2–BOB
1 Men, Voiz, oʻzimga: “Qani, rohatlanib, bir maza qilay–chi”, — dedim, lekin bu ham behuda ekan. 2 “Kulgi telbalik ekan, rohat qanday foyda keltiradi?” — dedim. 3 Donolik meni boshqarar ekan, koʻnglimni sharob bilan chogʻ qilib koʻray–chi deb, ahmoqlikka oʻz bagʻrimni ochdim. Bu dunyoda odamlar oʻz qisqa hayotlari davomida qanday ish qilsalar ularga foyda kelishini bilmoqchi boʻldim. 4 Buyuk ishlar qildim: oʻzimga uylar qurdim, uzumzorlar barpo qildim, 5 polizlar va bogʻlar yaratdim, u yerlarga har xil mevali daraxtlar ekdim. 6 Oʻsayotgan daraxtlarni sugʻorish uchun hovuzlar qazdirdim. 7 Oʻzim uchun qullar va choʻrilar sotib oldim, uyimda qul–choʻrilar tugʻilib, ularning soni ortib boraverdi. Podalarim shunchalik koʻp ediki, Quddusda mendan oldin yashagan hech kimda bunchalik koʻp mol–qoʻy boʻlmagan. 8 Oʻzim uchun kumushu oltin, shohlarga loyiq ajoyib boyliklardan yigʻdim, juda koʻp yerlarga ega boʻldim. Ayol va erkak qoʻshiqchilar menga xizmat qilishar edi, menga zavq keltiradigan haramim ham katta edi.
9 Men buyuk boʻlib, buyuklikda Quddusda mendan oldin yashaganlarning hammasidan oʻtdim. Donoligim menga pand bermadi. 10 Oʻzim xohlagan hamma narsani oldim, koʻnglim istaganini qildim. Qilgan har bir ishimdan jonim rohatlandi, bu qilgan mehnatlarim evaziga kelgan mukofot edi. 11 Ammo qarasam, oʻz qoʻllarim bilan qilgan ishlarim, qilgan hamma mehnatim — bularning hammasi behuda ekan, shamolning orqasidan quvishday ekan. Bu dunyoda birorta foydali narsa topilmasligini bildim.
12 Shundan keyin yana donolik, telbalik va ahmoqlikni solishtirishga qaror qildim. Vorisim menikidan ham yaxshiroq xulosaga kela olarmidi?! 13 Yorugʻlik qorongʻilikdan yaxshiroq boʻlganiday, donolik ham ahmoqlikdan yaxshiroqligini tushundim:
14 Dononing koʻzi bor,
Nodon esa qorongʻilikda yuradi.
Ammo hammaning taqdiri bir ekanligini ham tushundim. 15 Oʻzimcha: “Nodonning boshiga tushgan narsa mening ham boshimga tushar ekan. Shunday ekan, dono boʻlishning nima foydasi bor?!” deb oʻyladim. “Bu ham behuda!” — dedim. 16 Donolar ham, nodonlar unutilgani kabi, unutiladi, kelajakda hamma birday unutiladi. Nima uchun donolar nodonlarday oʻlishi kerak?! 17 Shuning uchun ham men hayotdan nafratlandim, chunki bu dunyoda qilingan har bir ish menga qaygʻu keltirdi. Hammasi behuda, shamolning orqasidan quvishdaydir.
18 Bu dunyoda mehnat qilib topgan hamma narsamdan nafratlandim, chunki hammasi baribir mendan keyin keladiganlarga qolishini bilardim. 19 Ular dono boʻladimi yoki ahmoqmi, kim biladi? Men bu dunyoda mehnat qilib, donolik bilan topganlarimga baribir oʻshalar egalik qilishadi. Bu ham behudadir. 20 Shunda bu dunyoda qilgan barcha mehnatim uchun yuragim achib, qaygʻura boshladim. 21 Axir, baribir donolik, bilim va mohirlik bilan topilgan narsalar mana shu narsalar uchun ishlamaganlarga qolar ekan. Bu ham behuda, qanday falokat! 22 Bu dunyoda qilgan mehnati va tirishqoqligi uchun odam qanday foyda olarkan–a?! 23 Axir, uning kunlari dardga toʻla boʻlsa, qaygʻudan boshi chiqmasa, hattoki kechalari ham dam ololmasa. Eh, bu ham behuda!
24 Odam uchun yeyish, ichish va qilgan mehnatidan rohatlanishdan yaxshiroq narsa yoʻq. Bu ham Xudodan ekanligini tushundim, 25 axir, Xudosiz kim ovqat yeya oladi, kim rohat topadi?! 26 Xudoga maʼqul boʻlganlarga Xudoning Oʻzi donolik, bilim va quvonch beradi. Gunohkorlarga esa boylik yigʻish ishtiyoqini beradi–yu, ularning ishlab topganlarini olib, Xudo Oʻziga maʼqul boʻlganlarga ato etadi. Gunohkorlarning bu ishlari ham behuda va shamolning orqasidan quvishdaydir.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020