38–BOB
Hukmdor Goʻg Isroilga hujum qiladi
1 Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 2 “Ey inson, Magoʻg yurtidagi Meshex va Tuval xalqlarining bosh hukmdori Goʻgga yuzlan. Unga qarshi bashorat qilib 3 ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: ey Meshex va Tuval xalqlarining bosh hukmdori Goʻg, Men senga qarshiman! 4 Men seni orqaga qaytaraman, jagʻlaringga ilmoqlar solaman. Seni va butun lashkaringni, otlaru otliqlaringni, tish–tirnogʻigacha qurollangan askarlaringni, ulkan bir olomonni, katta va kichik qalqon ushlab, qilich oʻynatgan jangchilaringni sudrab chiqaraman. 5 Sening safingga Forslar, Habashistonliklar va Liviyaliklarning qurollangan jangchilari qoʻshiladi. 6 Goʻmer xalqining va shimoldagi Toʻxarmo yurtining barcha lashkari senga ergashadi. Sening lashkarlaring nihoyatda koʻpdir.
7 Qani, tayyorlan! Atrofingdagi lashkarlarni jangga shay qil! Sen ularni boshlab borasan. 8 Yillar oʻtib, jangga otlanasan. Urushdan keyin oʻzini tiklab olgan bir yurtga sen bostirib borasan. Uzoq vaqt davomida tashlandiq boʻlib yotgan bu yurtga, turli xalqlardan Isroil togʻlariga kelib oʻrnashgan odamlarga hujum qilasan. Ularning hammasi osoyishta turmush kechirayotgan boʻladi. 9 Ammo sen dovuldek ularga yopirilasan. Sen, lashkaring va senga ergashib kelgan koʻp xalqlar yurtni bulut kabi qoplab olasizlar.
10 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: ey Goʻg, oʻsha kuni sen yomon xayollarga berilasan, yovuz rejalar tuza boshlaysan. 11 Sen shunday aytasan: ‘Men devor bilan oʻralmagan qishloqlarga bostirib boraman. Xotirjam yashayotgan odamlarga hujum qilaman. Ularning na devorlari bor, na darvozasi, na tambasi bor.’ 12 Sen xarob shaharlarni tiklagan odamlarni talon–taroj qilasan. Bu odamlar turli xalqlardan yigʻilgan, chorva koʻpaytirib, dunyo orttirgan, jahon chorrahasida joylashib olishgan. 13 Shunda Shava va Dedon xalqlari hamda Tarshish savdogarlariyu zodagonlari sendan soʻraydilar: ‘Sen hali oʻlja olgani keldingmi? Talon–taroj qilgani, oltinu kumush olib ketgani, chorvayu boylikni tortib olgani, qoʻlga behad oʻlja kiritgani bir toʻda qoʻshin tortib keldingmi?’»
14 Ey inson, Goʻgga bashorat qilib ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: sen xalqim Isroilning xotirjam yashaganini koʻrib, 15 shimoldagi olis yurtingdan koʻp xalqlarni ergashtirib kelasan. Ha, bu cheksiz otliq lashkarni, bir toʻda buyuk qoʻshinni tortib kelasan. 16 Yer yuzini qoplagan bulut kabi, xalqim Isroilni bosib olasan. Ey Goʻg, kelajakda Men seni yurtimga hujum qilgani yuboraman. Sen orqali xalqlarga muqaddasligimni ayon qilib, Oʻzimni tanitaman.
Xudo Goʻgni jazolaydi
17 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Oʻz qullarim — paygʻambarlarim orqali Men xalqimni ogohlantirib kelganman. Kelajakda ularga qarshi bir dushman yuborishimni oldindan aytganman. Ey Goʻg, oʻsha dushman sensan. 18 Isroil yurtiga hujum qilgan kuning, Men gʻazabga minib olaman! — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 19 — Rashku gʻazabda eʼlon qilamanki, oʻsha kuni Isroil yurtida dahshatli zilzila boʻladi. 20 Yer yuzidagi barcha jonzot — dengizdagi baliqlaru koʻkdagi qushlar, yovvoyi hayvonlaru sudraluvchilar, hamma odamlar Mening huzurimda titraydi. Togʻlar agʻdarilib tushadi, qoyalar parchalanib ketadi, hamma devorlar oʻpirilib tushadi. 21 Men hamma Isroil togʻlarida senga qarshi qilich hozirlayman, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — Lashkarlaring bir–biriga hamla qiladi. 22 Men oʻlatu qotilliklar orqali seni jazolayman. Sening, lashkaringning, senga ergashib kelgan koʻp xalqlarning ustiga olovli oltingugurt, jala va doʻl yogʻdiraman. 23 Dunyodagi koʻplab xalqlarga Oʻzimning ulugʻvorligim va muqaddasligimni namoyon qilaman, ularga Oʻzimni tanitaman. Oʻshanda barcha xalqlarning Egasi Men ekanligimni ular bilib oladilar.»”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020