32–BOB
Oltin buqa
1 Muso togʻda uzoq qolib ketdi . Xalq Musoning togʻdan qaytib tushavermaganini koʻrgach, Horunning yoniga yigʻilishib, unga aytishdi:
— Qani, bizga xudo yasab ber, u bizni yoʻlda boshlab borsin. Bizni Misrdan olib chiqqan oʻsha odamga — Musoga nima boʻlganini bilolmayapmiz.
2 Shunda Horun odamlarga:
— Xotiningiz va oʻgʻil–qizlaringiz quloqlaridagi oltin sirgʻalarni yechib olib, menga keltiringlar, — dedi.
3 Shundan keyin jamiki xalq quloqlaridagi oltin sirgʻalarni yechib, Horunga olib keldi. 4 Horun buqa yasadi. Xalqdan olgan oltin sirgʻalarni eritib, asbob yordamida buqani oltin bilan qopladi . Shunda odamlar dedilar:
— Ey Isroil! Mana bizni Misrdan olib chiqqan xudoyimiz!
5 Horun buni koʻrgach, oltin buqaning oldiga qurbongoh qurdi. Keyin: “Ertaga Egangizga bagʻishlangan bayram boʻladi”, deb eʼlon qildi. 6 Ertasi kuni xalq saharda turib, kuydiriladigan qurbonliklarni va tinchlik qurbonliklarini keltirdi. Oʻtirib yeb–ichishganidan keyin koʻngilxushlik qilishdi.
7 Shunda Egamiz Musoga aytdi:
— Hoziroq tush! Oʻzing Misrdan olib chiqqan xalqing yoʻldan ozdi. 8 Ular Men amr etgan yoʻldan darrov ogʻdilar. Oʻzlariga buqaning tasvirini yasab, unga sajda qilib, qurbonliklar keltirib: “Ey Isroil! Mana bizni Misrdan olib chiqqan xudoyimiz!” — dedilar.
9 Egamiz Musoga yana gapirdi:
— Oʻsha xalqning naqadar oʻjarligini koʻrib turibman. 10 Endi Meni toʻxtataman deb ovora boʻlma, bu xalqqa shunaqangi gʻazabimni sochamanki, ularni qirib tashlayman. Ey Muso, ularning oʻrniga sendan buyuk xalq yarataman.
11 Shunda Muso Egasi Xudoga:
— Ey Egam! — deb yolvordi, — axir, bu xalqni buyuk kuch–qudrating bilan Misrdan Oʻzing olib chiqqansan–ku! Oʻz xalqingga Oʻzing gʻazabingni sochmagin! 12 Misrliklar: “Egasi ularni yomon niyat bilan — togʻlarda oʻldirish uchun, yer yuzidan qirib tashlash uchun bu yerdan olib chiqqan ekan”, deb aytishmasin! Qoʻygin, bu niyatingdan qaytgin, gʻazabingni sochib, Oʻz xalqingni qirib tashlamagin. 13 Oʻz qullaring Ibrohim, Isʼhoq va Yoqubga aytganlaringni yodingda tutgin. Sen ularga: “Sizlarning naslingizni osmondagi yulduzlar singari koʻpaytiraman, Men vaʼda qilgan hamma yerni naslingizga beraman, ular oʻsha yurtga to abad egalik qiladilar”, deb Oʻz noming bilan ont ichgan eding–ku!
14 Shunday qilib, Egamiz niyatini oʻzgartirib, aytgan kulfatlarni Oʻz xalqining boshiga keltirmaydigan boʻldi.
15 Muso togʻdan qaytib tushdi. U qoʻliga ahdning ikkita tosh lavhasini koʻtarib olgan edi. Lavhalarning ikkala tomoniga ham amr va qonunlar bitilgandi. 16 Bu lavhalar Xudoning ijodi boʻlib, lavhalardagi yozuvni Xudo oʻyib bitgan edi. 17 Yoshua xalqning shovqin–suronini eshitib, Musoga: “Qarorgohda urush shovqin–suroni eshitilyapti”, deb aytdi. 18 Shunda Muso dedi:
— Bu gʻoliblarning hayqirigʻi emas, magʻlublarning faryodi ham emas, eshitganim — ishratparastlar qoʻshigʻi.
