25–BOB
1 Ikki kishi janjallashganda, ular hakamlar oldiga kelsin. Hakamlar daʼvoga qarab, ulardan birini haq, ikkinchisini nohaq deb eʼlon qilsin. 2 Agar nohaq deb topilgan kishi kaltaklanishga loyiq boʻlsa, hakam aybdorni yotqizsin. Oʻz oldida aybiga koʻra, unga darra urdirsin. 3 Aybdorga qirq darradan ortigʻi urilmasin. Aks holda, birodaringiz koʻzingiz oldida xoʻrlanadi.
4 Gʻalla yanchayotgan hoʻkizning ogʻzini toʻsmang.
Marhum aka yoki uka oldidagi burch
5 Agar birga yashayotgan aka–ukalarning bittasi oʻlsa–yu, uning oʻgʻli boʻlmasa, marhumning xotini begonaga turmushga chiqmasin. Marhumning akasi yoki ukasi bevani oʻziga xotin qilib olsin. Uning oldida qaynagʻalik vazifasini bajarsin. 6 Oʻsha ayol tuqqan toʻngʻich oʻgʻil marhum aka yoki ukaning nomini olib yuradi. Shunda marhumning nomi Isroildan oʻchib ketmaydi. 7 Agar oʻsha odam marhum akasi yoki ukasining bevasiga uylanishni xohlamasa, beva ayol shahar darvozasiga borib, oqsoqollarga aytsin: “Qaynagʻam tugʻishganining nomini Isroil xalqi orasida tiklashni rad qilyapti, men uchun qaynagʻalik vazifasini bajarishni istamayapti.” 8 Shunda shahar oqsoqollari oʻsha odamni chaqirib, u bilan suhbatlashsin. Agar oʻsha odam: “Men bu ayolga uylanishni xohlamayman”, deb turib olsa, 9 beva ayol qaynagʻasining yoniga borsin. Shahar oqsoqollari oldida uning chorigʻini yechsin, soʻng uning yuziga tupurib, aytsin: “Birodarining naslini tiklashni xohlamagan odamga shunday qilinadi.” 10 Isroil xalqi orasida u odamning xonadoni “chorigʻi yechilgan” deb nom oladi.
Boshqa qonunlar
11 Ikki kishi bir–biri bilan urishayotganda, ulardan birining xotini kelib, erini qutqarish maqsadida narigi erkakning nozik joyidan ushlasa, 12 oʻsha ayolning qoʻli kesib tashlansin. Unga rahm qilmanglar.
13 Qadoq toshlaringiz toʻgʻri boʻlsin, biri ogʻir, biri yengil boʻlmasin. 14 Uyingizdagi oʻlchov kosalarning hajmi toʻgʻri boʻlsin, biri katta, biri kichik boʻlmasin. 15 Toshlaringiz halol va toʻgʻri boʻlsin, oʻlchovlaringiz ham halol va toʻgʻri boʻlsin. Shunda Egangiz Xudo sizlarga beradigan yurtda umringiz uzoq boʻladi. 16 Gʻirromlik qiladiganlarning hammasidan Egangiz Xudo jirkanadi.
Omolek xalqini oʻldirish haqida buyruq
17 Misrdan chiqayotganingizda yoʻlda Omolek xalqi sizlarga nima qilganini esingizdan chiqarmang. 18 Sizlar charchab, holsizlanib qolganingizda, ular Xudodan qoʻrqmay sizlarga hujum qilgan edilar. Orqangizda kelayotgan hamma holdan toyganlarni oʻldirgan edilar. 19 Egangiz Xudo sizlarga yurtni mulk qilib berganda, dushmanlaringizni yengib, har tarafdan osoyishtalik ato qilganda, Omolek xalqini halok qilib, ularning nomini yer yuzidan oʻchiringlar. Bunday qilishni unutmanglar!