4–BOB
1 Men yana bu dunyoda boʻlayotgan zulmni koʻrdim. Mana ezilganlarning koʻz yoshlari, lekin ularning yupatuvchisi yoʻq. Ularga zulm qilayotganlarida kuch bor, ezilganlarning esa yupatuvchisi yoʻq. 2 Shunda men: “Marhumlar tiriklardan baxtliroqdir”, dedim. 3 Ammo hali tugʻilmaganlar marhumlardan ham baxtliroqdir, chunki ular bu dunyoda qilinayotgan qaygʻuli ishlarni koʻrmaganlar.
4 Men yana bir narsani koʻrdim: inson hamma ishni mohirlik bilan qiladi, lekin bu ishni birovga gʻayirlik bilan qilsa, bu ham behuda , shamol orqasidan quvishdaydir. Ammo:
5 Nodon qoʻllarini qovushtirib oʻtirib oʻzini oʻzi xarob qiladi.
6 Vaqtni yelga sovurib, mashaqqatli mehnat bilan ikki hovuch narsaga erishish mumkin, lekin xotirjamlik bilan bir hovuch narsaga ega boʻlish undan afzalroqdir.
7 Bu dunyoda yana bir behudalikni koʻrdim. 8 Mana, bir kishi — yolgʻiz, uning farzandlari ham, aka–ukalari ham yoʻq. U tinim bilmay mehnat qiladi, koʻzi esa boylikka toʻymaydi. U: “Kim uchun ishlayapman, nima uchun oʻzimni rohat qilishdan qisyapman?!” demaydi. Bu ham behudadir, qaygʻuli ishdir.
9 Ikki kishi bir kishidan koʻproq ish bajara oladi, ular oʻz mehnatlari uchun yaxshi taqdirlanadilar. 10 Agar bittasi yiqilsa, ikkinchisi turgʻizadi, lekin yolgʻiz boʻlganning ahvoli chatoqdir, u yiqilsa, turgʻizishga yonida hech kim boʻlmaydi. 11 Ikki kishi birga yotsa, sovuq qotmaydilar, agar kishi bir oʻzi yotsa qanday qilib isinadi?! 12 Kishi bir oʻzi boʻlsa, uni yiqitish oson, lekin ikki kishi oʻzlarini himoya qila oladi. Uchta ipdan eshilgan arqonni uzish qiyindir.
13 Qari, maslahatga quloq solmaydigan nodon shohdan kambagʻal, lekin dono boʻlgan yigit yaxshiroqdir. 14 Shunga oʻxshash bir yigit oʻz yurtida kambagʻal boʻlib tugʻilib, qarzini toʻlay olmay qamoqqa tushib qolishi mumkin. Lekin qamoqdan chiqqandan keyin kelajakda shoh boʻlishi ham mumkin. 15 Shohning vorisi boʻlgan oʻsha yigitni qoʻllab–quvvatlashga tayyor boʻlgan, mana shu dunyoda yashayotganlarni koʻrdim. 16 Unga ergashganlar son–sanoqsiz boʻlib ketishi, uning obroʻsi ortishi mumkin. Shunday boʻlsa ham, kelajak avlod uni rad qiladi. Ha, bu ham behuda ekan, shamolning orqasidan quvishday ekan.
Shoshqaloqlik bilan vaʼda bermang
17 Xudoning uyiga borganda qadamingizni oʻylab bosing. Nodonlarday harakat qilmasdan, aksincha, quloq solish uchun boringlar. Nodonlar Xudoga oʻylamasdan qurbonlik keltiradilar . Oʻylamasdan, beparvolik bilan qurbonlik keltirish fosiqlik ekanligini esa tan olmaydilar.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020