boʻldi: «Biz Samoviy Xudoning qullarimiz. Biz tiklayotgan Xudoning bu uyi ancha yillar oldin Isroilning ulugʻ bir shohi tomonidan qurib bitkazilgan edi . 12 Lekin ota–bobolarimiz Samoviy Xudoni gʻazablantirdilar. Shuning uchun Xudo ularni Xaldey qabilasidan boʻlgan Bobil shohi Navuxadnazarning qoʻliga berdi . Navuxadnazar bu uyni vayron qilib, xalqni Bobilga surgun qildi. 13-14 Xudoning uyidan oltin va kumush buyumlarni olib, Bobildagi maʼbadga olib ketdi. Lekin Bobil shohi Kurush oʻz hukmronligining birinchi yilida, Xudoning uyi qayta qurilsin, deb farmon chiqardi. U hatto Quddusdagi Maʼbadga qarashli oʻsha oltin va kumush buyumlarni Bobildagi maʼbaddan olib kelishni buyurib, Shashbazzar degan odamga berdi. Shoh Kurushning oʻzi Shashbazzarni Yahudoning hokimi qilib tayinladi. 15 U Shashbazzarga shunday dedi: ‘Bu buyumlarni Quddusga olib bor. Xudoning uyini oldingi oʻrnida qurdirib, buyumlarni Maʼbadga joylashtir.’ 16 Shunda Shashbazzar kelib, Xudoning Quddusdagi uyi poydevorini yotqizdirdi . Oʻshandan buyon hozirgacha qurilish davom etmoqda, hali tugagani yoʻq.»
17 Endi, shohimizga maʼqul boʻlsa, Bobildagi shohlik yilnomalarini sinchiklab qarab chiqsalar. Oʻshanda shoh Kurush Xudoning Quddusdagi oʻsha uyini qayta qurish uchun farmon chiqarganmi yoki yoʻqmi, koʻradilar. Shohimiz bu ishga oid qarorlarini bizga maʼlum qilishlarini soʻraymiz.”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020