14–BOB
Azadorlarga man etilgan odatlar
1 Sizlar Egangiz Xudoning farzandlarisiz. Marhumga aza tutganingizda badaningizni tilmang, sochingizning oldini qirmang . 2 Sizlar Egangiz Xudoning muqaddas xalqisiz. Egamiz yer yuzidagi barcha xalqlar orasidan sizlarni Oʻz xalqi, Oʻz xazinasi qilib tanlab oldi.
Halol va harom hayvonlar
3 Jirkanch hayvonlarning goʻshtini yemang. 4 Mana bu hayvonlarni yesangiz boʻladi: mol, qoʻy, echki, 5 ohu, kiyik, bugʻu, yovvoyi echki, zubr, jayron, arxar. 6 Ayri tuyoq va kavsh qaytaradigan har qanday hayvonni tanovul qilishingiz mumkin. 7 Lekin kavsh qaytaradigan yoki ayri tuyoq hayvonlardan tuya, quyon va sugʻurni yemanglar, ular kavsh qaytarsa ham, tuyogʻi ayrilmagan. Bu hayvonlar sizlar uchun haromdir. 8 Choʻchqani ham yemanglar, uning tuyogʻi ayrilgan, lekin kavsh qaytarmaydi. U sizlar uchun haromdir. Bu hayvonlarning goʻshtini yemanglar, murdasiga ham tegmanglar.
9 Suvda yashaydigan suzgichi va tangachalari bor har qanday jonivorni yesangiz boʻladi. 10 Suzgichi va tangasi boʻlmaganlarini yemang, ular sizga haromdir.
11 Halol qushlardan xohlaganingizning goʻshtini yesangiz boʻladi. 12 Quyidagi qushlarning goʻshtini yeyish mumkin emas: qumoy, boltayutar, tasqara, 13 qirgʻiy, qizil kalxat va uning zoti, 14 qargʻa zoti, 15 tuyaqush, lochin, quloqli ukki, qarchigʻay va uning zoti, 16 yapaloq qush, boyoʻgʻli, oq boyoʻgʻli, 17 birqozon, joʻrchi, baliqchi ukki, 18 laylak, oq qarqara va uning zoti, sassiqpopishak, koʻrshapalak. 19 Qanotli hasharotlar sizlarga haromdir, ularni yemanglar. 20 Ammo baʼzi turdagi qanotli hasharotlarni yeyishingiz mumkin .
21 Oʻlimtikni yemang, uni shahringizda yashagan musofirga bering, u yeyaversin, yoki oʻlimtikni begonaga soting, sizlar Egangiz Xudoning muqaddas xalqisiz.
Uloqchani oʻz onasining sutida qaynatmang .
Ushr berish haqida qonun
22 Har yili dalangizda oʻsadigan hamma narsadan, ekiningizning hosilidan oʻndan birini ajratinglar. 23 Bu ushrlaringizni Egangiz Xudo Oʻzi ulugʻlanishi uchun tanlaydigan joyga olib boringlar. Doningiz, sharobingiz va zaytun moyingizning ushrlarini, mol va qoʻylaringizning birinchi tugʻilgan bolalarini Uning huzurida yenglar. Shunday qilib, Egangiz Xudodan har doim qoʻrqishni oʻrganasizlar. 24 Agar Egangiz Xudo tanlaydigan bu joy sizdan uzoq boʻlsa, shu sababdan Egangiz bergan barakaning ushrini u yerga olib bora olmasangiz, 25 oʻsha narsalaringizni kumushga almashtiring. Kumushni olib, Egangiz Xudo tanlaydigan joyga boring. 26 Mana shu kumushga koʻnglingiz tusagan narsani: mol, qoʻy, sharob, oʻtkir ichimlik va koʻnglingiz xohlagan hamma narsani sotib olib, u yerda Egangiz Xudo huzurida yeb, oilalaringiz bilan xursandchilik qilinglar.
27 Shahringizda yashagan levilarni unutib qoʻymanglar, ularning siznikiga oʻxshagan ulushi ham, mulki ham yoʻqdir. 28 Har uchinchi yil oxirida oʻsha yili olgan hosilingizning oʻndan bir qismini toʻliq olib, shahringizdagi omborlarda saqlab qoʻyinglar. 29 Ulushi ham, mulki ham boʻlmagan shahringizdagi levilar, shuningdek, musofir, yetim va bevalar kelib, yeb toʻyadi. Shunda qilgan har bir ishingizga Egangiz Xudo baraka beradi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020