8–BOB
Maʼbaddagi butparastlik
1 Surgun boʻlgan paytimizning oltinchi yili oltinchi oyining beshinchi kunida Yahudo oqsoqollari meni koʻrgani uyimga kelishdi. Men ular bilan oʻtirganimda, Egam Rabbiyning qudrati meni qamrab oldi. 2 Qarasam, inson qiyofasidagi bir kishi turibdi. Oʻsha kimsaning belidan pastki qismi olovday chaqnar edi. Yuqori qismi esa sayqallangan misday nur taratib turar edi. 3 U qoʻlga oʻxshash bir uzvini uzatib, meni sochimdan tutdi. Soʻng Ruh meni zamin uzra koʻtardi–da, Xudoning mana shu vahiysida Quddus shahriga olib ketdi. U meni Maʼbadning ichki hovlisidagi shimoliy darvozaning oldida turgan katta bir but oldiga olib bordi. Bu but Xudoning rashkini qoʻzgʻatardi. 4 Oʻsha yerda Isroil Xudosining ulugʻvorligi bor edi. Men bunday vahiyni vodiyda ham koʻrgan edim .
5 Xudo menga shunday dedi: “Ey inson, shimol tomonga nazar tashla.” Men shimol tomonga nazar tashladim. Xudoning rashkini qoʻzgʻatadigan oʻsha but qurbongoh yonidagi darvozaning kiraverishida turardi. 6 Shunda Xudo menga dedi: “Ey inson, xalqimning qilmishini koʻrdingmi? Ular bu yerda jirkanch ishlarni qilib, Meni muqaddas maskanimdan haydab yubormoqchilar. Qani yur, Men senga bundan battarini ham koʻrsataman.”
7 U meni Maʼbadning tashqi hovlisi kiraverishiga olib bordi. Qarasam, devorda bir teshik bor ekan. 8 U menga dedi: “Ey inson, qani boʻl, devordagi teshikni kattalashtir.” Men devordagi teshikni kattalashtirdim, shunda bir eshikka duch keldim. 9 Xudo menga dedi: “Ichkariga kir. Bu yerda qilinayotgan oʻtaketgan jirkanch ishlarni oʻz koʻzing bilan koʻrib qoʻy.” 10 Men ichkariga kirdim. Devorlarning hamma yogʻiga sudralib yuruvchi jonivorlarning va harom hayvonlarning rasmlari hamda Isroil xalqi sigʻinadigan barcha butlarning tasvirlari solingan edi. 11 Tasvirlarning oldida Isroil xalqining yetmishta oqsoqoli turgan edi. Shofon oʻgʻli Yazaniyo ham oʻshalarning orasida edi. Har birining qoʻlida bittadan olovkurak bor edi. Olovkuraklardan yonayotgan tutatqilarning xushboʻy tutuni koʻtarilardi. 12 Xudo dedi: “Ey inson, Isroil oqsoqollarining butlarga toʻla qorongʻi xonada nima qilayotganini koʻrdingmi? Ular shunday deydilar: «Egamiz bizni koʻrmayapti, U yurtimizni tark etgan.»” 13 Soʻng Xudo yana dedi: “Qarab tur, Men senga bundan ham battarrogʻini koʻrsataman.”
14 Keyin Egamiz meni uyining shimoliy darvozasi yoniga olib bordi. U yerda xotinlar oʻtirib, xudo Tammuz uchun qaygʻurib yigʻlayotgan edilar . 15 Shunda Xudo dedi: “Ey inson, buni koʻrdingmi?! Men senga bundan ham battarrogʻini koʻrsataman.”
16 Egamiz meni uyining ichki hovlisiga olib kirdi. Uyning kiraverishida, ayvon va qurbongoh orasida yigirma besh nafar kishi turar edi. Ular Maʼbadga orqasini oʻgirib, sharqdan chiqayotgan quyoshga sajda qilayotgan edilar. 17 Egamiz menga shunday dedi: “Ana koʻrdingmi, inson? Yahudo xalqining mana shu yerda qilayotgan jirkanch ishlari yetmasmidi?! Ular butun yurtni zoʻravonlikka toʻldirmoqdalar, qayta–qayta qahrimni keltirmoqdalar. Meni haqorat qilayotganlarini bir koʻrib qoʻy! 18 Shuning uchun Men ularning ustiga gʻazabimni sochaman. Ularga achinmayman, rahm qilmayman. Ovozlari boricha Menga xitob qilishsa ham, ularga quloq solmayman.”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020