3–BOB
Isroil xalqi shoh Oʻgni magʻlub qiladi
1 Keyin biz Bashan oʻlkasiga yoʻl oldik. Bashan shohi Oʻg oʻzining jamiki lashkarini boshlab, Edrey shahri yaqinida biz bilan jang qilgani chiqdi. 2 Shunda Egamiz menga dedi: “Oʻgdan qoʻrqma. Men uning oʻzini, lashkarini va butun yurtini sening qoʻlingga berganman. Sen Oʻgning boshiga Xashbonda hukmronlik qilgan Amor xalqining shohi Sixoʻnning kunini solasan.”
3 Egamiz Xudo Bashan shohi Oʻgni va uning butun lashkarini bizning qoʻlimizga berdi. Biz ularning hammasini bitta qoldirmay qirib tashladik. 4 Uning hamma shaharlarini — oltmishta shahrini oldik. Bashandagi Oʻgning shohligiga kirgan butun Argob hududini qoʻlga kiritdik, biz olmagan birorta ham shahar qolmadi. 5 Bu mustahkam shaharlarning hammasi baland devorlar bilan oʻralgan, darvozalari tambalangan edi. Bulardan tashqari, devor bilan oʻralmagan koʻp qishloqlar ham bor edi. 6 Biz Xashbon shohi Sixoʻnning shaharlarini qanday vayron qilgan boʻlsak, Oʻgning shaharlarini ham shunday vayron qildik. Bu shaharlarni erkagu ayollari va bolalari bilan birga yoʻq qildik. 7 Hamma chorva va shaharlardagi oʻljani oʻzimizga oldik.
8 Shunday qilib, oʻshanda biz Iordan daryosining sharq tomonida hukmronlik qilgan ikkala Amor shohini magʻlub qildik. Janubdagi Arnon soyligidan to shimoldagi Xermon togʻigacha choʻzilgan yerlarini qoʻlga kiritdik. 9 (Xermon togʻini Sidonliklar — “Siriyon”, Amor xalqi — “Sanir” deb atashadi.) 10 Biz Bashanda hukmronlik qilgan shoh Oʻgning butun shohligini, yassi tepalikdagi hamma shaharlarini, sharqdagi Salko va Edreygacha boʻlgan butun Gilad va Bashan oʻlkalarini qoʻlga kiritdik.
11 (Rafa xalqidan birgina Bashan shohi Oʻg tirik qolgan edi. Uning yotadigan oʻrni temirdan yasalgan boʻlib, odatdagi oʻlcham boʻyicha uzunligi toʻqqiz tirsak, kengligi esa toʻrt tirsak edi. Uning oʻrni hozir ham Ommon yurtining Rabba shahridadir.)
Iordan daryosidan sharqqa oʻrnashgan qabilalar
12 Biz oʻsha yerlarni qoʻlga kiritdik. Shunda men Ruben va Gad qabilalariga Arnon soyligi boʻyidagi Aror shahrining shimolidagi hududni, Gilad qirlarining yarmisini va atrofdagi qishloqlarni berdim. 13 Manashe qabilasining yarmiga esa Giladning qolgan qismini va Oʻgning shohligi boʻlgan butun Bashanni berdim. (Bashan oʻlkasidagi Argob hududi Rafa xalqining yurti hisoblanardi. 14 Manashe qabilasidan boʻlgan Yovir butun Argob hududini qoʻlga kiritdi. Bu hudud Gashur va Maxo yurtlarigacha choʻzilgan edi. Yovir bu joyga oʻzining nomini berdi. Oʻsha joylar bugungacha Yovir qishloqlari deb ataladi.)
15 Manashe qabilasining Moxir urugʻiga Giladni berdim. 16 Ruben va Gad qabilalariga Giladdan to Arnon soyligigacha choʻzilgan yerlarni berdim. Arnon soyligining oʻrtasi ikkala qabilaning chegarasi edi. Ularning yeri Ommon yurtining chegarasini tashkil qilgan Yavoq daryosigacha choʻzilgan edi. 17 Ularning gʻarbdagi yerlari esa Iordan daryosi boʻylab, shimoldagi Jalila koʻlidan to janubdagi Oʻlik dengizgacha va sharqdagi Fisgax togʻ tizmasining yon bagʻirlarigacha choʻzilgan edi.
18 Oʻshanda sizlarga shunday buyurdim: “Egangiz Xudo bu yerni sizlarga mulk qilib berdi. Hamma sipohlaringiz qurollanib, daryodan kechib oʻtsin. Ular birodarlaringiz boʻlgan Isroil xalqini boshlab borsin. 19 Faqat xotinlaringiz va farzandlaringiz men sizlarga bergan shaharlarda qolsin. Bilaman, mollaringiz juda koʻp, ular ham shaharlaringizda qolaversin. 20 Egamiz sizlarga tinchlik ato qilganday, birodarlaringizga ham tinchlik ato qilgandan keyin, ular Iordanning narigi tomonidagi, Egangiz Xudo berayotgan yerni egallab olgandan keyin, hammangiz men sizlarga bergan mana shu yerga qaytib kelsangiz boʻladi.”
21 Oʻshanda Yoshuaga aytdim: “Egang Xudo oʻsha ikkala shohni nima qilganini oʻz koʻzing bilan koʻrding. Sen bosib oʻtadigan barcha shohliklarni ham Egamiz xuddi shunday ahvolga soladi. 22 Ulardan qoʻrqma. Sizlar uchun jang qiladigan Egang Xudodir.”
Musoga Xudo Kanʼon yurtiga kirish uchun ijozat bermaydi
23 Shundan keyin men Egamga yolvordim: 24 “Yo Egam Rabbiy! Men, qulingga Oʻz buyukliging va qudratingni endigina koʻrsata boshlading. Samoda ham, yerda ham Sening ajoyibotlaringni, buyuk ishlaringni qila oladigan boshqa xudo yoʻq! 25 Ijozat ber, men Iordan daryosidan oʻtay. Daryoning narigi tomonidagi hosildor yurtni, oʻsha chiroyli qirlarni va Lubnonni koʻray.”
26 Lekin Egamiz sizlar tufayli mendan gʻazablangani uchun iltijolarimga quloq solmadi. U menga shunday dedi: “Boʻldi qil! Menga bu haqda boshqa gapirma. 27 Fisgax togʻ tizmasining choʻqqisiga chiq, gʻarbga, shimolga, janubga va sharqqa qara. Yaxshilab qarab ol, chunki sen mana shu Iordan daryosidan kechib oʻtmaysan. 28 Yoshuani xizmatga tayinla. Unga dalda berib, ruhlantir. Bu xalqni daryoning narigi tomoniga Yoshua boshlab boradi. Uning boshchiligida bu xalq sen koʻradigan oʻsha yerni egallaydi.”
29 Shunday qilib, biz Bayt–Piyor qarshisidagi vodiyda toʻxtadik.