12–BOB
Surgun timsoli
1 Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 2 “Ey inson, sen isyonkor xalq orasida yashab yuribsan. Ularning koʻzlari bor, ammo koʻrmaydilar, quloqlari bor, ammo eshitmaydilar, chunki ular isyonkor xalqdir.
3 Ey inson, kerakli narsalaringni tugib ol. Xuddi surgunga ketayotganday yoʻlga chiq. Buni kunduz kuni qil, odamlar seni koʻrsin. Sen uyingni tashlab, boshqa joyga ketayotganingni hamma koʻrsin. Kim bilsin, balki shunda bu isyonkor xalq esini yigʻib olar. 4 Xalq seni tomosha qila olishi uchun tuguningni kunduz kuni tashqariga chiqarib qoʻy. Oʻzing esa, kech tushganda, seni tomosha qilayotgan olomon oldida, xuddi surgunga ketayotganday yoʻlga chiq. 5 Odamlarning koʻzi oldida uying devorini tesh, tuguningni teshikdan olib chiq. 6 Kech tushganda, uni yelkangga ortib, yoʻlga tush. Tark etayotgan yurtingni koʻra olmasliging uchun yuzingni yopib ol, chunki xalq tomosha qiladigan bu namoyish ular uchun bir timsol boʻladi.”
7 Men Egamizning aytganini qilib, surgunga ketayotganday, tugunimni kunduz kuni koʻchaga chiqarib qoʻydim. Kech tushganda qoʻlim bilan uyim devorini teshdim. Qorongʻida tugunni koʻchaga chiqarib, yelkamga ortib oldim. Odamlar meni tomosha qilib turar edilar.
8 Ertasi kuni ertalab Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 9 “Ey inson, bu isyonkor Isroil xalqi sendan «Nimalar qilyapsan?» deb soʻragan edi, shunday emasmi? 10-11 Ularning oldiga borib ayt: «Kecha men sizlarga kelajakda sodir boʻladigan voqealarni namoyish qildim. Qilgan namoyishim Quddusda hukmronlik qilayotgan shahzoda va u yerdagi butun Isroil xalqining qismati ramzidir. Egamiz Rabbiy shunday demoqda: sizlar asirlikka tushib, surgun boʻlasizlar. 12 Hozir hukmronlik qilayotgan shahzodangiz ham qorongʻida yelkasiga tugun ortib, yoʻlga tushadi. U devorda ochilgan teshikdan chiqadi. Tark etayotgan yurtni koʻrmasligi uchun yuzini yopib oladi. 13 Men uning ustiga toʻr tashlayman, u tuzogʻimga tushadi. Men uni Xaldeylar yurti Bobilga olib boraman, ammo u Bobilni koʻra olmaydi. U oʻsha yerda olamdan oʻtadi. 14 Men shoh saroyining butun ahlini — vazirlaru soqchilarini toʻrt tomonga tarqatib yuboraman. Qilichimni yalangʻochlab, ularni taʼqib qilaman.
15 Ey Isroil xalqi, Men sizlarni xalqlar orasiga tarqatib tashlaganimda, boshqa yurtlarga quvib yuborganimda, Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar. 16 Ammo Men baʼzilaringizni asrab qolaman. Ularni jangda saqlayman, ocharchiligu oʻlatdan qutqaraman. Ular boshqa xalqlar orasiga surgun boʻlganda, qilgan jirkanch odatlarini eʼtirof qiladilar. Oʻshanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.»”
Jazo kechiktirilmaydi
17 Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 18 “Ey inson, noningni yeganingda titragin, suvingni ichganingda qoʻrquv ichra qaltiragin. 19 Yurtdagi odamlarga ayt: «Isroil yurti va Quddus aholisi toʻgʻrisida Egamiz Rabbiy shunday demoqda: bu odamlar yovuz boʻlib ketganlari uchun, Men ularning yurtini talon–taroj qildiraman. Ular nonni qoʻrquv ichra yeydilar, suvni sarosima ichra ichadilar. 20 Aholi yashagan shaharlari vayron boʻladi, butun yurt tashlandiq boʻlib qoladi. Shunda ular Egasi Men ekanligimni bilib oladilar.»”
Egamizning soʻzlari amalga oshadi
21 Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 22 “Ey inson, Isroil yurtida aytilayotgan, «kunlar oʻtyapti, bashoratlar esa puchga chiqyapti» degan maqolni eshitgansan. 23 Endi xalqim oldiga borib ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men bu maqolni yoʻq qilib yuboraman. Isroilda uni aytmaydigan boʻlishadi.» Yana ularga ayt: «Bashoratlar bajo boʻladigan kunlar yaqinlashib qoldi. 24 Endi Isroil yurtida soxta bashoratlaru yolgʻon karomatlar aytilmaydi. 25 Ammo Men, Egangiz, sizlarga gapiraman, aytgan soʻzlarim amalga oshadi, kechikmaydi. Ey isyonkor xalq, sizlar hayot boʻlgan kunlarda aytganlarimni bajo keltiraman. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»”
26 Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 27 “Ey inson! Isroil xalqi sen aytgan bashoratlar uzoq kelajakka taalluqli, deb oʻylayapti. 28 Shuning uchun ularga borib ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: aytgan birorta soʻzim kechikmaydi, hammasi amalga oshadi! Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020