38–BOB
Kuydiriladigan qurbonlik uchun qurbongoh yasaladi
1 Akas yogʻochidan toʻrtburchak qilib kuydiriladigan qurbonlik uchun qurbongoh yasadilar. Qurbongohning uzunligi besh tirsak, eni ham besh tirsak, boʻyi uch tirsak edi. 2 Qurbongohning toʻrtala burchagiga oʻzidan yoʻnib chiqarilgan bittadan shox yasadilar. Qurbongoh va uning shoxlarini bronza bilan qopladilar. 3 Qurbongohning hamma buyumlari — qozonlarni, kuraklarni, togʻorachalarni, sanchqilarni va olovkuraklarni bronzadan yasadilar. 4 Qurbongohga bronzadan panjara yasadilar. Panjarani qurbongohning ichiga — toʻrt tomoniga oʻrnatilgan tokchaning ostida oʻrnatdilar, yarmigacha yetib bordi. 5 Bronza panjaraning toʻrtala burchagiga xodalarni oʻtkazish uchun eritilgan bronzadan toʻrtta halqa yasadilar. 6 Akas yogʻochidan xodalar yasab, xodalarni bronza bilan qopladilar. 7 Qurbongohni xodalar yordamida koʻtarib yurish uchun qurbongoh yonlaridagi halqalarga xodalarni oʻtkazib qoʻydilar. Qurbongohning chetlariga taxta qoqib, ichini boʻsh qoldirdilar.
Bronza qoʻlyuvgich yasaladi
8 Uchrashuv chodiriga kiraverishda xizmat qilgan ayollar hadya qilgan bronza koʻzgulardan ular bronza qoʻlyuvgichni va uning tagligini yasadilar.
Muqaddas chodir hovlisi atrofidagi toʻsiq yasaladi
9 Soʻngra Muqaddas chodirning hovlisini oʻrab tursin deb, pardadan toʻsiq qildilar: toʻsib turadigan pardalarni mayin zigʻir matosidan tikdilar. Hovlining janub tomonidagi pardadan qilingan toʻsiqning uzunligi yuz tirsak edi. 10 Oʻsha toʻsiqda yigirmata bronzadan qilingan taglikka yigirmata ustun oʻrnatilgan edi. Shu yerdagi pardalarni osish uchun ustunlarga kumushdan qilingan ilgaklar va halqalarni mahkamladilar. 11 Hovlining shimol tomonidagi pardadan qilingan toʻsiqning uzunligi ham yuz tirsakni tashkil qilib, uning yigirmata ustuni va bronzadan qilingan tagliklari bor edi. Uning pardalarini osish uchun ustunlariga ham kumushdan qilingan ilgaklar va halqalarni mahkamladilar. 12 Hovlining gʻarb tomonidagi pardadan qilingan toʻsiqning uzunligi ellik tirsak , uning oʻnta ustuni va tagligi bor edi. Uning pardalarini osish uchun ustunlariga ham kumushdan qilingan ilgaklar va halqalarni mahkamladilar. 13 Hovlining sharq tomoni ellik tirsak kenglikda edi. 14-15 Hovlining kirish joyi shu yer edi. Kirishning oʻng va chap tomonidagi pardadan qilingan toʻsiqlarning uzunligi oʻn besh tirsakdan edi, har ikki tomonda uchtadan ustun va tagliklar bor edi. 16 Hovlining hamma tomonidagi toʻsib turadigan pardalarni mayin zigʻir matosidan qildilar, 17 ustunlarning tagligini bronzadan, ilgaklari va halqalarini kumushdan qildilar. Ustunlarning tepasini kumush bilan qopladilar. Hovlining hamma ustunlarida kumush halqalar bor edi. 18 Hovliga kirish joyi uchun parda qildilar. Uni mayin zigʻir matosidan tikdilar, ustiga koʻk, safsar va qirmizi iplardan mahorat bilan naqsh soldilar. Bu pardaning eni yigirma tirsak , boʻyi hovlining toʻsib turadigan pardalari kabi, besh tirsak edi. 19 Bu pardani toʻrtta taglikka oʻrnatilgan toʻrtta ustun ushlab turdi. Ustunlarning tagligini bronzadan, ilgaklari va halqalarini kumushdan qildilar. Ustunlarning tepasini kumush bilan qopladilar. 20 Muqaddas chodirni va pardadan qilingan toʻsiqni ushlab turadigan barcha qoziqlarni ham bronzadan yasadilar.
Muqaddas chodirda foydalanilgan oltin, kumush va bronza
21-23 Egamizning Musoga bergan amriga koʻra, Yahudo qabilasidan Urining oʻgʻli, Xurning nabirasi Bazalil hamma ishlarni bajarib boʻldi. Dan qabilasidan boʻlgan Oxisamax oʻgʻli Oxoliyov uning yonida boʻldi. U hunarmand boʻlib, ijod qilar, buyumlar yasay olardi, koʻk, safsar, qirmizi iplardan foydalanib, mayin zigʻir matosiga naqsh solishni bilardi.
Musoning ixtiyoridagi ruhoniy Horunning oʻgʻli Itamar nazorati ostida Levi qabilasi sarf qilingan oltin, kumush va bronzaning hisobini olib borgan edi. Muqaddas ahd chodirini yasashda ishlatilgan oltin, kumush va bronza hisobi quyidagicha edi:
Oltin
24 Chodir yasalishiga sarf qilingan oltinning jami 62,5 pud edi. Xalq Egamizga nazr qilgan oltinning hisobi shuncha edi.
Kumush
25 Sanab chiqilgan xalqdan yigʻilgan kumushning jami hisoblab chiqilganda, 214 pud boʻldi. 26 Bu miqdor hisoblab chiqilgan yigirma va undan yuqori yoshdagi 603.550 odamning har biriga 1,25 misqoldan toʻgʻri kelardi. 27 213 pud kumush eritilib, Chodirning romlari va ichki pardani ushlab turadigan ustunlar uchun 100 ta taglik qilishga ishlatildi, har bir taglik uchun 2 puddan ortiq kumush sarf qilindi. 28 Qolgan 1 pud kumush hovli atrofidagi ustunlar uchun ilgaklar va halqalar yasashga, ustunlarning tepasini qoplashga ishlatildi.
Bronza
29 Xalq Egamizga nazr qilgan bronzaning miqdori 151 pud edi. 30 Quyidagi ashyolarni yasashda oʻsha bronza ishlatildi:

Uchrashuv chodiriga kiraverishdagi ustunlar uchun tagliklarni,
bronza qurbongoh bilan uning bronza panjarasini, uning hamma buyumlarini,
31 hovlining atrofidagi pardalarni ushlab turadigan ustunlar uchun tagliklarni,
hovliga kiraverishdagi parda uchun tagliklarni,
Muqaddas chodir bilan atrofdagi pardadan qilingan toʻsiqni ushlab turadigan barcha qoziqni.