25–BOB
Ommon xalqi haqida bashorat
1 Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 2 “Ey inson, Ommon xalqiga yuzlan, ularga qarshi bashorat qil. 3 Ommon xalqiga ayt: «Egamiz Rabbiyning soʻzlarini eshiting! Egamiz Rabbiy shunday demoqda: muqaddas maskanim harom qilinganda, Isroil yurti xarob boʻlganda, Yahudo xalqi surgun qilinganda, sizlar: ‘Aha!’ deya xursand boʻlgan edingizlar. 4 Shuning uchun Men sizlarni sharqdagi koʻchmanchilar qoʻliga topshiraman. Ular yurtingizda qarorgohlar qurib, chodirlarini tikadilar, hosilingizni yeb, sutingizni ichadilar. 5 Men poytaxtingiz Rabbani tuyalar uchun dashtga aylantiraman. Butun yurtingizni qoʻylar uchun qoʻra qilaman. Oʻshanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.
6 Egamiz Rabbiy shunday deb aytmoqda: sizlar yuragingizdagi butun gʻaraz bilan Isroilning baxtsizligidan sevindingizlar, chapak chalib, sakrab oʻynadingizlar. 7 Shu qilganingiz uchun Men qoʻlimni sizlarga qarshi koʻtaraman. Sizlarni boshqa xalqlarga oʻlja qilib beraman. Xalqlar orasidan sizlarni yoʻq qilib, yurtingizni yer yuzidan supurib tashlayman. Oʻshanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.»”
Moʻab xalqi haqida bashorat
8 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Moʻab xalqi : «Yahudo xalqining boshqa xalqlardan hech qanday farqi yoʻq», deb aytgani uchun, 9 Men Moʻabning gʻarbiy qanotini ochib tashlayman, yurtning gavharlari Bayt–Yashimoʻt, Baal–Miyon, Xiratayim shaharlarini vayron qilaman. 10 Moʻabni Ommon xalqi singari, sharqdagi koʻchmanchilarning qoʻliga beraman. Ommon xalqi yer yuzidan yoʻq boʻlib ketadi, 11 Men Moʻab xalqini ham jazolayman. Shunda ular Egasi Men ekanligimni bilib oladilar.”
Edom xalqi haqida bashorat
12 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Edom xalqi Yahudodan oʻch olib, katta gunoh qildi. 13 Shu sababdan Men ularga qarshi qoʻlimni koʻtarib, Edom yurtini vayron qilaman, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — Odamu hayvonlarini qirib tashlayman. Temon shahridan tortib, to Dedon shahrigacha boʻlgan hammani qilichdan oʻtkazaman. 14 Xalqim Isroil orqali Edomdan qasos olaman. Ular orqali qahru gʻazabimni Edomliklar ustiga sochaman. Shunda Edom xalqi qasosim nima ekanligini bilib oladi.” Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.
Filistlar haqida bashorat
15 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Asrlar davomida Filistlar adovat qilib, xalqimdan oʻch oldilar. Xalqimni xonavayron qilish maqsadida, yuraklaridagi gʻarazga berilib, ulardan qasos oldilar. 16 Shu sababdan Men Filist yurtiga qarshi qoʻlimni koʻtaraman, Xaret xalqini yoʻq qilaman, sohilda qolganlarning hammasini qirib yuboraman, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 17 — Men ulardan dahshatli qasos olaman, gʻazabim ustida ularni jazolayman. Oʻshanda Egasi Men ekanligimni bilib oladilar.”