19 Muso qarorgohga yaqinlashib, buqani, odamlarning koʻngilxushligini koʻrdi. Shunda u gʻazablanib, togʻ etagida qoʻlidagi lavhalarni uloqtirgan edi, lavhalar chilparchin boʻldi. 20 Muso Isroil xalqi yasagan buqani olib, olovda yoqdi. Uni ezib, kukun qildi–da, suvga sochdi . Suvni Isroil xalqiga ichirdi. 21 Muso Horunga:
— Bu xalq senga nima qilgan ediki, ularni ogʻir gunohga botiribsan? — dedi.
22 — Gʻazablanmang, hazratim, — dedi Horun unga. — Bu xalqning yomonlik qilishga moyilligini bilasiz–ku! 23 Ular menga: “Bizga xudo yasab ber, u bizni yoʻlda boshlab borsin, chunki bizni Misrdan olib chiqqan oʻsha odamga — Musoga nima boʻlganini bilolmayapmiz”, deb aytishdi. 24 Men esa ularga: “Kimning oltin sirgʻalari boʻlsa, ularni menga olib kelinglar”, degan edim, ular oltin sirgʻalarini olib, menga keltirdilar. Oltinlarni olovga tashlaganimda, olov ichidan mana shu buqa kelib chiqdi.
25 Muso koʻrdiki, Horun xalqni nazorat qilmay, dushmanlari oldida oʻzlarini masxara qilishlariga yoʻl qoʻyib bergan edi. 26 Muso qarorgohning kiraverishiga kelib:
— Kim Egamiz tomonda boʻlsa, mening yonimga kelsin! — deb buyurdi. Levilar uning yoniga toʻplandi. 27 Muso ularga dedi:
— Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday aytmoqda: “Har biringiz qilichingizni oling. Qarorgohning hamma yogʻini aylanib, birodaringizni, qoʻshningizni va yaqin qarindoshingizni oʻldiring .”
28 Levilar Musoning buyrugʻini bajardilar. Shu kuni Isroil xalqidan taxminan uch mingta odam halok boʻldi. 29 Muso levilarga:
— Bugun Egam sizlarga marhamat qilib, sizlarni Oʻzining xizmatiga tayinladi, — dedi. — Hatto oʻgʻillaringizni, aka–ukalaringizni oʻldirishga toʻgʻri kelgan boʻlsa ham, sizlar Unga itoat etdingiz.
30 Ertasi kuni Muso xalqqa dedi:
— Sizlar ogʻir gunoh qildingizlar. Endi men toqqa Egamizning oldiga chiqaman, balki sizlarni gunohlaringizdan poklarman.
31 Muso Egamizning oldiga qaytib borib, shunday dedi:
— Evoh! Bu xalq ogʻir gunoh qilibdi: oʻzlariga oltindan xudo yasabdi. 32 Ammo endi, ularning gunohini kechirgin, deb Senga iltijo qilaman. Agar kechirmasang, Oʻzing yozgan kitobdan mening nomimni oʻchirib tashlagin.
33 Shunda Egamiz Musoga aytdi:
— Kim Menga qarshi gunoh qilgan boʻlsa, oʻshaning nomini Oʻzimning kitobimdan oʻchirib tashlayman. 34 Endi bor, bu xalqni Men senga aytgan joyga boshla. Mening farishtam sendan oldinda boradi. Shunga qaramay, Oʻzim belgilagan kunda Men ularni qilgan gunohi uchun jazolayman.
35 Shunday qilib, Egamiz ularning boshiga kulfat yubordi, chunki Isroil xalqi Horunga, bizga buqa yasab ber, deb talab qilgan edilar. Horun ularning talabini bajargandi.