27–BOB
Xudoning toshda bitilgan qonunlari
1 Muso va Isroil oqsoqollari xalqqa shunday buyruq berishdi:
— Bugun men sizlarga berayotgan barcha amrlarga rioya qilinglar. 2-4 Koʻp oʻtmay sizlar Egangiz Xudo beradigan yurtga kirasizlar. Sut va asal oqib yotgan bu yurtni ota–bobolaringizning Xudosi sizlarga vaʼda qilgan. Sizlar Iordan daryosidan kechib oʻtganingizdan keyin, Ebal togʻiga boringlar. Oʻsha yerga katta toshlarni oʻrnashtiringlar. Ularni suvab, bu qonunlarning nusxasini yozinglar. 5 Oʻsha yerda Egangiz Xudoga atab, tosh qurbongoh quringlar. Qurbongohga temir asbob tekkizmanglar. 6 Egangiz Xudoning bu qurbongohini yoʻnilmagan toshlardan quringlar. Qurbongoh ustida Egangiz Xudoga kuydiriladigan qurbonliklar keltiringlar. 7 Tinchlik qurbonliklarini ham shu yerda keltirib, tanovul qilinglar. Egangiz Xudo oldida xursandchilik qilinglar. 8 Oʻrnatadigan toshlarga bu qonunning hamma soʻzlarini yozishni unutmanglar. Ularni oʻqish oson boʻlsin.
9 Shundan keyin Muso bilan levi ruhoniylari butun Isroil xalqiga aytdilar:
— Tinchlaning, quloq soling, ey Isroil xalqi! Bugun sizlar Egangiz Xudoning xalqi boʻldingiz . 10 Egangiz Xudoga quloq solinglar. Bugun men sizlarga berayotgan Uning amrlariga va farmonlariga rioya qilinglar.
Itoatsizlikdan keladigan laʼnatlar
11 Oʻsha kuni Muso xalqqa quyidagi buyruqni berdi:
12 Iordandan oʻtganlaringizdan keyin, xalqni duo qilish uchun quyidagi qabilalar Garizim togʻida tursinlar: Shimoʻn, Levi, Yahudo, Issaxor, Yusuf, Benyamin. 13 Laʼnatlar oʻqish uchun esa quyidagi qabilalar Ebal togʻida tursin: Ruben, Gad, Osher, Zabulun, Dan, Naftali. 14 Levilar jamiki Isroil xalqiga baland ovoz bilan shunday desin:
15 “Oʻyma yoki quyma but yasagan, uni yashirincha oʻrnatgan har qanday odam laʼnati boʻlsin. Hunarmandlar qilgan bu butlardan Egamiz jirkanadi.” Butun xalq: “Omin”, deb aytsin.
16 “Otasini yoki onasini hurmat qilmagan laʼnati boʻlsin.” Butun xalq: “Omin”, deb aytsin.
17 “Oʻz qoʻshnisining chegarasini surgan laʼnati boʻlsin.” Butun xalq: “Omin”, deb aytsin.
18 “Koʻr odamni yoʻldan adashtirgan laʼnati boʻlsin.” Butun xalq: “Omin”, deb aytsin.
19 “Musofir, yetim va bevalarga nohaqlik qilgan laʼnati boʻlsin.” Butun xalq: “Omin”, deb aytsin.
20 “Otasini sharmanda qilib, uning xotini bilan yotgan laʼnati boʻlsin.” Butun xalq: “Omin”, deb aytsin.
21 “Birorta hayvon bilan jinsiy aloqa qilgan laʼnati boʻlsin.” Butun xalq: “Omin”, deb aytsin.
22 “Otasining yoki onasining qizi bilan yotgan, oʻz opasi yoki singlisi bilan yotgan laʼnati boʻlsin.” Butun xalq: “Omin”, deb aytsin.
23 “Qaynanasi bilan yotgan laʼnati boʻlsin.” Butun xalq: “Omin”, deb aytsin.
24 “Odamni yashirincha oʻldirgan laʼnati boʻlsin.” Butun xalq: “Omin”, deb aytsin.
25 “Begunohni oʻldirmoq uchun pora olgan laʼnati boʻlsin.” Butun xalq: “Omin”, deb aytsin.
26 “Mana shu qonunga rioya qilmagan va uni bajarmagan laʼnati boʻlsin.” Butun xalq: “Omin”, deb aytsin.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020